AQSh Xitoyning eski chiplariga nisbatan tergov boshladi

Jahon 22:11 / 23.12.2024 1022

AQSh prezidenti Jo Bayden administratsiyasi avtomobillar, maishiy texnikalar, aloqa tarmoqlari va qurollanishda foydalaniladigan Xitoyning oldingi avlod kompyuter chiplariga nisbatan tashqi savdo tergovini boshladi, deb yozadi The New York Times.

Tergov natijalaridan kelib chiqib bojlar joriy etilishi yoki Xitoy chiplarini AQShga import qilishni bloklashga bog‘liq boshqa choralar ko‘rilishi mumkin. Shu bilan birga, mazkur masala bo‘yicha qarorni AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Tramp administratsiyasi qabul qiladi.

Bunday tergovlar AQSh rasmiylariga chet el davlatlarining Amerika mahsulotlariga nisbatan kamsituvchi siyosatiga qarshi chora ko‘rish imkonini beradi. Ekspertlarning so‘zlariga ko‘ra, ular odatda olti oydan 1 yilgacha davom etadi.

O‘z navbatida Xitoy hukumati AQSh tomonidan boshlangan mazkur tergovga nisbatan norozilik bildirdi.

«Xitoy Tijorat vazirligi dushanba kuni AQShning qarori yuzasidan keskin norozilik bildirdi», — deyiladi xabarda. XXR idorasining qayd etishicha, Vashington «xalqaro qoidalarni hurmat qilishi va noqonuniy harakatlarni darhol to‘xtatishi» kerak. Shuningdek, ular tergovning ketish jarayonini diqqat bilan kuzatishlarini va o‘z huquq hamda manfaatlarini himoya qilish uchun barcha zarur choralarni ko‘rishlarini qo‘shimcha qildi.

Ko‘proq yangiliklar: