Qarshidagi fojianing gaz yoki is gazi bilan bog‘liqligi ehtimoldan yiroq - “Hududgazta’minot”

O‘zbekiston 17:34 8116

17 dekabr kuni Qarshi shahrida 46 yoshli erkak va uning uch farzandi o‘zlari yashab kelgan xonadonda jonsiz holda topildi. Bosh prokuratura matbuot xizmatiga ko‘ra, hodisaga is gazi sabab bo‘lgan. Ammo “Hududgazta’minot” bu versiyaga qo‘shilmasligini ma’lum qildi.

Kompaniya matbuot xizmatining Kun.uz'ga ma’lum qilishicha, voqea joyini tekshirgan FVB va gaz ta’minoti mas’ullari gaz bilan bog‘liq muammo yo‘qligini aniqlagan.

“Mutasaddi xodimlar ishtirokida tekshirilganda yer to‘lada o‘rnatilgan 2 dona isitish qozonlarining dudburonlarini bir-biriga bog‘lanish joyi ochiq holatda ekani, xonadonning yer to‘lasida joylashgan isitish qozonining ishlash jarayoni tekshirilib ko‘rilganda, tabiiy gaz bosimi bir me’yorda ekani, gazoanalizator bilan ko‘rilganda xonada gaz sizib chiqishi holatlari yo‘qligi, dudburonning tortish kuchini gugurt yordamida tekshirilganda tortish kuchi borligi aniqlandi.

Yuqoridagi holatlar, mazkur baxtsiz hodisa gaz yoki is gazi bilan bog‘liqligi ehtimoldan yiroqligini ko‘rsatmoqda”, – deyiladi “Hududgazta’minot” AJ axborotida.

Qo‘shimcha qilinishicha, baxtsiz hodisa sabablari prokuratura, ichki ishlar, favqulodda vaziyatlar va boshqa tegishli mutasaddi tashkilotlar tomonidan o‘rganilmoqda. Ekspertiza xulosalariga ko‘ra, qo‘shimcha ma’lumot beriladi.

Eslatib o‘tamiz, prokuratura ilgari surgan versiyaga ko‘ra, uy yerto‘lasida o‘rnatilgan zamonaviy ikki konturli isitish qozoni mo‘risining umumiy ventilyatsiya mo‘risiga ulangan qismidan is gazi chiqqan.

Hodisa oqibatida 46 yoshli erkak va uning 18, 16 va 10 yoshda bo‘lgan uch farzandi halok bo‘ldi.

Ko‘proq yangiliklar: