Ar-Riyod Germaniya hukumatini terakt xavfidan bir necha bor ogohlantirgani ma’lum bo‘ldi

Jahon 21:47 / 21.12.2024 4000

Saudiya Arabistoni hukumati Magdeburgdagi rojdestvo yarmarkasiga tashrif buyurgan insonlar ustiga mashina haydaganlikda gumonlanayotgan shaxs haqida Germaniyani bir necha bor ogohlantirgan, deb yozadi Der Spiegel.

Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, Ar-Riyod Germaniya xavfsizlik organlariga bu turdagi xabarnomalardan uch marotaba yuborgan.

Bild’ning politsiyaga aloqador manbalariga tayanib yozishicha, huquq-tartibot organlari mashinani insonlar ustiga haydagan Taleb A.ning qonidan giyohvandlik vositalarini topgan. Nashr suhbatdoshlariga ko‘ra, qon tahlilida o‘tkazilgan birinchi test haydovchida yetti turdagi giyohvand modda borligini ko‘rsatgan. Gumonlanuvchi aynan qanaqa narkotik moddalar ta’sirida bo‘lganiga aniqlik kiritilmagan.

20 dekabr kuni Magdeburgdagi rojdestvo bozoriga tashrif buyuruvchilar ustiga katta tezlikda mashina haydalishi oqibatida besh kishi halok bo‘ldi, 60 dan ortiq inson jarohat oldi. Welt gazetasining yozishicha, hujum qilgan shaxs 1974 yilda tug‘ilgan erkakdir. U — Saudiya Arabistonidan 2006 yilda Germaniyaga kelgan shifokor.

Der Spiegel 50 yoshli gumonlanuvchi Taleb A. psixiatr va psixoterapevt ekanini aniqlagan. Frankfurter Rundschau gazetasi u haqida 2019 yilning mart oyida shunday yozgan: «Tolib al-Abdulmohsen 2006 yildan beri Germaniyada yashaydi. U Germaniyaga psixoterapevt sifatida malaka oshirish uchun tashrif buyuruvchi shifokor bo‘lib kelgan va keyin bu yerdan boshpana so‘ragan. 44 yoshli erkak siyosiy qochqin maqomiga ega».

Ko‘proq yangiliklar: