Suriyadagi rejim qulagach, butun dunyo bo‘ylab Bashar Asad oilasi tomonidan hokimiyatdagi 50 yildan oshiq vaqt davomida to‘plangan milliardlab dollar qiymatdagi naqd pullar hamda aktivlar uchun «global ov» boshlandi, deb yozadi The Wall Street Journal.
Asadlar oilasi boyligining aniq miqdori noma’lum. AQSh Davlat departamenti 2022 yilda bu miqdorni aniqlash qiyinligi qayd etib, Asadlar oilasi bilan aloqador aktivlarni bir milliarddan 12 milliard dollargacha baholagandi. WSJ amerikalik sobiq mulozimlar hamda tadqiqotchilarga tayangan holda Bashar Asadning yaqinlari tomonidan amalga oshirilgan xaridlar qatorida Moskvadagi elita turar joylar, Venadagi butik-otellar hamda Dubaydagi xususiy samolyotni keltirgan.
«Rejim aktivlari uchun ov xalqaro miqyosda boshlanadi. Ularda o‘z pullarini yuvish uchun inqilobga qadar juda ko‘p vaqt bor edi. Ularda doimo „B“ rejasi bo‘lgan va hozirda ular surgunga juda yaxshi tayyorlangan», — deydi Oq uyning sobiq xodimi, AQSh sanksiyalariga rioya etilishi bo‘yicha ish davomida Asadlar oilasining aktivlarini qidirish bilan shug‘ullangan Endryu Tabler.
Asadlar oilasi Basharning otasi, 1970 yilda hokimiyat tepasiga kelgan Hafiz Asad davridayoq mulklarni egallab olishni boshlagan. Bashar Asadning universitetdagi do‘sti Ayman Abdul Nurning so‘zlariga ko‘ra, u o‘z bojasi kuyovi Muhammad Mahlufni tamaki mahsulotlari importi monopoliyasiga rahbar qilib qo‘ygan. Bundan tashqari, Mahluf jadal rivojlanayotgan qurilish sektoridan katta miqdorda komissiya to‘lovlari oladi. 2000 yilda Hafiz Asad vafot etib, uning o‘rniga o‘g‘li Bashar prezident bo‘lganida, Muhammad Mahluf ham o‘z biznes-imperiyasini o‘g‘li Ramiga o‘tkazadi.
Parijlik advokat, Asadlarning aktivlarini o‘rgangan Uilyam Burdonning so‘zlariga ko‘ra, Mahluflar oilasi prezident nomidan harakat qilib pul ishlab, zarurat tug‘ilganda rejimni va hukmron oilani moliyalashtirishi ko‘zda tutilgandi. Yakunda Rami Mahluf bank sektori, media, bojsiz savdo qiluvchi do‘konlar, aviakompaniyalar va telekommunikatsiya sohalarida aktivlarga ega bo‘ldi — AQSh Davlat departamenti baholariga ko‘ra, bu aktivlar bahosi 10 milliard dollar atrofida bo‘lgan.
Suriyada 2011 yilda boshlangan fuqarolik urushi Asadlar oilasiga boyish uchun yangi imkoniyatlarni ochadi. Prezidentning kichik ukasi Mohir Asad armiyaning elita 4-zirhli tank diviziyasiga qo‘mondonlik qilgan, diviziya harbiylari kaptagon («jihodchilar narkotigi» deb ham atalgan psixotrop modda) kontrabandasi bilan shug‘ullanib, uni Yaqin Sharqning boshqa mintaqalariga yetkazib bergan.
Kaptagon savdosini kuzatish bilan ham shug‘ullanuvchi «Siyosiy va iqtisodiy tarmoqlar observatoriyasi» tadqiqot tashkiloti ma’lumotiga ko‘ra, giyohvand moddalar savdosidan kelgan daromad (2020-2020 yillarda yillik daromad 2,4 milliard dollar atrofida bo‘ladi) ko‘p yillar mobaynida Asad rejimiga G‘arbning qattiq iqtisodiy sanksiyalari yetkazgan zararni qoplashga imkon bergan.
WSJ qayd etishicha, Bashar Asad oilasi vakillarining ko‘pchiligi biznes bilan shug‘ullangan — xususan, uning Buyuk Britaniyada tug‘ilgan va Amerikaning JPMorgan investitsiya kompaniyasida konsultant bo‘lib ishlagan rafiqasi Asma ham. «Hukmron oila a’zolari zo‘ravonlik va moliyaviy jinoyatlar kabi sohalarda ekspertlar bo‘lishgan», — degan Guernica 37 International Justice Chambers’dan bo‘lgan londonlik advokat, Asadlar biznesini o‘rgangan Tobi Kedman.
Remi Mahlufning oilasi muntazam ravishda xorijda katta pullar sarflagan. Tadqiqotchilarga ko‘ra, Dubayda 3,9 million dollarga ko‘chmas mulk, Venada — butik-otellar va Buddha Bar restoraniga aloqador franshiza, Rossiyada — Moskva-Sitidan 40 million dollarlik apartamentlar sotib olingan. Asadlar oilasi kamida 19 ta apartament xarid qilgani haqida Financial Times gazetasi 2019 yildayoq yozgandi. Mohir Asad ham investitsiyalar bilan shug‘ullangan — Yevropa mamlakatlardan birining razvedkasi sobiq xodimi so‘zlariga ko‘ra, uning aktivlari orasida Argentinadagi choy plantatsiyasi ham bor.
2020 yilda Bashar Asad oshkora tarzda Rami Mahlufni aktivlar boshqaruvidan chetlatadi. U uy qamog‘iga yuboriladi, biznesni boshqarish davlatga o‘tkaziladi. Ularning o‘rtasidagi bahs tafsilotlari ochiqlanmagan, ammo WSJ nashri yozishicha, shu vaqtdan Bashar Asad iqtisodiy oqimlar ustidan nazoratni kuchaytira boshlagan. Qolaversa, Rami Mahlufning ikki o‘g‘li Dubayda dabdabali hayot kechirgani Suriyadagi fuqarolik urushi va aholi qashshoqlashuvi fonida ortiqcha ko‘ringan bo‘lishi mumkin.
Ammo Asadlar oilasi aktivlarini qidirish, katta ehtimol bilan uzoqqa cho‘ziladi, deb qayd etadi WSJ. Nashr bu o‘rinda Saddam Husayn va Muammar Qazzofiyning xorijda yashirilgan boyliklarini qaytarish bo‘yicha uzoq yillik sud jarayonlarini eslatib o‘tgan. Bunday pullarni topish va muzlatish oson kechmaydi. Garchi boylikning kichik bir qismi allaqachon cheklovlarga duchor bo‘lgan bo‘lsa ham (masalan, Fransiyada Basharning amakisi Rifat Asad egalik qilgan 90 million yevrolik mulk), ayniqsa Dubay va Rossiyadan pullarni qaytarish juda qiyin bo‘ladi, deya qayd etadi advokat Uilyam Burdon.
Rami Mahluf va Mohir Asad ayni vaqtda qayerdaligi noma’lum. Bashar Asad Moskvadan boshpana olgan — Rossiya prezidenti matbuot kotibi ma’lumot berishicha, bu boradagi qarorni shaxsan Putin qabul qilgan. Kremldagilar Asadlarning Rossiyadagi aktivlari to‘g‘risidagi savolni ochiq qoldirgan.