Asl do‘stlik va birodarlik mana shunday bo‘ladi – Aliyev Qozog‘istonga minnatdorlik bildirdi

Jahon 11:25 / 30.12.2024 9733

Ozarboyjon prezidenti Ilhom Aliyev Ozarboyjon televideniyesiga Azerbaijan Airlines samolyotining halokati bo‘yicha bergan intervyusida Qozog‘istonga minnatdorlik bildirdi.

«Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevga minnatdorlik bildirish uchun qo‘ng‘iroq qildim. Chunki hodisa sodir bo‘lishi bilanoq qozog‘istonlik qutqaruvchilar zudlik bilan voqea joyiga yetib borib, samolyot fyuzelyajidan odamlarni olib chiqishga kirishganini bildik. Ular hayotini xavf ostiga qo‘yishdi. Chunki ular yana portlash bo‘ladimi yoki yo‘qmi, bilishmasdi. Chunki samolyotning bir qismi yonayotgandi va bu qismi ham yonib ketishi mumkin edi. Ammo, shunga qaramay, ular haqiqiy qahramonlik ko‘rsatdilar. Ayni paytda tibbiyot xodimlarining faoliyati ham juda qadrli bo‘ldi. Chunki jarohatlangan yo‘lovchilar zudlik bilan tibbiy markazlarga yetkazildi va buning uchun prezident To‘qayevga o‘z minnatdorligimni bildirdim», dedi Aliyev.

Ozarboyjon rahbari qozog‘istonliklarning fojiaga bildirgan munosabatlaridan ta’sirlanganini aytib, bu haqiqiy do‘stlik va birodarlik ekanini aytdi.

«Qozoq qardoshlarimiz birdamligining namoyon bo‘lishi Ozarboyjon xalqi qalbida katta iz qoldirganini bilaman. Oddiy fuqarolar Oqtovdagi konsulligimizga kelib, gul qo‘yishdi, o‘z his-tuyg‘ularini izhor qilishdi, biz bilan birdamlik izhor qilishdi. Haqiqiy do‘stlik va birodarlik mana shunday bo‘ladi», dedi Aliyev.

Ilhom Aliyev aviahalokat sabablarini aniqlash bo‘yicha xalqaro ekspertiza tergovi zarurligini, Qozog‘iston tarafi buni qabul qilganini ta’kidladi.

«Prezident To‘qayev bilan suhbat chog‘ida men Ozarboyjonning tergov bo‘yicha pozitsiyasini ham bayon qildim va biz xalqaro ekspertiza tarafdori ekanimizni, buni MDH Davlatlararo aviatsiya qo‘mitasi ixtiyoriga qo‘yib bo‘lmasligini aytdim. Bu pozitsiyamiz tushunish bilan kutib olindi. Tabiiyki, davlat idoralarimiz vakillari, komissiya a’zolari va rahbarlari, prokuratura vakillari doimiy aloqada bo‘lib turibdi. Qozog‘iston o‘z navbatida Davlat komissiyasini tuzdi va bu haqda prezident To‘qayev menga aytib berdi. Tabiiyki, ular ham masalani batafsil ochib berishni xohlashadi va harakat qilishadi», dedi Aliyev.

Ozarboyjon prezidenti bu hodisadan keyin ikki davlat o‘rtasidagi do‘stlik va birodarlik yanada mustahkamlanishini aytdi.

«Shu bilan birga, men ham prezident To‘qayevga hamdardlik bildirdim, chunki aviahalokatda olti nafar Qozog‘iston fuqarosi halok bo‘ldi. U ham menga hamdardlik bildirdi. Ya’ni, bu voqea qanchalik jiddiy bo‘lmasin, bu yana sinov masalasi ham edi. Ya’ni, bu sinovdan kim va qanday o‘tadi? Bu fojiaga qaramay, Qozog‘istonda ham shunday fikr borligini ko‘rib turibman va bundan xursandman. Bu og‘ir vaziyatdan keyin do‘stligimiz, birodarligimiz yanada mustahkamlandi», dedi Aliyev.

Ilhom Aliyev Ozarboyjon televideniyesiga bergan intervyusida halokat sabablarining dastlabki versiyalari samolyotga Rossiya hududida «tashqi ta’sir bo‘lganini» ko‘rsatganini, shikastlangan samolyot nega Qozog‘istonning Oqtov shahriga parvoz qilgani haqidagi fikrlarini, Boku Moskvadan «kechirim so‘rashni, aybiga iqror bo‘lishni, aybdorlarni jazolab, tovon to‘lashni» talab qilganini ham aytgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: