Rossiya Federatsiyasining ikkinchi G‘arbiy okrug harbiy sudi teleboshlovchi Tatyana Lazarevani «terrorizmni oqlash»da aybdor deb topib, sirtdan olti yarim yilga umumiy rejimdagi koloniyaga hukm qildi. Hukm haqida 24 noyabr, chorshanba kuni Rossiya axborot agentliklari xabar berdi.
Tatyana Lazareva Rossiya hukumatini bir necha bor tanqid qilgan va Ukrainadagi keng ko‘lamli urushga ochiqchasiga qarshi chiqqan. 2022 yilning fevral oyidan beri Rossiya Federatsiyasidan tashqarida bo‘lgan teleboshlovchiga nisbatan tayinlangan jazo u hibsga olingan yoki Rossiyaga ekstraditsiya qilingan paytdan e’tiboran hisobga olinadi, deya ta’kidlaydi «Interfaks» davlat agentligi.
2024 yil may oyida Rossiya Ichki ishlar vazirligi Lazarevaga qarshi jinoiy ish qo‘zg‘atdi va bir oy o‘tib uni xalqaro qidiruvga berdi. Teleboshlovchi Ukrainaning uchuvchisiz uchoqlarining Rossiyadagi nishonlarga zarbalari haqidagi so‘zlari tufayli «terrorizmni oqlash»da ayblangan. «Bu dahshatli, lekin men xursandman», dedi Tatyana Lazareva 2023 yil avgust oyida «I gryanul Grem» YouTube-kanaliga bergan intervyusida.
2022 yilning yozida Lazareva Rossiyada «chet el agenti» deb e’lon qilindi. Shu yilning iyun oyida Rosfinmonitoring uni «terrorchilar va ekstremistlar» ro‘yxatiga kiritdi.
RF rasmiylari teleboshlovchi Tatyana Lazarevani xalqaro qidiruvga berdi
Teleboshlovchi Tatyana Lazareva «terrorizmni oqlash» ishi bo‘yicha xalqaro qidiruvga berildi, deb xabar qildi Rossiya matbuoti 11 oktyabr kuni sud hujjatlariga tayanib. Ulardan ma’lum bo‘lishicha, Lazareva 3 iyuldan beri qidiruvda. Avvalroq xorijda yashovchi teleboshlovchi 10 iyul kuni Moskvaning Zamoskvoretskiy sudi tomonidan sirtdan hibsga olingani xabar qilingandi.
Tatyana Lazarevaga qarshi jinoiy ish Davlat dumasi deputati Andrey Alshevskixning «Ukraina uchuvchisiz uchish apparatlarining Rossiya Federatsiyasi hududidagi nishonlarga hujumlari haqidagi bayonotlari» munosabati bilan bergan arizasi ortidan ochilgan.