O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.
G‘azodagi vaziyat
Isroil armiyasi G‘azo shimolidan majburiy ko‘chirilgan falastinliklarning o‘z yerlariga qaytishini butunlay taqiqlashni rejalashtirmoqda.
Isroil ommaviy axborot vositalari xabariga ko‘ra, avval 70 ming falastinlik yashagan hududdan 65 ming odam chiqarib yuborilgan, qolganlar esa aholi zich to‘plangan vaqtinchalik boshpanalarda yashashga majbur bo‘lgan.
Siyosiy ko‘rsatmalarga ko‘ra, Isroil harbiylari G‘azo shimolining uchdan bir qismini odamlarsiz hududga aylantirishni ko‘zlamoqda. Jabaliya, Bayt Hanun va Bayt-Lahiya shaharlari vayron bo‘lib, aholisiz qolishi rejalashtirilgan.
Bu orada G‘azoda suv olish uchun navbatda turgan kamida 10 nafar falastinlik Isroil havo hujumlari oqibatida halok bo‘lgani ma’lum qilinmoqda. Human Righs Watch tashkiloti Isroilni falastinliklarga nisbatan genotsid amalga oshirishda aybladi.
HRW ma’lumotiga ko‘ra, Isroil falastinliklarni ichimlik suvidan maxsus mahrum qilib kelmoqda.
Xalqaro kuzatuv tashkiloti hisobotida Isroil G‘azo aholisi uchun yashash sharoitlarini maxsus yomonlashtirib, falastinliklarning qisman yoki to‘liq jismonan yo‘q qilinishiga yo‘l ochgani ta’kidlangan.
Isroil armiyasi Suriya aholisiga o‘t ochdi
Suriyadagi Dara’a viloyatida Isroil armiyasi hududiy okkupatsiyaga qarshi norozilik bildirgan mahalliy aholiga o‘t ochdi. Bir kishi yaralandi, deb xabar beradi mahalliy OAV.
Yormuk daryosi havzasida joylashgan Maariya qishlog‘i yaqinidagi tashlandiq armiya postida yig‘ilgan suriyaliklar Isroilning hududiy okkupatsiyasini to‘xtatishni talab qilishdi. Ular yangi Suriya ma’muriyatini okkupatsiyaga qarshi chora ko‘rishga chaqirdi va Isroil harbiylarining qishloq xo‘jaligi ishlariga to‘sqinlik qilayotganidan shikoyat qilishdi.
Isroil armiyasi esa aholining harakatini to‘xtatish maqsadida o‘t ochganini ma’lum qildi. Bir suriyalik aniq o‘q yeb yaralangan.
Netanyahu Polshaga borishdan qo‘rqmoqda
Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahu Osvensim konslageri ozod qilinganining 80 yilligiga bag‘ishlangan marosimda ishtirok etmaydi. Polshada uning hibsga olinishi ehtimolidan qo‘rqyapti, deb yozadi Rzeczpospolita gazetasi.
Polsha hukumati xalqaro orderga amal qilishini ta’kidlagan. Varshavadagi rasmiylar Isroil hukumati bu masalada muloqot qilmaganini bildirdi.
Osvensim marosimi 27 yanvar kuni, Holokost qurbonlarini xotirlash xalqaro kunida o‘tkaziladi. Marosimga o‘nlab davlat rahbarlari, jumladan, Britaniya qiroli Charlz III ishtirok etishi kutilmoqda.
Ukrainaga yordam
Yevropa Ittifoqi 2025 yilda Ukrainaga 30 mlrd yevro moliyaviy yordam taqdim etishni rejalashtirmoqda. Bu haqda Yevropa Kengashi raisi Antoniu Koshta Bryusselda bo‘lib o‘tgan YeI sammitida ma’lum qildi.
Yordam Rossiyaning muzlatilgan aktivlaridan 18 mlrd yevro va Yevropa Tinchlik Jamg‘armasidan 12,5 mlrd yevro qo‘shimchani o‘z ichiga oladi.
Ukrainaga ushbu mablag‘ Rossiya bosqini boshlanganidan buyon taqdim etilgan 130 mlrd yevroga qo‘shimcha bo‘ladi. Yevropa Ittifoqi Ukrainaga har oy 1,5 milliard yevro ko‘rinishida muntazam yordam berishni rejalashtirgan.
AQSh boshchiligidagi Ramshtayn formati doirasida tuzilgan «dronlar koalitsiyasi» 2025 yilning yanvaridan Ukrainaga o‘n minglab uchuvchisiz uchoqlarni yetkazib berishni boshlaydi.
Koalitsiya tarkibiga 20 dan ortiq davlat kirib, ular Ukraina qurolli kuchlarini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirmoqda.
Buyuk Britaniya mudofaa vaziri o‘rinbosari Lyuk Pollardning aytishicha, bu tashabbus Ukraina harbiylarining havo hujumidan mudofaa salohiyatini mustahkamlash va Rossiyaga qarshi turish jarayonida ularni yangiliklar bilan ta’minlashga qaratilgan.
Buyuk Britaniya shuningdek, Ukrainaga yangi 286 million dollarlik harbiy yordam taqdim etgan. Bu mablag‘ havo mudofaasi tizimlari va dengiz kuchlarini rivojlantirishga sarflanadi.
Rilsk shahriga raketa hujumi
Kursk oblastidagi Rilsk shahriga qilingan Ukrainaning raketa hujumi natijasida olti kishi, jumladan, bir bola halok bo‘ldi. Hodisa natijasida 10 kishi, jumladan, 13 yoshli bola jarohatlandi. Bu haqda Kursk oblastining vaqtinchalik gubernatori Aleksandr Xinshteyn o‘z Telegram-kanali orqali ma’lum qildi.
