Qo‘rqmas jangchi – Saddam Husaynning nabirasi amerikalik askarlarga qarshi qanday jang qilgandi?

Jahon 11:37 31754

2003 yil iyulda Iroqqa bostirib kirgan amerikalik harbiylar Saddam Husaynning o‘g‘illari yashiringan uyni topib boradi. Binoga avval raketa zarbasi beriladi. Shunda Saddamning ikki o‘g‘li halok bo‘ladi. Amerikaliklar uyga kirmoqchi bo‘lganida qattiq qarshilikka duch keladi va qurbonlar beradi. O‘shanda ularga qarshi Saddamning nabirasi, 14 yoshli Mustafo jang qilgandi.

Bundan 21 yil oldin, 2003 yil 20 mart kuni AQSh harbiylari xavfli kimyoviy qurollar ishlab chiqaryapti degan da’vo bilan Iroqqa bostirib kiradi.

O‘shanda AQSh harbiylarining yonida o‘nlab davlatlar harbiylari ham bo‘lgan. Teng bo‘lmagan janglarda Iroq armiyasi yengiladi. Mamlakat prezidenti Saddam Husayn AQSh harbiylari tomonidan hibsga olinadi.

So‘ng sud qilinib, qatl etiladi. Keyinchalik Iroqdan birorta ham jiddiy qurol topilmaydi va AQShning ayblovlari noto‘g‘ri bo‘lgani isbotlanadi. Biroq bu paytda dunyo sivilizatsiyasi beshiklaridan biri bo‘lgan Iroq vayronaga aylanib bo‘lgandi.

Bosqindan oldingi vaziyat

2000 yilda AQShda o‘tkazilgan saylovlarda Jorj Bushning o‘g‘li Kichik Jorj Bush g‘alaba qozongach, u Iroq bilan munosabatlarni keskinlashtira boshladi.

Kichik Bush o‘z chiqishlarida Iroqda insoniyatga xavf solishi mumkin bo‘lgan kimyoviy qurollar ishlab chiqarilayotgani, Saddam Husayn tuzumi yadro quroli yaratish ustida ishlayotgani haqida gapira boshladi.

2001 yil 11 sentabr kuni AQShda terrorchilar bir nechta samolyotlarni olib qochadi va turli binolarga olib borib uradi. Oqibatda Nyu Yorkdagi egizak binolar qulab tushadi. Pentagon binosi shikastlanib, ko‘plab insonlar halok bo‘ladi.

Shundan so‘ng Kichik Bush ma’muriyati hujumni «Al-Qoida» a’zolari amalga oshirganini, bu tashkilot Afg‘onistonda qo‘nim topganini aytib chiqadi. Ko‘p o‘tmay AQSh armiyasi boshchiligidagi xalqaro koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistonga bostirib kiradi.

Ota-bola Jorj Bushlar
alamy.com

AQSh harbiylari Afg‘onistonda o‘sha paytda mamlakatning asosiy qismini egallab olgan «Tolibon» harakati bilan jang olib borar ekan, Kichik Bush Iroqqa ham bostirib kirish rejasidan voz kechmagandi.

2002 yilning kuziga kelib Kichik Bush ma’muriyati Iroqqa bostirib kirish uchun o‘ziga tarafdorlar yig‘a boshladi. AQShning Iroqqa bostirib kirishini o‘sha paytda dunyoning 50 dan oshiq davlati qo‘llab-quvvatlaydi (ular orasida O‘zbekiston ham bo‘lgan).

Iroqqa bosqin

2003 yil 18 mart kuni Jorj Bush Saddam Husaynga ultimatum e’lon qiladi. Unga ko‘ra Saddam 48 soat ichida Iroqni tark etishi kerak edi. Iroq prezidenti bu shartni pisand qilmaydi.

2003 yil 20 mart kuni AQSh harbiylari Iroqqa bostirib kiradi. Iroqqa qarshi urushga bir qancha arab davlatlari ham qo‘shilgan bo‘lib, koalitsiyaning bosh shtabi Qatarda joylashgan edi.

Urush boshlanganidan uch hafta o‘tib, 9 aprel kuni Bag‘dod egallanadi. Iroq armiyasining so‘nggi bo‘linmalari Saddam Husayn tug‘ilgan Tikritda yig‘ilib qarshilik ko‘rsatadi. 15 aprel kuni bu shahar ham ishg‘ol qilinadi. Shundan so‘ng Iroq armiyasi qarshilik ko‘rsatishni to‘xtatadi.

2003 yil 1 may kuni AQSh prezidenti Kichik Jorj Bush xalqaro koalitsiya kuchlari Iroqda g‘alaba qozonganini e’lon qiladi.

AQSh harbiylari Bag‘dod shahrida
alamy.com

Mustafo Saddamning qahramonligi

Garchi AQSh harbiylari Iroqdagi urushda g‘alaba qozonganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, Saddam va uning o‘g‘illari hali topilmagandi.

Saddam Husaynning uch o‘g‘li bo‘lgan. 1964 yilda tug‘ilgan Uday, 1966 yilda tug‘ilgan Qusay va 1980 yilda tug‘ilgan Ali. Ayrim ma’lumotlarga ko‘ra, Ali Saddamning o‘g‘li emas, nabirasi bo‘lgan.

Udayning farzandi bo‘lmagan. Qusayning Hasan, Umar va Mustafo ismli o‘g‘illari va Zaynab ismli qizi bo‘lgan. AQSh Iroqni bosib olar ekan, Qusayning kenja o‘g‘li, 14 yoshli Mustafo birdaniga mashhur bo‘lib ketadi.

Gap shundaki, 2003 yil iyul oyi oxirroqlarida amerikalik harbiylar Saddam Husaynning ikki o‘g‘li va nabirasi yashiringan uyni aniqlashga muvaffaq bo‘ladi.

Ular Saddam Husaynning amakivachchasi bo‘lgan Navaf al-Zaydonning Mosul shahridagi uyida edi. Keyinchalik aynan Navaf al-Zaydon amerikaliklarga uyida Saddamning o‘g‘illari yashiringanini chaqib bergani haqida xabarlar tarqaladi.

Shundan so‘ng Navaf al-Zaydonning uyini shturm qilish rejasi ishlab chiqiladi va 2003 yil 22 iyul kuni hujum boshlanadi.

Amerikaliklar uyni shturm qilishdan avval binoga o‘ndan oshiq raketa zarbasi beradi. Shundan so‘ng u yerda tirik jon qolmadi deb o‘ylashadi va binoga kira boshlashadi. Bino tepasida uchayotgan jangovar vertolyotlar ularni qo‘llab turadi.

Shu paytda ularga qarata to‘xtovsiz o‘q uzila boshlanadi. Shu joyda bir necha nafar AQSh askari halok bo‘ladi. Boshqalari yaralanadi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, raketa zarbalari berilgan paytda Qusayning o‘g‘li Mustafo tirik qolgan va amerikaliklarga o‘qlarni u uzgan edi.

Mustafo Saddam
photoshelter.com

Jang 6 soat davom etadi va bu vaqtda Mustafo 14 nafar amerikalik askarni o‘ldirishga muvaffaq bo‘ladi. Yana bir qanchasi yaralanadi.

Shu yerda amerikaliklar Mustafoni ham o‘ldirishadi. Oradan 10 kun o‘tgach iroqliklar Uday, Qusay va Mustafoni Saddam Husayn tug‘ilib o‘sgan Tikritning Al-Avja qishlog‘idagi qabristonga yashirincha dafn etadi.

Ko‘p o‘tmay jahon OAVda AQShning New York Tims nashri amerikalik askarlar bilan 6 soat davomida jang qilgan Mustafo Saddamni “21-asrning eng qo‘rqmas va botir o‘spirini” deb yozib chiqqani haqida xabar tarqaladi.

Hatto Angliyaning Guardian nashri ham bu xabarni tarqatadi. Aslida esa New York Tims nashri Mustafo Saddamning bir o‘zi amerikalik askarlar bilan jang qilgani haqida xabar bergan, biroq uni “21-asrning eng qo‘rqmas va botir o‘spirini” deb atamagandi.

Garchi Mustafo Saddamga “21-asrning eng qo‘rqmas va botir o‘spirini” deb ta’rif berilgani yolg‘on bo‘lsa-da, uning otasi va amakisining o‘limidan so‘ng amerikalik askarlar bilan bir necha soat jang qilib, qahramonlarcha halok bo‘lgani haqiqat.

Mustafo Saddamning bolaligi

Umumiy hisobda New York Tims nashri Mustafo Saddamning o‘limi haqida uch marta xabar bergan. Har uchala xabarda ham Mustafo Saddamning amerikaliklar bilan jang qilgani haqida aytilgan. Lekin ularda 14 yoshli Mustafoga “21-asrning eng qo‘rqmas va botir o‘spirini” deb ta’rif berilmagan.

Saddam Husaynning uchinchi o‘g‘li Alining keyingi taqdiri nima bo‘lgani haqida aniq ma’lumotlar yo‘q. U Iroqdan qochib ketgani va Livan yoki Suriyada boshqa nom bilan yashayotgani haqida tasdiqlanmagan xabarlar tarqalgan.

Saddam Husaynning qatl etilishi

Iroq armiyasi mag‘lubiyatga uchragandan so‘ng AQSh harbiylari 2003 yil 13 dekabr kuni Saddam Husaynni Tikrit shahri yaqinidagi Ad-Daur manzilida yashirinib yotgan joyidan topib oladi.

2005 yil 19 oktyabr kuni Saddamning sudi boshlanadi. Aynan uni jazolash uchun Iroqda o‘lim jazosi qayta joriy etiladi.

Saddam Husayn sud zalida

Saddamga kurdlarni qatag‘on qilish, ularga kimyoviy qurollar qo‘llash, shia mazhabidagilar yashaydigan hududlarda qatliom o‘tkazish, 1990 yilda Kuvaytga bostirib kirish va shu kabi ayblovlar qo‘yiladi.

U o‘ziga qo‘yilayotgan ayblarning hech birini tan olmaydi. Sud Saddamni ko‘plab jinoyatlarda aybdor deb topadi va uni o‘lim jazosiga hukm qiladi.

2006 yil Iroq vaqti bilan soat 6:00 da Saddamni osib o‘ldirishga kirishiladi. O‘sha kuni musulmonlarning muqaddas bayramlaridan biri Qurbon hayiti edi.

Jarayon AQShdagi telekanallardan birida jonli ko‘rsatiladi. Bu ish dunyo musulmonlarining g‘azabini keltiradi va o‘sha kuni dunyoning ko‘plab shaharlarida AQShga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tadi.

Saddam osib o‘ldirilgandan so‘ng sobiq prezidentning jasadi u mansub bo‘lgan Abu Nasr qabilasiga beriladi. U o‘zi tug‘ilib o‘sgan Tikrit shahriga dafn etiladi.

Saddam Husaynni Hayit kuni osib o‘ldirishgandi
wikipedia.org

Urushdan keyingi urush

Garchi Saddam Husayn ag‘darilib, Iroq xalqaro koalitsiya qo‘shinlari tomonidan bosib olingan bo‘lsa-da Iroq aholisi uzoq yillar davomida bosqinchilarga qarshi partizanlik urushlari olib boradi.

Bu urushlar oshkora bo‘lmay, asosan qo‘poruvchilik ko‘rinishida bo‘ladi. Bunda bosqinchilarning harbiy texnikalariga minalar o‘rnatishdan tortib, xudkush tomonidan o‘zini portlatib yuborishgacha bo‘lgan ishlar qilinadi.

Iroq bosib olinganidan so‘ng koalitsiyaga qo‘shilgan turli davlatlar navbati bilan u yerdan o‘z qo‘shinlarini olib chiqa boshlaydi.

2011 yil 15 dekabriga kelib Barak Obama prezidentligi davrida AQSh Iroq harbiy kampaniyasi yakunlangani haqida rasman e’lon qiladi. Amerika harbiylari ushbu mamlakatdan olib chiqiladi. 2014 yilda esa AQSh armiyasi yana qaytadi — bu safar IShIDga qarshi kurash olib borish uchun.

AQShning amaldagi prezidenti Jo Bayden va Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy 2021 yil yozida amerikaliklarning Iroqdagi jangovar missiyasi butunlay yakunlangani haqida e’lon qiladi.

Bayden va Iroq bosh vaziri Mustafo al-Kozimiy
thejournaldaily.com

Iroqning talafotlari va urushga qarshi namoyishlar

AQShning Iroqqa nohaq hujum qilishi va bosib olishi ortidan mamlakat tanazzulga uchraydi. Shahar va qishloqlar misli ko‘rilmagan darajada vayron bo‘ladi. Millionlab odamlar halok bo‘ladi, qochoqqa aylanadi.

Umumiy hisobda Iroqda halok bo‘lganlarning aniq soni ma’lum emas. Eng konservativ baholarga ko‘ra, Amerika harbiy amaliyotining dastlabki uch yilining o‘zida kamida 100 ming kishi qurbon bo‘lgan. To‘rt milliondan ortiq iroqlik o‘z uylarini tark etgan.

Turli ma’lumotlarga ko‘ra 2003 yildan 2010 yilgacha Iroqning tinch aholisidan 733 mingdan 1 million 446 ming nafargacha odam halok bo‘lgan.

Ayrim manbalar urushda halok bo‘lgan iroqliklar ancha kam ekani, umumiy miqdorga urush davomida boshqa sabablar bilan halok bo‘lganlar soni ham qo‘shilganini bildirgan.

2003 yildan 2011 yilga qadar xalqaro koalitsiyaning 4 799 nafar harbiy xizmatchisi o‘ldirilgan, shundan 4,4 mingdan ortig‘i amerikaliklar bo‘lgan.

Iroq urushi boshlanganidan to amerikalik harbiylar bu davlatdan batamom chiqib ketgunicha dunyoning turli shaharlarida AQShning Iroqdagi urushiga va harbiy harakatlariga qarshi namoyishlar bo‘lib o‘tadi.

Keyinchalik ma’lum bo‘lishicha, 2003 yil 3 yanvardan 12 apreligacha AQShning Iroqqa bostirib kirishiga qarshi dunyo bo‘ylab 3 mingdan oshiq namoyish o‘tkazilgan va ularda 36 million nafar odam qatnashgan.

Iroqning Mosul shahri amerikaliklar bostirib kirgandan so‘ng butunlay vayron bo‘lgan edi
sfgate.com

Bunday namoyishlar AQShning o‘zida ham bo‘lib o‘tadi. Ayniqsa Iroq bosib olinganidan so‘ng u yerda hech qanday jiddiy qurol topilmagach namoyishlarning ko‘lami kengayadi. Deyarli har kuni Oq uy oldida Kichik Bush va uning ma’muriyatiga qarshi namoyishlar o‘tkaziladi.

Shuningdek, AQSh harbiylari orasida Iroqdagi harbiy harakatlardan bo‘yin tovlash, qochib ketish hollari ko‘payadi. Jumladan, Iroq bosib olingandan so‘ng 2003 yil martdan 2004 yil boshigacha uyga ta’til berilgan AQSh harbiylaridan 1,7 ming nafari Iroqqa qaytishdan bosh tortadi.

2003 yil martdan 2009 yilgacha Iroqdagi harbiy harakatlarda qatnashgan AQSh harbiylaridan 8 ming nafari xizmat joyidan qochib ketadi.

Jorj Bushga otilgan tufli

2008 yil dekabr oyi o‘rtalarida AQSh prezidenti avvaldan e’lon qilinmagan tashrif bilan Iroqqa keladi. 14 dekabr kuni Bag‘dodda Bush va Iroq bosh vaziri Nuriy Malikiy ishtirokida matbuot anjumani o‘tkaziladi.

Bush va Malikiy yonma-yon turgan paytda pastda o‘tirgan Misrning Al-Bag‘dodiya telekanali muxbiri, iroqlik jurnalist Muntazar Zaydiy keskin harakat bilan o‘rnidan turadi va oyog‘idagi tuflilarini yechib Bushga otadi.

Bush chaqqonlik bilan har ikki tufliga ham chap beradi. Muntazar tuflilarini otayotgan paytda Bushga qarab «Bu senga iroqliklardan sovg‘a. Sen ko‘ppaksan», deb baqiradi. Bushning qo‘riqchilari tezda Muntazirni ushlab, zaldan olib chiqib ketadi.

Hodisa tasvirlangan video tez orada butun dunyo telekanallarida namoyish etiladi. Shundan so‘ng dunyoning turli burchaklarida jurnalistning himoyasi uchun namoyishlar boshlanadi.

Shu jumladan, hodisadan ikki kun o‘tib, 16 dekabr kuni Bag‘dodda ham jurnalistni ozod etishlarini talab qilib ko‘p ming kishilik namoyish o‘tkaziladi. Hodisadan ikki kun o‘tib internetda «Bushga valenka uloqtir» nomli o‘yin paydo bo‘ladi.

2008 yil 18 dekabr kuni Zaydiyning «quroli» bo‘lgan tuflilar Amerika maxsus kuchlari tomonidan yo‘q qilinadi. 2009 yil 12 mart kuni Zaydiy uch yil qamoq jazosi oladi. O‘sha yili 11 sentabr kuni u «o‘zini yaxshi tutgani uchun» qamoqdan ozod qilinadi.

Jorj Bushga tuflisini otgan Muntazar az-Zaydiy
alamy.com

Xulosa

AQShning Iroqqa bosqini yaqin tarixdagi AQShning Vetnamga, SSSRning Afg‘onistonga bostirib kirishi kabi nohaq urushlaridan biri bo‘ldi.

Bu bosqin dunyo gegemonligiga da’vogar davlatlar Yer yuzining turli hududlarida o‘z ta’sir doirasini o‘rnatish yoki kengaytirish uchun hech narsadan qaytmasligini ko‘rsatdi.

Katta ehtimol bilan bundan keyin ham ular o‘zi to‘g‘ri deb biladigan shu mash’um ssenariyni boshqalarga nisbatan qo‘llab ko‘rishdan qaytmoqchi emas.

Dunyo yirik davlatlar kuchsizroqlarining hududini bosib olib, o‘zlariga yarim vassal hukumat tuzishga intilishidan hali-beri qutuladiganga o‘xshamaydi.

21-asrning uchinchi o‘n yilligida ham bu yovvoyilik odamlarni qiynamoqda. Yevropa markazida mustaqil Ukraina davlatiga Rossiyaning bostirib kirishi yoki Isroilning Falastin va Livanni vayron qilayotgani ham shundan dalolat beradi.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: