Ispaniya: «Barsa» taxtdan quladi
«Barselona» – «Atletiko» 1:2
Gollar: 1:0 – 30 Pedri, 1:1 – 60 De Paul, 1:2 – 90+6 Serlot
«Barselona» – Penya, Balde, Martines, Kubarsi, Kunde, Pedri, Kasado (Erik Garsiya, 80), Lopes (Olmo, 64), Gavi (Ferran Torres, 64), Rafinya, Levandovski.
«Atletiko» – Oblak, Galan, Langle, Ximenes (Vitsel, 52), Lorente (Le Norman, 73), Gallaxer (Koke, 62), Barrios, De Paul, Simeone (Molina, 62), Alvares, Grizmann (Serlot, 73).
Ogohlantirishlar: Vitsel (54), Le Norman (77), Ximenes (90+6).
«Barselona» mavsumning muhim o‘yinlaridan biriga asosiy yulduzi Lamin Yamalsiz chiqdi — o‘tgan mavsumda va bu mavsumda tanaffussiz o‘ynagan 17 yoshli futbolchi jarohat olgan va bir necha haftaga safdan chiqqan. Shu tufayli Hans-Diter Flik Rafinyani o‘ng qanotga o‘tkazdi, chapda Fermin Lopes tushdi. «Atletiko»da esa kadrlar muammosi yo‘qligi tufayli boshlang‘ich tarkibda hech qanday syurpriz yo‘q edi.
Simeone «Atletiko»ni 2011 yildan buyon boshqaradi, ammo o‘tgan shuncha vaqt davomida uning jamoasi «Barsa»ni barcha turnirlar doirasida jami besh martagina mag‘lub etgan va biror marta Ispaniya chempionatida ko‘k-anorranglilarni safarda yenga olmagan.
Birinchi bo‘lim mezbonlarning katta ustunligi ostida o‘tdi. «Barsa» to‘pga ko‘proq egalik qilib, raqibni pressing bilan bo‘g‘ib tashladi va o‘z darvozasi atrofida vaziyatlar yaratilishiga yo‘l qo‘ymadi. O‘yin oldidan Simeone hazilomuz qilib uning jamoasi «Barselona» ofsayd qopqoniga tushib qolmaslik uchun, hujumga o‘tmasligini aytgandi. Birinchi bo‘limda poytaxtliklar klubi aynan shu reja bo‘yicha o‘ynadi. Albatta, «Atletiko» raqib darvozasi tomon bordi, ammo biror marta zarba bera olmadi, lekin uch bor «o‘yindan tashqari holat»ga tushdi.
20-daqiqada ilk bahsli vaziyat yuzaga keldi: to‘p jarima maydoni ichida «Atletiko» bosh murabbiyining o‘g‘li Juliano Simeonening qo‘liga tegdi. Bosh hakam Rikardo Bengoechea penalti belgilamadi. Videohakamlar bilan muhokamadan keyin harakat qasddan sodir etilmagan, degan xulosaga kelindi.
O‘n daqiqa o‘tib esa «Barsa» baribir o‘z vaziyatidan foydalandi — Pedri Gavidan kelgan to‘pni olis burchakka yo‘naltirdi. Yosh ispaniyalik la ligada so‘nggi ikki oy ichidagi ilk golini nishonladi. U bungacha oxirgi bor 20 oktyabr kuni, «Sevilya» yirik hisobda mag‘lub etganida (5:1) urgandi.
Ikkinchi bo‘lim boshi — Xose Ximenes uchun yoqimsiz daqiqalar bo‘ldi. Avvaliga u darvozasiga xavfli hujumga sababchi bo‘ldi, ammo Fermin Lopes yaqin burchakka yo‘llagan zarbasi bilan Yan Oblakni hayron qoldira olmadi. Biroz o‘tib urugvaylik himoyachi jarohat tufayli maydonni tark etdi.
Ko‘p o‘tmay mezbonlar ikkinchi golga juda yaqin kelishdi. Pedrining himoyachilar ortiga uzatmasi, Rafinyaning «parashyut» uslubidagi zarbasi — bu hujumda barcha harakat chiroyli chiqdi, ammo gol bo‘lmadi, to‘p to‘singa tegib qaytganida Levandovski uni darvozaga kirita olmadi. Aftidan, shu hujum mehmonlarni uyg‘otdi. O‘yinningn 60-daqiqasi o‘tib borayotganida madridliklar ilk bor zarba yo‘lladi va hisobni tenglashtirdi. Rodrigo De Paul to‘pni egallab olib, ideal zarba yo‘lladi. Bu hujumda «Barselona» himoyachisi Mark Kasado tovoni bilan to‘pni unga tashlab bergandi.
Levandovski yana bir vaziyatda bir necha metrdan zarba bera olmadi. Ferran Torres unga ideal uzatma bergandi, ammo polshalik hujumchi qulay vaziyatni yo‘qqa chiqardi. «Atletiko» darhol javob qaytardi — mezbonlar darvozaboni Inyaki Penya Pablo Barriosning yaqin burchakka zarbasini oyoqlari bilan qaytardi.
«Barsa» o‘yin oxirida bosimni kuchaytirdi, ammo Oblak superqahramon rejimini yoqdi. Sloveniyalik Rafinyaning yaqin masofadan yo‘llagan zarbasini to‘sdi, Pedrining zarbasidan keyin to‘pni burchakka chiqarib yubordi. Barchasi durang natijaga qarab ketayotganida esa «Atletiko» qarshi hujumda raqibni jazoladi, zaxiradan tushgan Aleksandr Syorlot qo‘shimcha daqiqalarga qo‘shib berilgan daqiqada to‘pga bir teginishda Penyani dog‘da qoldirdi. Mezbonlar xG bo‘yicha 2,54 ko‘rsatkichidan bitta gol urishdi, «Atletiko»da – 0,63 xG, ammo uch ochkoni mehmonlar olib ketishdi. Vaziyatlardan foydalanishda oqsayotgan «Barsa» «Las-Palmas» va «Leganes»dan keyin qatorasiga uchinchi uy uchrashuvida ham mag‘lubiyatga uchradi. «Barsa» la ligada so‘nggi 7 o‘yinda 5 ochko to‘pladi. Bunaqasi oxirgi marta 20 yil avval — Raykaard davrida kuzatilgandi.
Barcha turnirlar doirasida 12 g‘alabaga erishgan «Atletiko» la liga turnir jadvalida peshqadamga aylanib oldi. Diyego Simeone to‘rt yil oldin, pandemiyadan keyingi mavsumda ikki asosiy raqibning muammolaridan foydalanib chempion bo‘lib ketgandi, bu mavsumda ham raqiblarda yuzaga kelgan inqirozli davrdan foydalanib qolish imkoniyati bor. Hozircha madridliklar 2025 yilga qadar birinchi o‘rinda qoladi, keyingi tur yanvarda bo‘lib o‘tadi.
Angliya: «Siti»ning dahshatli tushi davom etadi
«Aston Villa» – «Manchester Siti» 2:1
Gollar: 1:0 – 16 Duran, 2:0 – 65 Rojyers, 90 Foden.
«Aston Villa» – Martines, Din, Pau Torres, Konsa, Kesh, Onana, Kamara, Rodjyers (Buendia, 90+1), Tilemans, Makginn, Duran (Uotkins, 80).
«Manchester Siti» – Ortega, Gvardiol, Stounz (Uoker, 46), Akanji, Lyuis, Kovachich (Doku, 84), Gundo‘g‘an (Savio, 73), Grilish, Foden, Bernardu Silva, Holand.
Ogohlantirishlar: Kesh (37), Martines (45+2), Lyuis (47), Gvardiol (84), Grilish (87), Makginn (90+4).
«Manchester Siti» hamon nursiz va zerikarli o‘yin namoyish etmoqda, amaldagi chempionlar yana birinchi bo‘lib gol o‘tkazib yuborishi o‘yin mantig‘iga mos keldi. Bu jamoa joriy mavsumda to‘qqizinchi bor kuzatilmoqda va bu autsayderlarga xos bo‘lgan ko‘rsatkichdir. Bundan yomonroq ko‘rsatkich (12 marta) faqat «Sauthempton», «Lester» va «Vulverhempton» kabi turnir jadvalining quyi qismida borayotgan jamoalar tomonidan qayd etilgan. «Villa» debyutdayoq tezkor gol urishi mumkin edi, ammo Ortega to‘pni chiziq ustidan qaytarib yuborib, tabloda nollar saqlanib qolinishini ta’minladi. Ammo Tilemans pressingdan ajoyib chiqib ketib, Rodjyersni oldinga tashlaganida va u yakkama-yakka vaziyatda qolgan Duranni to‘p bilan ta’minlaganida darvozabon ojiz edi.
Holand esa birinchi bo‘lim davomida raqib jarima maydoni ichida biror marta to‘p bilan muomila qila olmadi. Va tanaffusdan keyin ham mehmonlar o‘yinida keskinlik ko‘zga tashlanmadi. Duranning ikkinchi goli ofsayd tufayli bekor qilindi, ammo Rodjyers baribir o‘zi o‘yinni hal qildi. U to‘pni maydonning ikkinchi qismida egallab, reyd amalga oshirdi va Makginn bilan devor uslubida o‘ynab, to‘pni burchakka yo‘naltirdi. Foden o‘yinga qo‘shib berilgan uchinchi daqiqada urgan javob goli esa hech narsani o‘zgartirmadi. Xosep Gvardiola noxush raqamlarni yangilashda davom etmoqda: «shaharliklar» so‘nggi o‘n ikki uchrashuvidan to‘qqiztasida yutqazgan, ikkitasida durang o‘ynagan, to‘plar nisbati – 14:27. Bu seriyadan oldingi shuncha mag‘lubiyat 106 o‘yinda ro‘y bergandi. Jamoa to‘purari Erling Holand APLdagi oxirgi 12 o‘yinda atigi uchta gol urgan. Endi «Siti» oltinchi o‘ringa tushib ketdi va yakshanba kungi o‘yinlardan keyin yanada pastga qulashi mumkin. Yil oxirigacha yana ikkita o‘yin qoldi: uyda «Everton» bilan, keyin «Lester» maydonida.
«Kristal Pelas» – «Arsenal» 1:5
Gollar: 0:1 – 6 Gabriel Jyezus, 1:1 – 11 Sarr, 1:2 – 14 Gabriel Jyezus, 1:3 – 38 Haverts, 1:4 – 60 Martinelli, 1:5 – 84.
«Kristal Pelas» – Henderson, Gehi, Lakrua, Richards, Kamada (Nketia, 61), Sarr, Mitchell, Lerma (Dukure, 68), Hyuz (Devenni, 69), Klayn (Kporxa, 81), Mateta (Shlupp, 81).
«Arsenal» – Rayya, Gabriel, Saliba, Lyuis-Skelli (Kalafiori, 58), Timber, Haverts (Rays, 58), Parti, Edegor, Martinelli, Gabriel Jyezus, Saka (Trossar, 24).
Ogohlantirishlar: Gabriel (31), Timber (36), Gehi (64), Klayn (79).
Chorshanba kuni bu jamoalar Angliya ligasi kubogi chorakfinalida to‘qnashgan va o‘sha uchrashuv Gabriel Jyezusning qaytishi bo‘lgandi. Yil boshidan buyon faoliyatidagi eng murakkab davrni boshdan kechirgan braziliyalik shu vaqtgacha atigi ikki gol urgandi, «Kristal Pelas» bilan o‘yinda esa u het-trik rasmiylashtirdi. Mikel Arteta forvard yuqori formaga chiqqanini his qildi va u yana boshlang‘ich tarkibda tushib, o‘z benefisini davom ettirdi. «Kanonirlar» mudofaasi o‘yin boshida xatolarga yo‘l qo‘ydi — Jyezus esa bu xatolarni yopib, 15 daqiqa ichida ikkita gol urdi.
Ikki holatda ham uni raqib jarima maydonida hech kim qo‘riqlamadi va o‘ziga kelib qolgan to‘pni darvoza to‘riga yo‘lladi. Tanaffusga qadar Jyezus yana het-trikni nishonlashi mumkin edi, ammo uning zarbasidan keyin to‘p ustunga tegdi, qaytgan to‘pni esa Havers darvozaga kiritib yubordi. Ikkinchi bo‘limda Gabriel Martinelli Raysning zarbasiga oyoq qo‘yib hisobni yiriklashtirgan hujum avvalida ham u xavfli zarba yo‘lladi, ammo darvozabon o‘zini ko‘rsatdi. Bunday futboli bilan u keyingi o‘yinlarda ham boshlang‘ich tarkibdan joy oladi.
O‘yin oxirida Rays mavsumdagi ilk golini urib, hisobni hokkeycha ko‘rinishga keltirdi, endi «Arsenal» turnir jadvalida «Liverpul» bilan oradagi farqni uch ochkogacha qisqartirdi.
Ammo «Arsenal» muxlislariga bu yirik g‘alaba tatimadi — Saka jiddiy jarohat oldi. Jamoaning eng asosiy futbolchilaridan biri birinchi bo‘limdayoq bel sohasida kuchli og‘riq sezib, gazonga quladi va Trossarga almashtirildi. U maydonni shifokorga tayanib tark etdi, o‘yindan keyin esa qo‘ltiqtayoqda ko‘rinish berdi. Odatda bunday jarohat tufayli futbolchilar bir oygacha maydonga tusha olmaydi.
Italiya: «Napoli» yana yuqorida
«Jyenoa» – «Napoli» 1:2
Gollar: 0:1 – 15 Zambo-Angissa, 0:2 – 23 Rraxmani, 1:2 – 51 Pinamonti.
«Jyenoa» – Leali, Aaron Martin, Vaskes, Bani, Sabelli (Norton-Kaffi, 79), Frendrup, Badel (Torsbyu, 70), Vitinya (Ekuban, 70), Dzanoli, Miretti (Balotelli, 83), Pinamonti.
«Napoli» – Meret, Olivera, Jyezus, Rraxmani, Di Lorenso, Maktominey, Lobotka, Zambo-Angissa, Neres (Kvaratsxeliya, 73), Lukaku (Simeone, 73), Politano (Spinatssola, 87).
Ogohlantirishlar: Jyezus (32), Sabelli (62), Frendrup (84).
Yaqinda egasi o‘zgargan va Patrik Viyera bosh murabbiylikka tayinlanganidan buyon yutqazmayotgan «Jyenoa» o‘tgan turda «Milan»ning yubileyini buzgandi (0:0). Ammo bu mavsumda uyida biror marta g‘alaba qozona olmagan «grifonlar» «Napoli» bilan o‘yinning birinchi bo‘limida kuchli raqibga qarshilik ko‘rsata olmadi. Neapolitanliklarning ilk xavfli hujumida Lukakuning zarbasidan keyin to‘p to‘singa tegdi, keyin esa bo‘lim o‘rtalarigacha ikki gol urildi.
Ikki gol ham «ikkinchi qavat»dan hujum qilish evaziga yuzaga keldi. Birinchi holatda David Neresning yurishi Zambo-Angissaga yumshoq uzatma oshirilishi bilan yakunlandi. Ikkinchi golda Rraxmani Lobotkaning jarima nuqtasidan oshirgan to‘pnini qaytarib bo‘lmas trayektoriyada darvoza to‘riga joyladi. Genuyaliklar taslim bo‘lgandek ko‘ringandi, ammo ular ikkinchi bo‘limni kuchli o‘tkazishdi. Pinamontining bir zarbasini Meret qaytarishga erishdi, ammo mezbonlarning eng yaxshi to‘purari ikkinchi urinishda baribir hisobni qisqartirdi. Bu vaziyatda «Napoli» mudofaasida jarohat olgan Bondjorno o‘rnida o‘ynayotgan Juan Jyezus ishonchsiz harakat qildi. O‘yin oxiri Antonio Konte uchun asabbuzarlikka aylanib ketdi, faqat ustun va Meretning seyvi g‘alabali hisobni saqlab qoldi. Darvozabon Balotellining aylantirib yo‘llangan murakkab zarbasini qaytardi, endi janubliklar kamida yakshanba kungi o‘yinlar yakunigacha birinchi o‘ringa chiqib oldi.
Germaniya: Shik va Virsni to‘xtatib bo‘lmadi
«Ayntraxt» F – «Mayns» 1:3
Gollar: 0:1 – 15, avtogol Santos, 0:2 – 27 Nebel, 0:3 – 58 Nebel, 1:3 – 75 Kristensen.
«Ayntraxt» F – Santos, Teate, Kox, Kristensen, Braun, Shaibi (Knauff, 60), Sxiri (Larsson, 46), Hoylund (Baoyya, 61), Kollinz (Uzun, 46), Marmush, Ekitik (Matanovich, 61).
«Mayns» – Tsentner, Bell (Yyens, 86), da Koshta, Kor, Li Je Son (Xon Xen Sok, 76), Nebel, Mvene, Amiri, Sano, Kasi (Vidmer, 76), Zib (Ferachnig, 58).
Ogohlantirishlar: Mvene (11), Baoyya (64).
Chetlatish: Amiri (21).
«Mayns» o‘tgan turda «Bavariya»ni bundesliganing bu mavsumida mag‘lub etgan ilk jamoaga aylangandi. Endi Bo Xenriksen jamoasi uchinchi o‘rinda borayotgan «Ayntraxt»ga muammolar tug‘dirdi. Birinchi golda avvaliga darvozabon sherigiga yomon pas berib, xatoga yo‘l qo‘ydi, to‘p darvozaga yo‘l olganida kulgili avtogolga mualliflik qildi. «Burgutlar»ning asosiy darvozaboni Trapp yo‘qligi darhol bilina boshladi, Kaua Santos debyutini muvaffaqiyatsiz o‘tkazdi.
Ikkinchi gol o‘tkazilganida braziliyalik darvozabon Nebelning kichik rikoshet bilan kelgan, lekin u qadar kuchli bo‘lmagan zarbasi qarshisida ojiz qoldi. «Mayns» dastlabki 45 daqiqalikda birgina zarba berganiga (kutilgan gollar ko‘rsatkichi 0,11 xG) va 21-daqiqada sardori Amiri qizil kartochka olib, bir kishi kam bo‘lib o‘ynaganiga qaramay, bo‘limni ikki gol farqi bilan yakunladi. Mehmonlar mudofaada ishonchli harakatlanishdi, qolaversa, mezbonlarning asosiy to‘purari Marmush birinchi bo‘limning o‘zida ikki bor qulay imkoniyatdan foydalana olmadi.
Tanaffusdan keyin yana bir yuz foizlik imkoniyat ko‘kka sovurildi, «Ayntraxt» futbolchisi bir necha metr masofadan turib to‘pni gazonda yotgan darvozabonga topshirdi. Ko‘p o‘tmay «Mayns» darvozabonning yana bir kulgili xatosidan foydalanib, uchinchi golni urdi va yevrokuboklarga yo‘llanma beruvchi zonaga mustahkam joylashib oldi. «Burgutlar» esa uchinchi o‘rinda qoldi va juma kuni «Leypsig»ni yirik hisobda tor-mor etib (5:1), turni ochib bergan «Bavariya» bilan oradagi farq yetti ochkoni tashkil etmoqda.
«Bayyer» – «Frayburg» 5:1
Gollar: 1:0 – 45+1 Shik, 2:0 – 51 Virts, 2:1 – 55 Grifo, 3:1 – 67 Shik, 4:1 – 74 Shik, 5:1 – 77 Shik.
«Bayyer» – Gradetski, Inkapie (Belosyan, 83), Ta, Tapsoba, Virts, Tella (Tere, 69), Grimaldo (Mukiyele, 80), Chaka, Palasios, Frimpong (Artur, 80), Shik (Aleish Garsiya, 80).
«Frayburg» – Atubolu, Gyunter, Linhart, Ginter, Kyubler (Rozenfelder, 75), Eggeshtayn (Hefler, 85), Osterhage (Sildiyya, 75), Grifo, Heler, Doan (Rel, 58), Gregorich (Adamu, 75).
Ogohlantirishlar: Kyubler (24), Shik (77), Rel (90+1).
Endi turnir jadvali peshqadamining asosiy ta’qibchisi — «Bayyer». Amaldagi chempionlar «Bavariya»dan to‘rt ochkoga ortda qolmoqda va shanba kuni Virs penaltidan foydalana olmaganidan keyin ham ruhini tushirmadi. Leverkuzenliklarning asosiy yulduzi haqiqiy shou namoyish etib, o‘zi o‘yindan gol urdi va Shikka uch bor assistentlik qildi. Ikkinchi bo‘lim boshida «Frayburg» hisobni qisqartirib, o‘yinga qaytdi va tezda hisobni tenglashtirishi ham mumkin edi, ammo Grifoning zarbasi to‘sindan qaytdi, «Bayyer» esa qarshi hujumni namunali tarzda amalga oshirdi. Frimpongdan to‘pni qabul qilib olgan Virs xuddi mashg‘ulotlardagi kabi yengil harakat bilan to‘pni Shikning boshiga qo‘ndirib berdi. Chexiyalik hujumchi esa het-trik bilan kifoyalanmadi va pokerni rasmiylashtirdi. Bu safar Virsning yordamiga hojat qolmadi, assistent rolini Grimaldo bajarib berdi. Bonifasening jarohatidan foydalanib, asosiy tarkibga qaytgan Shik qatorasiga to‘rtinchi o‘yinni golli harakatsiz tark etmayapti.