Rossiyada Yangi yil oldidan video tarqalmoqda, unda Rossiya havo mudofaasi Moskva Kremli ustida raketa bilan Santa-Klaus chanasini urib tushirgan. Videoda yangi yildagi Moskva tasvirlari bug‘ular bo‘lgan chanada shahar uzra uchayotgan Santa-Klaus bilan almashadi. Uning qo‘lida Coca-Cola bankasi, chanasida esa NATO emblemasi tushirilgan bir nechta raketalar bor. Keyingi kadrda yosh havo mudofaa tizimi jangchisi raketa bilan chanani urib tushiradi, shundan so‘ng uning yonida o‘tirgan Qor bobo: «To‘g‘ri, bizga osmonimizda begona narsa kerak emas», dedi. Video ekrandagi «Yangi yilingiz bilan, rossiyaliklar!» matni bilan tugaydi.
Video Rossiya targ‘ibot kanallari tomonidan tarqatilmoqda, deb xabar berdi «Ostorojno, novosti» nashri 27 dekabr, juma kuni. Nashrning yozishicha, videoda havo hujumidan mudofaa tizimi operatori rolini yosh aktyor Dmitriy Melnikov ijro etgan. «Ostorojno, novosti» bilan suhbatda u shartnoma shartlaridan kelib chiqib, video muallifining ismini ayta olmasligini aytdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu video avvalroq suratga olingan va Qozog‘istonning Oqtov shahridagi aviahalokatga hech qanday aloqasi yo‘q.
Qozog‘istonda AZAL layneri halokati versiyalariga hozircha baho berilmadi
Qozog‘iston rasmiylari hozircha Azerbaijan Airlines (AZAL) samolyotining Oqtov shahri yaqinida halokatga uchragani haqidagi versiyalarni baholashdan o‘zini tiyib turibdi. «Biz bugungi kunda hech qanday versiyani tasdiqlay yoki rad eta olmaymiz», dedi Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari, aviahalokat sabablarini o‘rganish bo‘yicha hukumat komissiyasini boshqarayotgan Kanat Bozumbayev 26 dekabr kuni Tengrinews muxbiriga. Keyinchalik, Oqtovda bo‘lib o‘tgan brifingda u «hech qanday versiyani rad etib bo‘lmaydi», deb takrorladi. Bozumbayevning so‘zlariga ko‘ra, Qozog‘istonda sodir bo‘lgan voqeaning rasmiy versiyasi yo‘q, Rossiya va Ozarboyjon o‘zlarinikini taqdim qilmagan.
«Ular bizga samolyot qush bilan to‘qnashgani yoki ichida portlash bo‘lgan degan xulosaga kelganda, tergov yakuniga yetkaziladi... Jurnalistik taxminlar va tadqiqotlar hukumatdagi ba’zi manbalarga asoslanadi. Ozarboyjonlik hamkasblar bilan aloqadamiz. Hech kimda hech qanday versiya yo‘q, hozircha hech qanday versiyani na Rossiyadan, na Ozarboyjondan olganimiz yo‘q», — dedi Qozog‘iston bosh vaziri o‘rinbosari.