Xabarlarga ko‘ra, hujum natijasida shaharning madaniyat uyi, 1-umumta’lim maktab binosi, OMK nomi bilan tanilgan ishlab chiqarish korxonasi, Rilsk aviatsiya kolleji va bir qator xususiy uylar, ofis binolari, shuningdek, 15 ta avtomobilga zarar yetgan. Shuningdek, FHDYo binosi va ko‘p qavatli uylardagi oynalar shikastlangan.
Hozirda favqulodda xizmatlar hodisa joyida ish olib boryapti. Jabrlanganlarga yordam ko‘rsatish va zarar ko‘lamini baholash ishlari davom etmoqda. Hujum oqibatlari yuzasidan tekshiruv ishlari boshlangan.
Gurjiston YeI talablariga quloq tutmoqda
Gurjiston hukumati Yevropa Kengashi bilan «chet el agentlari» to‘g‘risidagi qonunni muhokama qilishga tayyorligini ma’lum qildi. Bu haqda bosh vazir Irakliy Kobaxidze bildirib o‘tdi.
Kobaxidze qonunchilikni qayta ko‘rib chiqish zarur bo‘lsa, asoslangan dalillar keltirilishi kerakligini ta’kidladi.
Yevropa Kengashi Bosh kotibi Alen Bersega ko‘ra, Gurjiston hukumati mazkur qonunga o‘zgartirishlar kiritishga va Yevropaning Venetsiya komissiyasi bilan hamkorlikda ish olib borishga va’da bergan.
Bu qonun asosan mamlakatda xorijiy manbalardan moliyalanadigan tashkilotlarning shaffofligini ta’minlashga qaratilgan, ammo unga nisbatan tanqidlar ham mavjud.
Yevropa Kengashi va Gurjiston o‘rtasidagi ushbu hamkorlik jarayoni hukumatning Yevropa Ittifoqi talablariga moslashuvida muhim qadam sanaladi.
G‘arbiy Afrikaning yagona valutasi
G‘arbiy Afrika Davlatlari Iqtisodiy Hamjamiyati (ECOWAS) yagona valuta — EKOni joriy qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni kuchaytirdi. Pandemiya tufayli 2020 yilda kechiktirilgan loyiha uchun yangi start sanasi 2027 yil etib belgilandi.
EKO valutasi Nigeriya, Senegal va yana 10 ta ECOWAS a’zosi uchun iqtisodiy o‘sish va farovonlikni rag‘batlantirish maqsadida joriy qilinadi.
Yangi valuta savdo xarajatlarini kamaytirib, turli milliy valutalardan foydalanish tufayli yuzaga kelayotgan muammolarni yengillashtiradi.
Boshlang‘ich bosqichda milliy valutalar va EKO bir vaqtning o‘zida muomalada bo‘lishi rejalashtirilgan.
Yo‘qolgan Boeing-777 izidan
Malayziya MH370 reysi bo‘yicha uchib g‘oyib bo‘lgan samolyotining qoldiqlarini qidirishni qayta boshlaydi. Bu haqda transport vaziri Entoni Lok juma kuni matbuot anjumanida ma’lum qildi.
2014 yil 8 mart kuni yo‘qolgan Boeing 777 samolyoti Kuala-Lumpurdan Pekinga uchayotgan paytida radarlardan g‘oyib bo‘lgan edi. 227 yo‘lovchi va 12 ekipaj a’zosini tashigan samolyot so‘nggi marta Vetnam dispetcherlari bilan aloqaga chiqqan. Samolyot Andaman dengiziga qarab yo‘nalishini o‘zgartirib, radarlardan yo‘qolgan.
2018 yilda Ocean Infinity kompaniyasi qidiruv ishlarini olib borgan, ammo asosiy korpus topilmagan. Yangi zona Hind okeanida 15 ming km kv hududni qamrab oladi.
Vazir Lok xalqaro ekspertlar ma’lumotlari asosida yangi qidiruvlarni boshlashni qonuniy deb baholadi. Yo‘lovchilarning yaqinlari bu qarorni qo‘llab-quvvatlamoqda, ammo qidiruvlar tezkorlik bilan amalga oshirilishini talab qilmoqda.
Amazonkada kashf qilingan yangi 27 tur
Peruning Amazonka hududida o‘tkazilgan ilmiy ekspeditsiya davomida kapalak, baliq va suv muhitiga moslashgan pardali to‘piqli quyon kabi 27 yangi tur aniqlandi.
AQShning Conservation International notijorat tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, ekspeditsiya shu yilning iyun–iyul oylarida Amazonkaning Alto-Mayo qo‘riqxonasida 38 kun davom etdi.
Kashf qilingan turlar quyidagilarni o‘z ichiga oladi:
- 4 ta sut emizuvchi;
- 8 ta baliq;
- 3 ta amfibiya;
- 10 ta kapalak.
Tadqiqotning diqqatga sazovorligi pardali to‘piqli quyonning kashf qilinishi bo‘ldi. Shuningdek, uzoq vaqt quruqlikda tirik qoladigan botqoq ilonbalig‘i va o‘ziga xos tuzilishga ega laqqa balig‘i aniqlandi.
Ilmiy ishlar chog‘ida Xalqaro tabiatni muhofaza qilish ittifoqining (IUCN) qizil ro‘yxatiga kiritilgan, yo‘qolish xavfi ostidagi 49 tur qayd etildi. Tadqiqot davomida 2000 dan ortiq turdagi hayvonot va o‘simlik dunyosi ham hujjatlashtirildi.
Bu hali hammasimas, kuzatuvlarda hujjatlashtirilgan yana 48 turning yangi ekani aniqlashtirilmoqda. Yer kurrasining insonga noma’lum jonzotlari hanuz bor ekan.