Vengriyaning o‘z vatanida korrupsiyada ayblanib jinoiy ish ochilgan Polsha adliya vazirining sobiq o‘rinbosari Markin Romanovskiyga boshpana berish qarori Varshavaning noroziligiga sabab bo‘ldi. Bu haqda 20 dekabr, juma kuni Polsha tashqi ishlar vaziri Radoslav Sikorskiy ma’lum qildi.
«Biz Viktor Orban hukumatining jinoyatda gumon qilinayotgan va Yevropa hibsga olish orderi bilan qidiruvda bo‘lgan Romanovskiyga siyosiy boshpana berish to‘g‘risidagi qarorini Polsha Respublikasiga va Yevropa Ittifoqi tamoyillariga nisbatan dushman harakati deb bilamiz», — deyiladi Polsha tashqi ishlar vazirligi rahbarining X ijtimoiy tarmog‘ida.
Vengriya bosh vaziri Orban ma’muriyati rahbari Romanovskiyga boshpana berilishini uning ishi siyosiy motivlar borligi bilan oqladi. «Bosh vazir Donald Tusk hukumatining xatti-harakatlari Polsha hukumati Konstitutsiyaviy sud qarorlarini e’tiborsiz qoldiradigan va jinoiy qonunchilikdan siyosiy raqiblarga qarshi vosita sifatida foydalanadigan vaziyatni yaratdi», — deya Vengriya rasmiysining so‘zlaridan iqtibos keltirmoqda dpa.
Varshava bu ayblovlarni rad etdi va Budapeshtdagi elchisini noma’lum muddatga chaqirib oldi. Bundan tashqari, Vengriyaning Varshavadagi elchisi Polsha Tashqi ishlar vazirligiga chaqirilib, unga norozilik notasi topshirildi.
Tusk Orbanni Lukashenko bilan taqqosladi
Polsha bosh vaziri Donald Tusk ham Vengriya rasmiylarini Romanovskiyga boshpana bergani uchun keskin tanqid qildi. Ayblovdan yashiringan poraxo‘r amaldorlar endi Belarus hukmdori Aleksandr Lukashenko va Vengriya bosh vaziri Viktor Orbandan birini tanlashi mumkin, dedi Tusk. «O‘g‘rilik qilganlar, korrupsionerlar o‘zlariga o‘xshash siyosatchilar hukmronlik qiladigan mamlakatlardan boshpana izlaydilar», deb ta’kidladi Polsha bosh vaziri. May oyida Polsha Sudyalar milliy kengashining yuridik bo‘limi boshlig‘i Tomash Shmidt Belarusdan boshpana so‘ragan edi.
Orbanning o‘zi Romanovskiyga siyosiy boshpana berish tafsilotlaridan bexabarligini aytdi. «Men bilganim shuki, Polsha va Vengriya o‘rtasidagi munosabatlar unchalik yaxshi emas, ayniqsa Polsha adliya vaziri (Adam Bodnar) Politico'da Vengriya hukumatiga qilgan hujumlaridan keyin», dedi u. 18 dekabr kuni ushbu nashr Bodnar bilan suhbatni «Polsha vaziri Orban ostidagi Vengriya qaytib kelmaydigan yo‘lda ekani haqida ogohlantirmoqda» degan sarlavha bilan chop etdi.