Lyuksemburgning buyuk gersogi Anri keyingi yil taxtdan voz kechmoqchi ekanini ma’lum qildi. Uning aytishicha, to‘ng‘ich o‘g‘li Giyom 2025 yil 3 oktyabrdan boshlab davlat rahbarligi majburiyatlarini o‘z zimmasiga oladi.
«Men oxirgi marta davlat rahbari sifatida rojdestvo nutqini so‘zlamoqdaman», — deydi gersog.
«Ortga nazar tashlar ekanman, o‘tgan qariyb 25 yilimga minnatdorchilik va tavoze bilan qarayman. Bu Lyuksemburg rivojlanishga erishgan davr bo‘ldi va men sizlar bilan birga ushbu sayohatning bir qismi bo‘lganimdan xursandman», — deya ta’kidlaydi u.
Buyuk gersog Anri 69 yoshda. U gersog Jan va buyuk gersoginya Jozefina-Sharlottaning to‘ng‘ich farzandi. Anri Lyuksemburg tarixidagi to‘qqizinchi buyuk gersog va Yevropadagi 12 monarxdan biri hisoblanadi. U 2000 yilda, otasi 36 yillik boshqaruvdan keyin taxtni topshirganida hokimiyat tepasiga kelgan. Gersog Jan 2019 yilning aprelida 98 yoshida vafot etgan.
Gersog Anri asli kubalik bo‘lgan Mariya Terezaga uylangan. Juftlikning besh nafar farzandi bor: Giyom, Feliks, Lui, Aleksandra va Sebastyan. 2020 yilning yanvarida u mahalliy OAVga ochiq murojaat bilan chiqib, rafiqasini tanqid qilishlarini to‘xtatishni so‘ragan. RTL nashri gersoginya «xohlaganini qilishi» va «hech kim unga qarshilik ko‘rsatmasligi» haqida yozgan. Letzebuerger Land nashri u saroy xodimlariga nisbatan hurmatsizlik qilishi, Daily Mail esa 2015 yildan beri saroyning 50 dan ortiq ishchisi ishdan bo‘shab ketgani to‘g‘risida xabar bergan.