UQK bosh qo‘mondoni Sirskiy Kursk oblastiga bordi

Jahon 09:14 / 02.01.2025 12242

1 yanvar, chorshanba kuni Ukraina Qurolli kuchlari bosh qo‘mondoni Aleksandr Sirskiy Ukraina qo‘shinlari nazoratida bo‘lgan Rossiya Federatsiyasining Kursk oblasti hududiga tashrif buyurdi.

Sirskiy: Kursk oblastida 38 ming RF askari halok bo‘ldi

«Ukraina harbiylarining qahramonona harakatlari dushmanni o‘z hududida katta kuchlar guruhini ushlab turishga va zaxiralarni boshqa yo‘nalishlardan o‘tkazishga majbur qildi, sizning qat’iyatingiz va jasoratingiz tufayli dushmanning Kursk oblastidagi yo‘qotishlari 38 mingdan ortiq kishini tashkil etdi. mingdan ortiq texnika ham yo‘qotildi», — deb yozdi harbiy rahbar Telegramʼda.

Uning qo‘shimcha qilishicha, Kursk oblastida 700 nafar rus askari asirga olingan. Ular almashinuv fondini to‘ldirishdi, buning yordamida ukrainalik askarlarni vatanga qaytarish mumkin, dedi Sirskiy. U «okkupantlar qanday pasportga ega bo‘lishidan qat’i nazar, ularni yo‘q qilishni davom ettirishga» va’da berdi.

Sirskiy tomonidan e’lon qilingan kadrlarga qaraganda, u 225-hujumkor batalon, shuningdek, Ukraina Qurolli kuchlarining 82-havo hujumi brigadasi joylashgan joyga tashrif buyurdi.

UQKning Kursk oblastidagi operatsiyasi

Ukraina qo‘shinlari 6 avgust kuni Kursk oblastiga kirib, o‘nlab aholi punktlarini, jumladan Sudja shahrini tezda nazorat ostiga oldi. Kiyevning ta’kidlashicha, Rossiya adolatli tinchlikka rozi bo‘lsa, harbiy amaliyot to‘xtatiladi.

Reuters agentligining noyabr oyida xabar berishicha, Ukraina o‘shandan beri Kursk oblastida bosib olingan hududning 40 foizini yo‘qotgan. Dekabr oyi oxirida Bloomberg AQShdagi manbalariga tayanib, Ukraina qurolli kuchlari 2025 yilda Kursk oblastini tark etishi mumkinligini yozgan edi.

Ko‘proq yangiliklar: