Ukrainada askarlar yetishmayotgani sabab havo hujumidan mudofaa harbiylarini yuborish buyurildi

Jahon 22:15 / 21.12.2024 4108

Ukraina Qurolli kuchlari Bosh shtabi frontga odamlarga yetishmayotgani tufayli «shundoq ham tang ahvoldagi Havo hujumidan mudofaa (HHM) bo‘linmalariga» ko‘proq harbiylarni piyoda qo‘shinlariga yuborishni buyurdi. Bu haqda mazkur bo‘linmalardagi manbalariga tayanib, The Guardian xabar berdi.

«Vaziyat kritik darajada yetdi va biz havo mudofaasi kerakli tarzda ishlay olishiga ishonch hosil qila olmaymiz», — deydi nashr suhbatdoshlaridan biri. Uning so‘zlariga ko‘ra, piyoda qo‘shinlariga tayyorgarlikdan o‘tmagan harbiylar yuborilmoqda. Shu bilan birga, ular G‘arbda tayyorlangan va Havo hujumidan mudofaa tizimlari qanday ishlashini biladi.

Manbalar bo‘linma komandirlari o‘zlariga yoqmay qolgan askarlarni frontga yuborishi mumkinligidan xavotirda. Bundan tashqari, ushbu harbiylar asirga tushsa, Ukrainaning havo mudofaasiga oid pozitsiyalari to‘g‘risidagi maxfiy ma’lumotlarni aytib qo‘yishi mumkin.

The Guardian’ning eslatishicha, noyabr oyida Havo hujumidan mudofaa bo‘linmalarining ukrainalik harbiylari frontga yuborilayotgani to‘g‘risida Oliy rada deputati Maryana Bezuglaya ma’lum qilgan. UQK Havo kuchlarining sobiq vakili Yuriy Ignat buni tasdiqlab, vaziyatni «juda og‘riqli» deb atagan. Shu bilan birga, bu kabi qaror dron va raketalarni tutib qolish ko‘rsatkichlariga ta’sir ko‘rsatishini rad etgan.

O‘z navbatida nashr suhbatdoshlari askarlarning ko‘chirilishiga oid talablarning ortib borayotgani HHM bo‘linmalarini to‘g‘ri boshqarishni qiyinlashtirishini ta’kidlamoqda.

UQK Bosh shtabi The Guardian’ning «HHM harbiylarining piyoda qo‘shinlariga» o‘tkazilayotgani haqidagi ma’lumotlarining «ishonchsiz va noto‘g‘ri» ekanini ma’lum qildi. Idoraga ko‘ra, bunday qayta tayinlovlar amalga oshirilmoqda, ammo u «Ukraina osmonining himoyasini ta’minlayotgan professional HHM mutaxassislariga» taalluqli emas.

Ko‘proq yangiliklar: