Zomin aeroporti hozirgi kunda yo‘lovchilarga xizmat ko‘rsatishni vaqtincha to‘xtatib turibdi, deya ma’lum qildi O‘zgidromet.
Qayd etilishicha, aeroportda katta aviabortlarni qabul qilish bo‘yicha ikkinchi bosqich ta’mirlash va qayta jihozlash ishlari amalga oshirilmoqda.
«Shu bilan birga, meteorologik qurilmalarni ham modernizatsiya qilish ishlari amalga oshirilayotganini ma’lum qilamiz», — deyiladi xabarda.
Ishlar qachon yakunlanishi ma’lum qilinmagan. Bu haqda qo‘shimcha ma’lumot berilishi aytilgan.
Eslatib o‘tamiz, Jizzax viloyatidagi Zomin aeroporti 2023 yilning sentabrida foydalanishga topshirilgandi. Aeroport 30 o‘ringa mo‘ljallangan yo‘lovchi terminaliga ega bo‘lib, qurish uchun 60 gektar yer maydoni ajratilgan. Joriy yil iyunida esa Uzbekistan Airways aviakompaniyasi Airbus A320 samolyotida Jizzax viloyatining Zomin aeroportiga sinov parvozini amalga oshirgan edi.