Rossiyaning Suriyadagi bazalari: ular yopilsa, nima bo‘ladi?

Jahon 22:25 / 23.12.2024 4965

Asad rejimining qulashi bilan, Rossiyaning Yaqin Sharqdagi harbiy mavjudligi so‘roq ostida qolmoqda. Xo‘sh, Suriyada RFning qanday kuchlari mavjud, ularning tarkibi va vazifasi qanday edi? Rus harbiylarining Suriyadan ketishi qanday mintaqaviy loyihalarga zamin yaratadi? Kun.uz'ning “Geosiyosat” dasturida ushbu savollarga professor Farhod Karimov javob berdi.

— Suriyaning qaysi nuqtalarida Rossiya harbiy kuchlari mavjud va ularning tarkibi qanday?

— 2015 yilda Suriyaning Rossiyaga qilgan murojaati ortidan Rossiya maxsus qonun qabul qiladi va o‘sha yilning avgust oyida Rossiya o‘zining harbiy bazasini Turkiyaning O‘rtayer dengizi bilan chegaradosh hududlarga yuboradi.

Avvaldan Tartus portida sobiq covet ittifoqidan meros harbiy baza bor edi. Shu orqali Rossiya mintaqada Bashar Asad hukumatini qo‘llab-quvvatlagan, geosiyosiy maqsadlarda ushbu portdan foydalanayotgan edi. Ya’ni mintaqada mavjud bo‘lish G‘arbiy va Shimoliy Afrikadagi hamkorlar bilan o‘ziga xos tayanch nuqtasi vazifasini bajargan.

2016 yil oxiriga kelib, Rossiya va Eronning qo‘llab-quvvatlovi asosida hozirgi Halabgacha bo‘lgan hududlar rasmiy Damashqqa qaytarilgan edi.

Rossiyaning Suriyadagi harbiy bazalaridan tashqari, o‘nlab kichik harbiy punktlar ham ruslarga foydalanish uchun topshirilgan.

Asosiy harbiy nuqtalar ikkita – Tartus porti va Latakiyadagi Hmeymim harbiy havo bazasi. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Asadni qo‘llash maqsadida uchtadan beshtagacha kreyserlar, xususan Moskva kreyseri ham ushbu portga keltirilgan.

Rossiya 2015-2024 yillar oralig‘ida Suriyaga S-400, S-300 va S-200 havo hujumidan mudofaa tizimlarini yuborgan. Shuningdek, Hmeymimdagi harbiy havo kuchlari ixtiyoriga Su-24, Su-25, Su-30, MIG-31va Il-20 kabi turli jangovar samolyotlar joylashtirilgan.

Bulardan tashqari, bir nechta fregatlar, hatto ayrim paytlarda Rossiya floti uchun muhim aviatashuvchi Pyotr I nomidagi yirik harbiy kema O‘rtayer dengiziga, Tartus portiga navbatchilik uchun chiqarilgan.

Shuningdek quruqlikdagi diviziyalar uchun sobiq ittifoq davridan qolgan T-55 yoki T-62, T-72 tanklari bilan bir qatorda, Rossiyaning 2015 yildan keyin Suriyaga harbiy yordami doirasida keltirilgan T-90 tanklari ham mavjud edi.

2018 yildagi harbiy harakatlar bo‘yicha hisobotda Rossiya Mudofaa vazirligining Suriyada doimiy ravishda 7–7,5 ming nafar askarlari bo‘lgani, umumiy amaliyot davrida esa 62 mingdan ortiq harbiylar ishtirok etgani aytilgan.

— Rossiya mintaqadan ketsa, bu qanday loyihalar ro‘yobi uchun yo‘l ochadi?

— 2000 yilda Qatar tomonidan taklif etilgan Qatar–Turkiya gaz quvuri loyihasi OAVda tez-tez tilga olinmoqda. Qatar atrofidagi dengizda aniqlangan katta gaz zaxiralarini Saudiya, Iroq va Suriya orqali Turkiya, so‘ngra Yevropaga chiqarish rejalashtirilgan edi. 2000 yilda beqarorlik girdobida qolgan Suriya tomonidan qator e’tirozlar bildirilganidan keyin, Iordaniya bilan chegaradosh hududlar orqali O‘rtayer dengiziga chiqarish masalasi ham bor edi. Yoki bo‘lmasa Iordaniyaning g‘arbiy hududlari orqali Turkiyaga chiqarish varianti ham mavjud edi.

Qatar bu loyihani amalga oshirish uchun 10 mlrd dollar investitsiya kiritishini ma’lum qilgan edi. 2008 yilda Suriya hududidagi Rossiyaning manfaatlar nuqtayi nazaridan Asad tomonidan ushbu loyiha rad etilgan va to‘xtatilgan edi. Shundan keyin bu masala ko‘tarilmagan, lekin hozirda bu loyiha yana qayta tiklanish ehtimoli bor.

Lekin 2008-2024 yillarda Qatar Yevropaga o‘zining gazini Qizil dengiz orqali O‘rtayer dengiziga yetkazish va siqilgan gaz ko‘rinishida eksport qilish tizimini joriy etdi. Hozirda bu loyihaning dolzarbligi va ahamiyati birmuncha kamaygan.

Ikkinchi loyiha quvuri esa Iordaniya orqali aynan hozirgi kunda Isroil egallab olgan Suriya hududlaridan o‘tadi. Ushbu loyihaning kelajagi hali noma’lum bo‘lib turibdi.

Hozir Suriya orqali tashiladigan gazga ehtiyoj, ya’ni buyurtmaning yo‘qligi, ikkinchisi hali Suriyaning ham o‘ziga xos noaniqligi muhim ahamiyatga ega. Chunki Suriya bugungi kundagi vaqtinchalik hukumat tomonidan to‘liq nazorat qilinmayapti: mamlakatning muhim sharqiy qismi kurdlar nazorati ostida. Bundan tashqari, hali oppozitsiya kuchlari o‘rtasida yakuniy kelishuv mavjud emas.

Shuningdek, Yevropa davlatlari energetik qaramlik nima ekanini Rossiya bosimi sabab his qilishdi, Yaqin Sharqdan keluvchi quvurlar esa Turkiya orqali o‘tadi, bu esa Turkiyada Rossiya kabi Yevropaga bosim vositasi shakllanadi degani. Yevropa Turkiyaga o‘ziga xos energetik qaramlik vujudga kelishidan xavfsiraydi.

— Ruslar mintaqadan ketib, nimalarni yo‘qotadi?

— Rossiyada “Tahrir Ash-Shom” tashkilotining tan olinishi va terroristik tashkilotlar ro‘yxatidan chiqarilishi bo‘yicha bir qator chaqiriqlar bo‘ldi. Bu yerda qanday siyosiy vaziyat bo‘lmasin, hech bo‘lmaganda Moskva uchun muhim Tartus portini saqlab qolish masalasi kun tartibiga chiqqan.

Bu – Rossiyaning Suriyada mavjudligi, uning O‘rtayer dengizi, Yaqin Sharq mintaqasi va hattoki G‘arbiy Afrikagacha bo‘lgan hududlardagi manfaatlari, geosiyosiy jarayonlarga ta’sir qilish imkoniyatlarini saqlab turishga xizmat qiladi.

Rossiya Yaqin Sharqdan siyosiy sub’yekt sifatida chiqib ketadigan bo‘lsa, bu uning boshqa hududlardagi, jumladan, Sharqiy Yevropa va Ukrainadagi pozitsiyalariga ham katta ta’sir ko‘rsatishi mumkin. Chunki muzokaralarga kirishda u o‘ziga xos qiyinchiliklarga duch kelishi va manfaatiga zid bo‘lgan talablarni qabul qilishiga majbur bo‘lishi mumkin. Shuning uchun Rossiya Suriya va boshqa mintaqalarda qolish imkoniyatlarini qidirmoqda.

NormuhammadAli Abdurahmonov suhbatlashdi.

Ko‘proq yangiliklar: