AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp AQShning Germaniyadagi sobiq elchisi Richard Grenelni «maxsus ishlar bo‘yicha maxsus elchi» etib tayinlashga qaror qildi. U Vashington bilan munosabatlari keskin yoki beqaror bo‘lgan mamlakatlar va mintaqalarga yuborilishi kutilmoqda. «Rik dunyodagi eng qiyin hududlarda, jumladan, Venesuela va Shimoliy Koreyada ishlaydi», — deb yozgan Tramp 14 dekabr, shanba kuni Truth Social sahifasida.
U Grenelning kelgusi vazifalarini batafsil tasvirlab bermadi. Prezident Donald Trampning birinchi muddati davomida, 2017 yildan 2021 yilgacha Richard Grenell AQShning Germaniyadagi elchisi, Serbiya va Kosovodagi tinchlik muzokaralari bo‘yicha prezidentning maxsus elchisi hamda Milliy razvedka direktori vazifasini bajaruvchi lavozimlarida ishlagan.
Saylov kampaniyasi davomida Grenell Trampni faol qo‘llab-quvvatlagan va ko‘pchilik tomonidan AQSh davlat kotibi lavozimiga nomzod sifatida ko‘rilgan. Biroq, bu lavozim oxir-oqibat Floridadan senator Marko Rubioga o‘tadi. Kuzatuvchilarga ko‘ra, Grenellni ishga joylashtirishning yana bir varianti AQShning Ukraina va Rossiya bo‘yicha maxsus vakili lavozimi bo‘lgan. Biroq bu lavozimga 80 yoshli nafaqadagi general-leytenant Kit Kellog nomzodi ilgari surildi.
AQSh prezidentlari o‘z mamlakatlari vakillari sifatida ko‘pincha ikki tomonlama munosabatlar doirasidan tashqariga chiqadigan, elchixona rahbarlari tomonidan ko‘rib chiqilmaydigan mavzular va inqirozlarga e’tibor qaratishi uchun maxsus vakillarni tayinlaydi, deya eslatadi Reuters.