Rossiya Federatsiyasining Federal moliyaviy monitoring xizmati (Rosfinmonitoring) halok bo‘lgan muxolifatchi siyosatchi Aleksey Navalniyni «ekstremistlar va terrorchilar» ro‘yxatidan chiqarishdan bosh tortdi. Rossiya xizmatining javobi yozilgan hujjat 10 yanvar, juma kuni Telegramʼda siyosatchining bevasi Yuliya Navalnaya tomonidan e’lon qilindi. Hujjatdan ma’lum bo‘lishicha, Navalniyning onasi Lyudmila tegishli so‘rov bo‘yicha Rosfinmonitoring bilan bog‘langan.
«Ular Alekseydan vafot etganidan keyin ham qo‘rqyapti, - dedi Yuliya Navalnaya xizmatning javobiga izoh berib. - Bu nima uchun kerak? Shubhasiz, Alekseyga bank hisoblarini ochishni taqiqlash uchun emas. Bu endi mumkin emas. Buni sizni qo‘rqitish maqsadida qilishyapti, hatto Alekseyni eslashdan qo‘rqishingizni va uning ismini asta-sekin unutishingizni xohlashyapti». Muxolifatchining bevasi Rossiya qonunchiligiga ko‘ra, shaxsning o‘limi «olib tashlash uchun so‘zsiz asos (Rosfinmonitoring ro‘yxatidan)» ekanini ta’kidlab, qaror ustidan shikoyat qilishga va’da berdi.
RFda Navalniy kitobining elektron versiyasini bepul yuklab olish mumkin
30 dekabr kuni chop etilgan Aleksey Navalniyning «Patriot» xotiralar kitobining elektron versiyasini Rossiyadan foydalanuvchilar bepul yuklab olishlari mumkin. Bu haqda rossiyalik muxolifatchining bevasi Yuliya Navalnaya ma’lum qildi va buning uchun ro‘yxatdan o‘tish yoki ma’lumot qoldirishning hojati yo‘qligini ta’kidladi: «Shunchaki saytga kiring, maxsus tugmani bosing — shunda sizda kitob bo‘ladi».
«Men bu kitobni iloji boricha ko‘proq odamlar o‘qishini xohlayman», — deb yozdi u ijtimoiy tarmoqlarda. Navalnaya postga qo‘shilgan videomurojaatida tushuntirganidek, «o‘nlab mamlakatlarda millionlab odamlar shunchaki do‘konga borib sotib olish imkoniga ega ekani, lekin Rossiyada bu hali mumkin emasligi yaxshi emas».
Boshqa mamlakatlar aholisi Navalniyning elektron formatdagi xotiralarini 10 yevroga sotib olishlari mumkin.
Bir vaqtning o‘zida 26 tilda nashr etilgan Aleksey Navalniyning «Patriot» avtobiografiyasi 22 oktyabr kuni sotuvga chiqdi. Germaniyada kitob Fischer tomonidan nashr etilgan. Nashriyot veb-saytida ta’kidlanganidek, bu - «o‘z e’tiqodlari uchun eng yuqori narxni to‘lagan qo‘rqmas muxolifat liderining kuchli va ta’sirli avtobiografiyasi».