Bugun, 21 dekabr kuni Qirg‘iziston Xalq qurultoyida prezident Sadir Japarov Yevropa parlamenti deputatlariga murojaat yo‘lladi, deb xabar beradi 24.kg.
Avvalroq Yevroparlament Temirlan Sultanbekovning himoyasi bo‘yicha rezolyutsiya qabul qilgan va Qirg‘izistonda inson huquqlariga rioya qilinishidan xavotirda ekanini bildirgan edi.
Sadir Japarovning ta’kidlashicha, Yevropa parlamentariylari minglab kilometr uzoqda bo‘lgan holda va hech qanday isbotlarsiz xulosa chiqarmoqda. «Bir necha ming kilometr uzoqda turib, hech qanday isbotlarsiz rezolyutsiya qabul qilyapsiz. Kelinglar, bizda hammasi toza ekanini ko‘ringlar», — deydi u.
Qirg‘iziston prezidenti mamlakatda saylov jarayonidagi noroziliklar natijasida uchta inqilob yuz berganini eslatib, ovozlarni sotib olishga qarshi kurashning ahamiyatini qayd etdi. «Sotsial-demokratlar partiyasi ovoz sotib olish uchun 1,5 million so‘mni tarqatganida qo‘lga tushdi. Bunga biz qanday chora ko‘rishimiz kerak — boshini silaylikmi?» — deydi Japarov.
Prezidentning ta’kidlashicha, respublikada saylovlar shaffofligini ta’minlash, jumladan, Markaziy saylov komissiyasi faoliyatini modernizatsiya qilish va zamonaviy texnologiyalarni joriy etishda katta sa’y-harakatlar amalga oshirilmoqda.
«Kelajakda bizda prezident va Jogorgu Kenesh saylovlari bo‘lib o‘tadi. Biz MSKni zamonaviy uskunalar bilan ta’minlashga 2 milliard so‘m sarfladik. Kelajakda uydan turib ovoz berish mumkin bo‘ladi», — deydi u.
Sadir Japarov mamlakat aholisini xotirjam bo‘lishga va provokatsiyaga uchmaslikka chaqirdi. «Ovozlaringizni sotmanglar. Agar ovozingizni sotib olmoqchi bo‘lishsa, ularning yuziga tupuring», — deya qo‘shimcha qiladi Qirg‘iziston prezidenti.
Bundan tashqari, davlat rahbari yevropalik parlamentariylarga murojaat qilib, ularni Qirg‘iziston suverenitetini hurmat qilishga chaqirdi. «Biz mustaqil davlatmiz, shu bois bizning jarayonlarimizga aralashmanglar. Biz sizlar bilan hamkorlikka tayyormiz», — deya ta’kidlaydi u.
Ma’lumot uchun, Temirlan Sultanbekov Sotsial-demokrat partiyasi yetakchisi hisoblanadi. 13 noyabr kuni partiya shtabida tintuv o‘tkazilgan va Sultanbekov so‘roqqa olib ketilgan edi. O‘sha kuni u kechqurun uyiga qaytib kelgan, ammo soat 04:30 larda yana militsiya xodimlari kelib, uni olib ketgan. IIBBning vaqtinchalik saqlash izolyatoriga joylashtirilgan Sultanbekov ochlik e’lon qilgan.