Astronomlar Somon yo‘li galaktikasi markazida noyob qo‘shaloq yulduz tizimini kashf etdi

Jahon 00:37 4579

Astronomlar ilk bor Somon yo‘li markazidagi Sagittarius A supermassiv qora tuynugi yaqinida bir-birining atrofida aylanuvchi qo‘sh yulduzlarni aniqladi. Taqiqot natijalari Nature Communications jurnalida chop etildi.

Avvaliga olimlar ushbu obektlarni oddiy gaz va chang bulutlari deb o‘ylagan, ammo kuzatuvlar davomida u qo‘shaloq yulduz tizimi ekani tasdiqlangan.

«Tahlillarimni xato deb o‘ylagan edim, ammo qo‘shimcha kuzatuvlardan keyin barchasi ayon bo‘ldi: biz ushbu to‘dadagi ilk qo‘sh yulduzni aniqladik. Qora tuynuklar biz taxmin qilganimizdek vayronkor emas», — deydi tadqiqotning yetakchi muallifi Florian Peysker.

Yevropa janubiy observatoriyasining (ESO) ulkan teleskopi yordamida to‘plangan ma’lumotlar ushbu yulduzlar qariyb 2,7 million yoshda ekanini ko‘rsatmoqda. Yulduzlardan biri Quyoshdan 2,9 barobar katta, ikkinchisi esa uning massasining atigi 0,73 qismini tashkil etadi. Yulduzlarning bir-birini atrofida aylanish sikli 372 kunga teng.

Qo‘sh yulduz tizimi qora tuynukka yaqin bo‘lishiga qaramay, barqaror holatda. Ammo million yildan keyin qora tuynukning gravitatsion ta’siri yulduzlarning yagona obektga birlashishiga olib kelishi mumkin.

«Kashfiyotimiz galaktika markazida hozirga qadar noma’lum sayyoralar borligini taxmin qilish imkonini beradi, chunki ular asosan yosh yulduzlar atrofida shakllanadi. Aftidan, bularning aniqlanishi — bu vaqt masalasi», — deydi Peysker.

Ko‘proq yangiliklar: