Fitso gaz tranziti tufayli ukrainaliklarga yordamni to‘xtatish bilan tahdid qildi

Jahon 08:05 / 03.01.2025 5266

Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso ukrainalik qochqinlarni qo‘llab-quvvatlashni kamaytirish bilan tahdid qildi, bunga Kiyev «Gazprom» bilan Rossiya gazini Ukraina orqali yetkazib berish bo‘yicha kelishuvni uzaytirmagani sabab bo‘ldi. Siyosatchi bu so‘zlarni 2 yanvar, payshanba kuni Facebookʼda e’lon qilingan videomurojaatida aytdi.

Fitso Zelenskiyni «sabotaj»da aybladi

«Men SMER-SD partiyam koalitsiyada elektr energiyasini yetkazib berishni to‘xtatish va Slovakiyada Ukraina fuqarolarini qo‘llab-quvvatlashni sezilarli darajada qisqartirish bo‘yicha muhokama qilishga tayyorligini e’lon qilaman», — deya Reuters Fitso nutqining slovak tilidan tarjimasini taqdim etdi.

«Suveren Slovakiya uchun yagona muqobil — bu tranzitni qayta tiklash yoki deyarli 500 million yevro miqdoridagi davlat daromadlarining yo‘qotilishini qoplaydigan kompensatsiya mexanizmlarini talab qilish», — deya qo‘shimcha qildi siyosatchi.

U Ukraina orqali gaz tranzitining to‘xtatilishini Volodimir Zelenskiy tomonidan «sabotaj» deb atadi. «Ukraina prezidenti V.Zelenskiy Slovakiya Respublikasining davlat moliyasiga zarar yetkaza boshladi. Slovakiya suveren davlat ekanligini ko‘rsatishi kerak», — deb yozdi Fitso Facebookʼdagi video ostida.

Zelenskiy: Slovaklarga RFdan gaz uchun tovon puli taklif qilingan

Ukraina Slovakiyaga Rossiya gazining Ukraina orqali tranzitini bekor qilish bilan bog‘liq yo‘qotishlar uchun kompensatsiya to‘lashni, shuningdek, Yevropa Ittifoqidan muqobil yetkazib berishni topishda yordam berishni taklif qildi, biroq Slovakiya bosh vaziri Robert Fitso barcha takliflarni rad etdi. «Biz buni qilishga tayyor edik, Fitso slovakiyaliklar uchun tovon pulini istamadi va u negadir Moskvani foydaliroq deb hisoblaydi», — dedi Ukraina prezidenti 23 dekabr kuni. U bu taklif «aynan slovaklar uchun» berilganini ta’kidladi.

Ukraina prezidenti Fitsoni Rossiya prezidenti Vladimir Putin bilan «maxfiy kelishuvlari»da va «pul uchun kurashayotganlikda, ammo bu pullar Slovakiya uchun nazarda tutilmaganlikda» aybladi. «Bu davlat manfaatlari yo‘lida savdo qilish yoki o‘z cho‘ntagiga ishlash», — deya xulosa qildi Zelenskiy. Shuningdek, u Slovakiya bosh vazirining harakatlari sabablarini «Yevropada tushunmayotgan odamlar yo‘qligini» ta’kidladi.

Ko‘proq yangiliklar: