Avstraliyada maktab bitiruvchilariga atom suvosti kemasidan ish taklif qilinmoqda

Jahon 11:58 / 26.12.2024 1809

Seek veb-saytida e’lon qilingan ish taklifi maktab bitiruvchilari, talabalar va har qanday kasb egalariga atom suv osti kemasida xizmat qiluvchi ofitser lavozimi uchun ariza topshirishni tavsiya etadi.

To‘liq ish kuni uchun 100 mingdan 120 ming Avstraliya dollarigacha (62 mingdan 75 ming AQSh dollarigacha) maosh taklif etiladi. Ish joyi Melburn shahrida joylashgan.

Harbiy dengiz kuchlarining atom suvosti kemalari ofitserlari kemani boshqarish, yadro reaktorlarini ishlatish va kemani taktik joylashtirish kabi vazifalarni bajaradi.

The Guardian yozishicha, yangi kelganlar avvaliga stajyor sifatida qabul qilinadi, ammo Avstraliya Mudofaa vazirligi vakillari keyinchalik ularga kemani boshqarish huquqi berilishini va’da qilmoqda. Ofitser bo‘lish va unvon olishdan oldin nomzodlar AQShda tayyorgarlik kurslaridan o‘tishi kerak bo‘ladi. Bunga 12 oy ketadi. Shundan so‘ng ular amaliy ko‘nikmalarni egallash uchun dengiz suvosti kemasiga yuboriladi.

Iyun oyida Avstraliya qo‘shin safini kengaytirish maqsadida chet ellik fuqarolarni jalb qilish orqali armiyaga qabulni kengaytirganini e’lon qildi. Avstraliya armiyasiga qo‘shilish huquqi Five Eyes (Avstraliya, Kanada, Yangi Zelandiya, Buyuk Britaniya va AQShni o‘z ichiga olgan razvedka alyansi) mamlakatlaridan kelgan va Avstraliyada doimiy yashaydigan fuqarolarga beriladi.

Ko‘proq yangiliklar: