G‘azodagi maktablarga hujum, Turkiyaning Suriyadagi asosiy maqsadi va hibsga olinayotgan janubiy koreyalik harbiylar - kun dayjesti

Jahon 13:12 / 16.12.2024 4018

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

G‘azodagi vaziyat

Bir haftadan ziyod vaqt mobaynida Suriyadagi qaynoq voqealar fonida G‘azodagi vaziyat omma e’tiboridan tushgandek bo‘ldi. Biroq Isroilning bu yerdagi bombalashlari tingani yo‘q.

Isroil qo‘shinlari G‘azoda «Al-Majida Vasila» maktabiga aviahujum uyushtirib, kamida 7 falastinlikni o‘ldirdi va 12 nafarini yarador qildi. Ushbu maktabda G‘azoning boshqa hududlaridan majburan ko‘chirilgan aholi jon saqlab kelayotgan edi. Shuningdek, Beyt-Hanundagi Xalil Uvayda maktabiga qilingan hujumda 15 nafar tinch aholi halok bo‘lgani ma’lum qilinmoqda.

Markaziy G‘azoda, Nusayrat qochqinlar lageridagi Radiylar oilasi istiqomat qiladigan uyga ham Isroil havo hujumi uyushtirdi. Hodisa natijasida ko‘plab jarohatlanganlar borligi xabar qilingan.

Falastin Matbuot assotsiatsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, Isroilning G‘azodagi hujumlari davomida halok bo‘lgan jurnalistlar soni 195 kishiga yetdi. Oxirgi qurbonlardan biri Livanning «Al-Mashhad» telekanali muxbiri Muhammad Balushe bo‘ldi.

2023 yilning 7 oktyabridan buyon G‘azoda Isroil agressiyasi qurbonlarining soni 44 ming 976 nafarga yetgani qayd etilmoqda.

Isroil Jo‘lan tepaliklarini bermoqchi emas

Isroil hukumati Jo‘lan tepaliklarida yahudiylar sonini oshirish va aholi punktlarini kengaytirish dasturini ma’qulladi. Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu bu harakatni mamlakat xavfsizligini mustahkamlash uchun muhim qadam sifatida baholadi.

«Jo‘lanni mustahkamlash Isroil davlatini mustahkamlaydi. Biz bu yerda farovonlikni oshirish va aholini ko‘paytirishda davom etamiz», — dedi Netanyahu.

Dastur uchun 11 mln dollar ajratilishi rejalashtirilgan. Uning doirasida ta’lim tizimini rivojlantirish, qayta tiklanuvchi energiya manbalarini yaratish va talabalar qishlog‘ini tashkil qilish nazarda tutilmoqda.

2021 yilda Naftali Bennet hukumati Jo‘lan tepaliklarida 23 ming yangi ko‘chmanchilarni joylashtirish va 7300 uy qurish uchun 317 million dollar ajratgan edi.

Jo‘lan tepaliklari 1967 yilgi «olti kunlik urush»dan keyin Isroil tomonidan bosib olingan. 9 dekabr kuni Netanyahu Jo‘lan hududi «Isroil hukmronligi ostida abadiy qoladi», deb ta’kidladi.

Erdo‘g‘an Damashq va Halab haqida

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an «Adolat va taraqqiyot partiyasi»ning Saqaryadagi qurultoyida «agar Birinchi jahon urushi natijalari boshqacha bo‘lganida, Suriyaning Halab, Idlib, Hama, Damashq va Raqqa shaharlari Turkiyaning viloyat markazlari bo‘lishi mumkin edi», dedi.

Erdo‘g‘anning ta’kidlashicha, tarixiy shartlar o‘zgarganiga qaramay, Turkiya Suriya aholisi bilan aloqalarini saqlab qolishga harakat qilgan. Biroq rus OAV Erdo‘g‘anning so‘zlarini noto‘g‘ri talqin qilib, u go‘yoki Suriya hududlarini bosib olish rejalarini aytganini xabar qildi. Turkiya prezidenti devoni buni rad etib, so‘zlar tarixiy mulohaza sifatida bayon etilganini bildirdi.

Birinchi jahon urushida Usmoniylar imperiyasi mag‘lubiyatga uchraganidan so‘ng, Suriya Fransiya hukmronligiga o‘tgan va 1946 yilda mustaqillikka erishgan. Turkiya esa imperiyadan qolgan hududlarni yo‘qotgan bo‘lsa-da, qo‘shni xalqlar bilan qardoshlik aloqalarini saqlab qolgan.

Turkiyaning Suriyadagi asosiy maqsadi

Turkiya mudofaa vaziri Yashar Guler Anqaraning Suriyadagi yangi hukumatga harbiy va mudofaa sohasida yordam ko‘rsatishga tayyor ekanini ma’lum qildi. Buning uchun Suriyaning yangi rahbariyati rasmiy murojaat qilsa bas.

Gulerga ko‘ra, yaqin kelajakda Suriyada RKK/YPG terrorchilari butunlay yo‘q qilinishi kerak. Bu nafaqat Turkiyaning, balki Suriya yangi rahbariyatining ham asosiy maqsadi bo‘lishi lozim.

«Biz Iroq va Suriyadagi kurdlar bilan emas, faqat terrorchilar bilan kurashmoqdamiz», dedi u.

Turkiya Qurolli kuchlari shu yilda Iroq va Suriyaning shimolida qariyb 3 ming terrorchini zararsizlantirgan.

Gulerga ko‘ra, Turkiyaning Suriyadagi asosiy maqsadi Suriyaning hududiy yaxlitligini saqlash, siyosiy jarayonni tinch yo‘l bilan yakunlash va chegaralar atrofini terrorchi unsurlardan tozalashdan iborat.

43 yillik qamoqdan so‘ng

Suriyalik harbiy uchuvchi Rog‘id Ahmad at-Tatariy 43 yillik qamoqdan so‘ng ozodlikka chiqdi. Uni dunyodagi eng keksa siyosiy mahkumlardan biri deb atashadi. 1981 yilda, u hali 27 yoshli yigit bo‘lganida, hamkasbi — harbiy uchuvchining Iordaniyaga qochishi haqidagi ma’lumotni yashirganlikda ayblanib, hibsga olingan edi.

Rog‘id at-Tatariy dastlab Mezze qamog‘ida ikki yil yolg‘iz qamoqda saqlandi, so‘ngra mashhur Tadmor qamoqxonasiga o‘tkazildi va u yerda 2000 yilgacha qoldi. Keyin u Sednaya qamoqxonasiga, 2011 yilda esa Damashqdagi Adra markaziy qamoqxonasiga o‘tkazildi. Atigi bir daqiqa davom etgan harbiy sud uni umrbod qamoqqa hukm qilgan.

Asad rejimi ag‘darilgandan so‘ng u ozodlikka chiqdi.

Rossiyaning Suriyadagi bazalari taqdiri

Rossiya o‘z qo‘shinlarini Suriya shimolidagi front chizig‘idan qisman olib chiqmoqda, ammo asosiy ikkita baza — Tartus harbiy-dengiz bazasi va Lataqiya yaqinidagi Hmeymim harbiy-havo bazasida qo‘shinlar joyida qoladi, deb xabar bermoqda Reuters suriyalik amaldorlarga tayanib.

Harbiy va xavfsizlik sohasidagi manbalarga ko‘ra, Rossiya og‘ir texnikalarining bir qismini Moskvaga olib ketmoqda, ammo ikkala baza faoliyatini davom ettiraveradi.

Suriyaning yangi ma’muriyati Rossiyaning bazalarini saqlab qolish masalasini muhokama qilish niyatida emasligini bildirgan. Ammo Rossiya hukumati mazkur bazalarni uzoq muddat saqlab qolish uchun muzokaralarni davom ettirayotganini ta’kidlamoqda.

2017 yilda Rossiya va Suriya 49 yilgacha ushbu bazalardan foydalanish bo‘yicha kelishuv imzolagandi. Hmeymim aviabazasida 7,5 ming harbiy, zirhli texnika va zamonaviy qurollar joylashgan.

Kerch bo‘g‘ozida ikki tanker halokati: ekologik ofat xavfi

Kerch bo‘g‘ozida Rossiyaga qarashli «Volgoneft-212» va «Volgoneft-239» tankerlari halokatga uchradi. Har ikki kema qumloqqa o‘tirib qolgan yoki boshqaruvni yo‘qotgan. «Volgoneft-212» tankeridan 13 dengizchi evakuatsiya qilingan, ulardan biri vafot etgan, ikki kishi og‘ir ahvolda shifoxonaga yotqizilgan.

Har ikki tankerda 5000 tonna atrofida mazut bo‘lib, bu yoqilg‘i dengizga tushgan taqdirda, tarixiy ekologik falokatga sabab bo‘lishi mumkin, deydi ekologlar.

Greenpeace xalqaro tashkiloti xabariga ko‘ra, mazut yoyilishi natijasida Qora dengiz tarixidagi eng yirik texnogen fojialardan biri kuzatilishi mumkin.

Hodisada halokatga uchragan kemalar 1980-yillarda faqat daryolarda suzishda foydalanish uchun qurilgan bo‘lib, keyin yaqin dengizlarda suzishga moslashtirilgan. Lekin dovulli ob-havo sharoitida ularning korpusi bosimga dosh bera olmagan. So‘nggi 30 yil ichida bunday kemalarda mingdan ortiq odam halok bo‘lgani haqida ma’lumot bor.

Ukraina dronlari Chechenistonga zarba berdi

15 dekabr tongida Ukraina dronlari Chechenistondagi «Axmat-Grozniy» OMON bazasiga hujum qildi. Checheniston rahbari Ramzon Qodirov uchta drondan biri baza hududiga qulagani, qolganlari havo hujumidan mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ma’lum qildi. Uning so‘zlariga ko‘ra, halok bo‘lganlar va jarohatlanganlar yo‘q.

Chechen muxolifatchilarining NIYSO kanali esa beshta portlash haqida xabar berdi. Ularga ko‘ra, hujumlar patrul-post xizmati polki va harbiy bazaga ham qilingan, ammo bu ma’lumot Qodirov tomonidan tasdiqlanmadi.

Qodirov Rossiya armiyasi Xarkivdagi ukrain obektlariga «qasos zarbalari» yo‘llaganini, natijada 200 nafar ukrain harbiysi halok bo‘lganini aytdi, ammo bu da’volar hech qanday dalil bilan tasdiqlanmadi. Xarkiv ma’muriyati rossiyaliklarning zarbalarida bir ayol yaralanganini ma’lum qildi.

Chechenistonda Ukraina dronlarining hujumlari dekabr oyida uchinchi bor kuzatilmoqda.

Janubiy Koreya: harbiylar hibsga olinmoqda

Janubiy Koreya politsiyasi mamlakat harbiy razvedka qo‘mondonligi rahbari Mung San Hyoni hibsga oldi. U 3 dekabr kuni harbiylarni Markaziy saylov komissiyasi binosiga yuborganlikda gumonlanmoqda. Politsiya taxminiga ko‘ra, Mung prezidentning Janubiy Koreyada harbiy holat joriy etish rejalaridan oldindan xabardor bo‘lgan. Harbiy holat e’lon qilinganidan ikki daqiqa o‘tgach, u harbiylarni binoga jo‘natish buyrug‘ini bergan.

Harbiy razvedkaning sobiq rahbari No Sang Von ham hibsga olingan. U harbiy holat rejasini tayyorlashda ishtirok etganlikda gumon qilinmoqda. Shuningdek, uning sobiq mudofaa vaziri Kim Yong Xyun bilan yaqin aloqalari bo‘lgani qayd etilgan. Kim Yong Xyun mazkur rejaning asosiy ijrochisi sifatida 8 dekabrda hibsga olingandi.

3 dekabr kuni Janubiy Koreya prezidenti Yun Suk Yol harbiy holat e’lon qilib, parlament faoliyatini taqiqladi. Parlament bu qarorni bekor qilib, 14 dekabr kuni prezidentga impichment e’lon qildi. Prezidentning taqdiri 16 dekabr kuni Konstitutsiyaviy sudda hal etiladi.

Ko‘proq yangiliklar: