Kanada hukumati evtanaziyani qonuniylashtirganidan buyon beshinchi yillik hisobotini e’lon qildi. Unda xizmatga murojaat qilganlar haqidagi ma’lumotlar tahlil etilgan. Xususan, 2023 yilda 15 mingdan ortiq fuqaro o‘z ixtiyori bilan hayotdan ko‘z yumishni tanlagan. Bu esa mamlakatdagi barcha o‘lim holatlarining 4,7 foizini tashkil etadi, deb yozmoqda BBC.
Kanada Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, 2016 yilda evtanaziya qonuniylashtirilganidan buyon ushbu xizmatga bo‘lgan talab mamlakatda tobora ortib boryapti. Ammo avvalgi yillarda o‘sish sur’ati 31 foizni tashkil etgan bo‘lsa, 2023 yilda bu ko‘rsatkich 16 foizgacha pasaygan. Hozircha mutaxassislar bunday o‘zgarishning sababini aniq ayta olmayapti.
Hisobotda, shuningdek, o‘z ixtiyori bilan hayotdan ketishga qaror qilgan Kanada aholisining 96 foizi bedavo kasalliklarga chalingani, 4 foiziga esa uzoq muddatli surunkali kasallik tufayli evtanaziya qo‘llangani aytilgan.
Xizmatga murojaat qilgan shaxslarning yoshi, tashxisi, irqi va yashash shahri ham tahlil etilgan. Ma’lum bo‘lishicha, bunday bemorlarning o‘rtacha yoshi 77 yoshni tashkil etadi. Xizmatga eng ko‘p saraton bilan og‘rigan odamlar murojaat qilgan. Evtanaziyaga eng yuqori talab Kvebek provinsiyasida kuzatilmoqda. U yerda yashovchilar mamlakat aholisining atigi 22 foizini tashkil etishiga qaramay, evtanaziya orqali sodir bo‘lgan o‘limlarning deyarli 37 foizi aynan shu provinsiyaga to‘g‘ri keladi.
Kanada so‘nggi o‘n yil ichida evtanaziya to‘g‘risidagi qonunni joriy etgan sanoqli davlatlar qatoriga kiradi. Ular orasida Avstraliya, Yangi Zelandiya, Ispaniya va Avstriya ham bor.