Toshkentda O‘zbekiston va Misr o‘rtasida savdo-iqtisodiy va ilmiy-texnikaviy hamkorlikni rivojlantirish bo‘yicha hukumatlararo komissiyaning 7-yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi, deb xabar qildi Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligi.
Majlis 2009 yildagi so‘nggi tadbirdan keyin 15 yil ichida birinchi marta o‘tkazildi. Delegatsiyaga O‘zbekiston tomonidan investitsiyalar, sanoat va savdo vaziri Laziz Qudratov, Misr tomonidan esa rejalashtirish, iqtisodiy rivojlanish va xalqaro hamkorlik vaziri Raniya al-Mashat boshchilik qildi.
O‘zbekiston investitsiyalar vaziri to‘siqlarni bartaraf etish orqali yaqin yillarda Misr bilan savdo aloqalarini chuqurlashtirishga tayyorligini bildirdi. Shuningdek, u O‘zbekistonning Qohiradagi Xalqaro kitob yarmarkasiga taklif etilgani uchun minnatdorlik bildirdi.
Laziz Qudratov O‘zbekiston Misr kompaniyalarining 2025 yilda o‘tkaziladigan ko‘rgazmalarda ishtirok etishidan, shuningdek, kichik va o‘rta biznes o‘rtasidagi hamkorlikni soddalashtirish uchun raqamli savdo platformalarini yaratishdan manfaatdor ekanini ta’kidladi. Shuningdek, u xususiy sektorni mustahkamlash uchun O‘zbekiston-Misr ishbilarmonlar kengashini tuzish g‘oyasini qo‘llab-quvvatladi.
Sessiya yakunida tomonlar bir nechta anglashuv memorandumlari va bitimlarini imzoladi:
- O‘zbekiston Ekologiya, atrof-muhitni muhofaza qilish va iqlim o‘zgarishi vazirligi bilan Misr Atrof-muhit vazirligi o‘rtasida atrof-muhitni muhofaza qilish sohasidagi texnik hamkorlik bo‘yicha;
- Ayn-Shams universiteti va Toshkent davlat sharqshunoslik universiteti o‘rtasida;
- Misr qadimiy yodgorliklari oliy kengashi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi o‘rtasida;
- O‘zbekistonning Samarqand viloyati bilan Misrning Aleksandriya provinsiyasi o‘rtasida savdo-iqtisodiy, ilmiy va madaniy aloqalarni mustahkamlash uchun;
- Farmatsevtika sanoatini rivojlantirish agentligi va ACDIMA kompaniyasi o‘rtasida.