O‘zbekiston jinoiy daromadlarni legallashtirish reytingida 81-o‘rinni egalladi

Jahon 17:43 / 23.12.2024 1421

Shveytsariyaning Bazel menejment instituti pul yuvishga qarshi kurash bo‘yicha mamlakatlarning sa’y-harakatlari darajasini tahlil qiluvchi yillik Basel Anti-Money Laundering Index reytingini e’lon qildi.

2024 yilda O‘zbekiston 0 dan 10 gacha bo‘lgan shkalada 5,27 ball bilan 164 ta davlat ichida 81-o‘rinni egalladi (reytingdagi baland o‘rinlar (10 ball) mamlakatda pul yuvish xavfining yuqori darajasini, quyi o‘rinlar (0 ball) past darajasini anglatadi).

O‘zbekiston avvalgi yilga nisbatan reytingdagi o‘rnini yaxshilashga muvaffaq bo‘ldi: 2023 yilda respublika 76-o‘rinni egallagan edi.

Ushbu indeks doirasida mamlakatlar 18 ta asosiy ko‘rsatkich bo‘yicha baholanadi, jumladan, jinoiy faoliyatdan olingan daromadlarni legallashtirishga va terrorizmni moliyalashtirishga qarshi kurashish, korrupsiyaning tarqalishiga qarshi kurashish sohasidagi qonun hujjatlarining sifati, shaffoflik, siyosiy va huquqiy xavflar.

Reytingda O‘zbekistondan ham yaxshi natijalarni Gurjiston (113-o‘rin), Qozog‘iston (111-o‘rin) va Ukraina (82-o‘rin) qayd etdi.

Shuningdek, Ozarboyjon 74-o‘rinda, Belarus 53-o‘rinda, Qirg‘iziston 45-o‘rinda, Tojikiston 30-o‘rinda, Turkmaniston 23-o‘rinda joylashdi. Rossiya reytingga kiritilmagan.

Bu yil jinoiy daromadlarni legallashtirish va terrorizmni moliyalashtirish xavfi eng past bo‘lgan 5 ta davlat qatoriga San-Marino, Islandiya, Finlandiya, Estoniya va Andorra kirdi.

Eng yomon ko‘rsatkichlar Myanma, Haiti, Kongo Demokratik Respublikasi, Chad va Venesuela qayd etilgan.

Ko‘proq yangiliklar: