Tadbirda Malayziya hukumati a’zolari, 20 dan ortiq Osiyo davlati vakillari, Janubi-Sharqiy Osiyo mamlakatlarining yetakchi ishbilarmon doiralari va ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.
Marosimda 2024 yilda "Osiyoning eng yaxshi o‘ntaligi" va "Malayziyaning eng yaxshi o‘nligi" nominatsiyalari bo‘yicha erishgan yuksak yutuqlari uchun mukofotlar topshirildi.
"Yilning eng yaxshi yo‘nalishi" nominatsiyasida O‘zbekiston "Osiyoda 2024 yilgi eng yaxshi me’moriy meros sayohati yo‘nalishi" sifatida g‘olib deb topildi. Tegishli diplomni O‘zbekiston elchisi Karomiddin Gadoyevga Malayziya qiroli Sulton Ibrohimning singlisi Maryam Zahro topshirdi.
Mazkur nufuzli mukofot taqdimoti chog‘ida ta’kidlanganidek, O‘zbekiston hududida YuNeSKOning beshta jahon madaniy meros obektlari mavjud. Qayd etilishicha, O‘zbekiston o‘zining milliy o‘ziga xosligini, ko‘plab islom madaniyati va me’morchiligi yodgorliklarini saqlab qola oldi. Samarqand, Buxoro va Xiva kabi qadimiy shaharlar noyob tarixiy obidalari bilan mamlakat chegaralaridan tashqarida ham juda mashhur. Chunki, ushbu shaharlar tarixda Sharqning muhim davlat va ilmiy markazlari bo‘lgan. Mazkur mukofot O‘zbekiston hukumatining butun dunyodan tobora ko‘proq sayyohlarni jalb etayotgan tarixiy obidalarni asrab-avaylash borasidagi sa’y-harakatlarining e’tirofidir.
Top 10 of Asia boshqa nominatsiyalarida Livan (eng yaxshi milliy taomlar), Iordaniya (arxeologik meros), Kuvayt (barqaror rivojlanish), Indoneziya (tez rivojlanayotgan bozor iqtisodiyoti) va Tojikiston (eng yaxshi tabiiy resurslar) g‘olib bo‘ldi.