Yaponiyalik stomatologlar tishi yo‘q insonlar yangisini o‘stirishi mumkinligini ta’kidlamoqda. Ular hozirda tish protezlari va implantlari o‘rnini egallashi kutilayotgan yangi dori vositasini sinovdan o‘tkazmoqda. Bu haqda Osakadagi Kitano gospitali tibbiy tadqiqot instituti og‘iz bo‘shlig‘i jarrohligi bo‘limi boshlig‘i Katsu Takaxashiga tayanib, France 24 agentligi xabar berdi.
Qayd etilishicha, oktyabr oyida Takaxashining jamoasi Kioto universiteti shifoxonasida klinik sinovlarni boshlagan. Katta yoshli ko‘ngillilarga yashirin tishlar o‘sishiga turtki beradigan antitana asosidagi eksperimental dori vositasi yuboriladi. Olimlarning tushuntirishicha, odamlarda faqat ikki turdagi — sut va doimiy tishlar chiqadi. Ammo Katsu Takaxashining so‘zlariga ko‘ra, milklarda «uyqudagi» uchinchi avlod tishlari o‘simtasi mavjud.
Yo‘qotilgan tishlarni (kariyes, kasallik yoki jarohat natijasida) protezlash — qimmat turadigan amaliyot hisoblanadi. Tabiiy tishlarni qayta tiklash arzonroq va bemor uchun nisbatan og‘riqsiz kechadi. Stomatologlar o‘z izlanishlari orqali asosan tug‘ilgandan beri olti yoki undan ko‘proq doimiy tishi bo‘lmaydigan bolalarga yordam ko‘rsatishni maqsad qilgan.
Takaxashining so‘zlariga ko‘ra, ushbu irsiy kasallikdan 0,1 foiz odam aziyat chekadi va ular chaynash bilan jiddiy maummolarni boshdan o‘tkazadi. Tadqiqotchilar 2030 yilga borib o‘z dori vositasini retsepsiz tarqatishni yo‘lga qo‘ymoqchi. Antitanalar yordamida sichqonlar ustida o‘tkazilgan davolash o‘z natijasini bergan: kemiruvchilarning yangi tishlari o‘sib chiqqan.