“Bir o‘limdan qolgan qizaloq”: Farg‘onada enagaga topshirilgan bola o‘lasi qilib kaltaklandi

Jamiyat 16:55 / 28.12.2024 11754

Farg‘ona shahrida yashovchi Muqaddas G‘aniyeva turmushi buzilib ota uyiga qaytib keladi. Ota uyida akasi va ichkuyov bo‘lgan ikkinchi turmush o‘rtog‘i bilan chiqishi olmay ko‘chada qoladi. Ish va boshpana topa olmagan mushtipar ona noilojlikdan 6 yashar o‘g‘li Azizbek va 2 yarim yashar qizi Imronaxonni enagaga topshirib o‘zi Rossiyaga ishlash uchun ketadi. Enaga esa qizaloqni do‘pposlab bosh qismi va butun tanasiga jiddiy jarohat yetkazadi.

Odamning olasi ichida deyishadi. Enaga va uning turmush o‘rtog‘i murg‘ak qizni kaltaklab, unga azob berishgan. Qiynoqlarning guvohi bo‘lgan qizaloqning akasi Azizbek esa qo‘rqitilgan.

Tinimsiz kaltaklanishlar ortidan Imronaxonning boshiga qon yig‘ilgan, peshona suyagi yorilgan, tanasi momataloq bo‘lgan. Reanimatsiya bo‘limida miyasidan qon olinib, uning hayoti saqlab qolindi. Lekin qizchani kaltaklagan enaga va uning turmush o‘rtog‘iga hech qanday chora ko‘rilmadi. Aniqrog‘i, chora ko‘radigan biror tashkilot topilmadi.

Ayni paytda Imronaxon va Azizbek onasining yaqin tanishi bo‘lgan ayol qaramog‘ida. Reanimatsiyadan chiqqan qizaloqda tinimsiz kaltaklanishning jiddiy asoratlari qolgan. Tana harorati ko‘tarilganda yuzlari ko‘karib qolyapti. Muqaddas G‘aniyeva hamon Rossiyada. U bo‘lib o‘tgan voqeadan qattiq qayg‘uga tushgan. Vataniga qaytishning imkonini topa olmayotgan mushtipar ona chorasiz holatda.

Muqaddas G‘aniyeva

Aka-singilga o‘z uyidan joy berib ularga g‘amxo‘rlik qilib kelayotgan ayol bo‘lib o‘tgan voqeani so‘zlab berdi.

“Imronaxon va uning akasi Azizbekni o‘tgan yili menga tashlab onasi Rossiyaga ishlash uchun ketgan edi. Muqaddasxon 1987 yil. Turmushi bo‘lmagan, ikkita farzandi bilan ota uyiga sig‘may, ko‘chalarda yurdi, qiynaldi hammadan yordam so‘rab. Noilojlikdan ketgan edi-da Rossiyaga.

Bolalarga bir yil qaradim. Oradan bir muddat o‘tib boshqa enaga topilganini aytishib ularni olib ketishdi.

Kunlarning birida Muqaddasxondan qo‘ng‘iroq bo‘ldi. Bu safar uning ovozi xavotirli, titrab gapirardi. U Imronaxon yiqilib tushib peshonasi g‘urra bo‘lgani, yangi topilgan enaga bolasini negadir Telegram orqali ko‘rsatmayotgani haqida aytdi.

Keyin bilishimcha Xanifa ismli enaga ayol Azizbek va singlisiga qarayotgan ekan. Muqaddasxonning iltimosiga ko‘ra enaganing uyiga borib, tilxat yozib berib Azizbek va Imronaxonni olib ketish uchun kelganimni aytdim. Qizchani olib chiqib berishdi.

Qizaloqning boshida shapkasi bor edi. Avvaliga holatga ahamiyat bermadim. Bolaning yuzini ko‘rish uchun mashinaning ichki chirog‘ini yoqib esa dahshatga tushdim. Kaltak zarbidan bolaning ko‘zlari shishib yumilib ketgan edi. Boshi esa dokada mahkam siqib bog‘langan, shapkada edi.

Bolani uyga olib keldim. Shapka va dokani yechiboq hushimdan ketay dedim. Doka yechilishi bilan qizchaning boshi ikki tomonga oqib ketdi. Boshini ushlasam qo‘lim ichiga kirib ketdi. Bechoraning holatini ko‘rib beixtiyor dod deb baqirib yig‘ladim. Imronaxon jiddiy jarohat olib boshiga qon to‘plangan edi.

Darhol Telegram'dan Rossiyaga chiqib onasiga bo‘lgan voqeani tushuntirdim. Muqaddasxon ham qizini ko‘rib dodlab yubordi. Enaga nima uchun qizchani hech kimga ko‘rsatmayotgani endi oydinlashgandi...

Taksi chaqirib bolani darhol tez tibbiy bo‘limga olib ketdim. Imronaxonning holatini ko‘rib shifokorlar uni zudlik bilan reanimatsiyaga olib kirib ketishdi. Bo‘limda bolaning boshidan eski yig‘ilib qolgan bir shisha qon olishdi.

Reanimatsiyada qizaloqqa olti kun qarab yotdim.

Holat yuzasidan IIBga murojaat qildik. Azizbekni tergovchilar olib ketishib so‘roq qilishdi. Azizbekning aytishicha, Imronaxon tagini ho‘llab qo‘yadigan bo‘lsa enaga vannaga suv to‘ldirib ichiga solib qo‘yarkan. Jazo sifatida qorong‘i vannaxonaga qamab qo‘yib boladan alamini olarkan. Murg‘ak bolani yoqasidan olib ko‘tarib yerga otishar ekan. 6 yosh akasi menga barchasini aytib berdi. Uning gaplariga ishondim. Yosh bola yolg‘on gapirmaydi-ku. Odamzod shunchalik vahshiylashib ketganmi?! Go‘dak qizaloqda nima ayb?!

Azizbek singlisi Imronaxon bilan

Bola bir o‘limdan qoldi. Bosh suyaklari sinib ketgan. Badanida kaltak izlari bor. Harorati ko‘tarilganda yuz sohalari ko‘karib ketyapti. Eng achinarlisi, uni kaltaklagan enaga va turmush o‘rtog‘i hech narsa bo‘lmagandek bemalol yashab yuribdi. Enagalar bola kaltaklangan emas, zinadan yiqilgan deyishyapti. Bu haqiqatga to‘g‘ri kelmaydi. Bolani xo‘rlaganlarga jazo bormikan? IIB ham holatga panja ortidan qarayapti. Onasi kelgunicha o‘zim qarab turibman. Lekin bolaning jarohat izlarini ko‘rib qo‘rqib yashayapman. Bexosdan tana harorati ko‘tarilib yuzlari ko‘karib qolyapti. Bular kaltaklanishning jiddiy alomati”, – deydi u.

***

Enagani topib gaplashish, holat bo‘yicha izoh olish uchun Farg‘ona shahri Said Ahmad ko‘chasi 50-A uyning 5-xonadoniga ikki marta bordik.

Lekin ularni topa olmadik. Eshikni hech kim ochmadi. Qo‘ni-qo‘shnilar va uy boshqaruvchi bilan gaplashganimizda bolani kaltaklagan er-xotin uyda ijarada yashashi, uyning egasi asli quvalik ekanini aytdi. Eng achinarlisi, “Madadkor” MFYga borib holatni o‘rganmoqchi bo‘lganimizda mahalla faollari bo‘lib o‘tgan mudhish hodisa yuzasidan izoh bera olmasligini aytishdi. O‘zini Shavkat deb tanishtirgan mahalla raisi ham, mahalla faoli ham u uyda kim yashashi-yu, nimalar bo‘lib o‘tganidan xabarlari yo‘q ekan.

***

Ayni paytda Rossiyada ishlayotgan Imronaxonning onasi Muqaddas G‘aniyeva bilan bog‘landik. U yashash joyi va munosib ish bo‘lsa tez fursatda O‘zbekistonga qaytishini, yetarli puli yo‘qligi sabab vataniga qayta olmayotganini aytdi. Uning qo‘shimcha qilishicha, enaganing bunday vahshiylarcha do‘pposlashi xayoliga ham kelmagani uchun qizaloqni ularga topshirib ketgan. “Imronaxonga azob berganlar jazo olishini talab qilaman”, – deydi ona.

**

Respublika shoshilinch tibbiy yordam ilmiy markazi Farg‘ona filiali Bolalar qo‘shaloq tan jarohatlari bo‘limi shifokori G‘ayratjon Hotamovning aytishicha, muolajalardan keyin bolaning holati yaxshi tomonga o‘zgara boshlagan.

G‘ayratjon Hotamov

“G‘aniyeva Imronaxon shifoxonaga 24 noyabr kuni og‘ir ahvolda olib kelindi. Bemor og‘ir holatda bo‘lgani uchun bolalar reanimatsiyasi bo‘limida yotqizilgan. U karaxt holatda edi. Uning bosh qismida kattagina shish bor edi. Peshona suyagi ham singandi. Qizaloqning boshidan yarim litrga yaqin yig‘ilib qolgan eski qonni olib tashladik. Bolaning bosh va tana qismlarida jarohat alomatlari bor edi”, – deydi shifokor.

Uchastka noziri bilan gaplashganimizga holat tergov jarayonida ekani, umumiy xulosa keyinroq qilinishi haqida ma’lum qildi.

Azizbek esa singlisi bilan birga onasi bag‘rida yashashni, ko‘p o‘yinchoqlari bo‘lishini, ularning ham hamma qatori issiq uyi bo‘lishini orzu qilishini aytib ko‘zidan duv-duv ko‘z yoshlari oqdi...

PS: Ko‘pchilik hamyurtlarimizning bolalarga yordam ko‘rsatish haqidagi takliflarini inobatga olib xozir ular yashayotgan xonadon manzilini qoldiramiz: Farg‘ona shahri,  “4-Tinchlik” MFY Bo‘ston ko‘chasi 159-uy.
Mo‘ljal: Qozonxona  yonidagi uy, xonadon bekasi Gulnozaxon Yo‘ldosheva

Sarvar Ziyoyev, Kun.uz
Montaj ustasi: Sardor Mamirov

Ko‘proq yangiliklar: