Fransiya hukumati 19 dekabr, payshanba kuni kechqurun Chad hukumatidan fransuz harbiy kontingentini 31 yanvarga qadar ushbu Afrika mamlakatidan to‘liq olib chiqib ketish to‘g‘risida xabarnoma oldi, deb xabar berdi Fransiya xalqaro radiosi (RFI) hukumatga yaqin manbalarga tayanib.
RFI suhbatdoshlari Chadning talablarini real emas deb atadi. Fransiyaning yuqori martabali harbiy amaldorlari ommaviy axborot vositalariga bergan intervyusida: «Ming nafar askar va ko‘plab jihozlarni yetti hafta ichida olib chiqib ketishning iloji yo‘q», dedi. Ular qabul qilingan xabarnomani «Chaddagi hokimiyat doiralarining bosimi» deb atadi, shu bilan birga, muzokaralar davom etayotganini va «texnik xarakterga ega, ammo yaxshi ketayotganini» tushuntirdi.
Chad rasmiylariga yaqin manbaning aytishicha, fransuz qo‘shinlarini olib chiqishning dastlabki jadvali mart oyigacha hisoblangan, biroq u juda uzoq deb hisoblangani uchun rad etilgan. RFI suhbatdoshiga ko‘ra, Chad uchun eng yaxshi variant fevral oyi oxirigacha yoki Ramazon oyi (12 mart) boshlanishidan oldin harbiylarni olib chiqish bo‘ladi. «Vaziyatning Sahel davlatlari ittifoqiga aloqasi yo‘q. Biz har ikki tomonga mos keladigan yechim topishga harakat qilmoqdamiz», — deya qo‘shimcha qildi u.
Fransuz qo‘shinlari evakuatsiyasi
RFI ta’kidlashicha, bir necha kun avval Fransiyaning Mirage-2000 qiruvchi samolyoti Chad poytaxti Njamena yaqinidagi aviabazani tark etgan, keyingi hafta esa Fransiyaning Fay-Largeau (50 nafar askar) va Abeshe (taxminan 100 kishi) nazorat-o‘tkazish punktlarini evakuatsiya qilish boshlanadi. «Biz kuchlar va aktivlarni bo‘shatish jadal sur’atlar bilan davom etayotganini ko‘rsatmoqchimiz», deb ta’kidladi fransuz harbiy amaldorlari va bu hududlar Njamenadan o‘n kunlik yo‘lda joylashganligini qayd etdi. Keyinchalik Chad poytaxti yaqinidagi Adji-Kossey bazasidan fransuz harbiylarini olib chiqishni boshlash rejalashtirilgan.
Chad ilgari Fransiyaning mustamlakasi edi. Afrika respublikasi 1960 yilda mustaqillikka erishdi. 29 noyabr kuni mamlakat hukumati Fransiya bilan 2019 yilda imzolangan mudofaa shartnomasini bekor qildi. Chad hukumati bu qarorni respublika suverenitetini himoya qilish istagi bilan izohladi. Shartnomaning bekor qilinishi mamlakatga strategik sheriklik munosabatlarini qayta ko‘rib chiqish imkonini beradi, deb tushuntirdi Chad TIV.
Aprel oyida respublika hukumati Amerikaning Adji-Kossey aviabazasidagi harbiy faoliyatini to‘xtatishni talab qilib, ularning mavjudligi uchun asos yo‘qligini ko‘rsatdi. O‘sha oyda Pentagon ba’zi harbiy xizmatchilarni Chaddan olib chiqib ketganini e’lon qildi.