Qozog‘iston senatorlari sobiq prezidentlar, shuningdek, ularning oila a’zolarining sog‘lig‘i va shaxsiy hayotiga oid ma’lumotlar davlat siri hisoblanishi va tarqatish taqiqlanishi haqidagi tuzatishlarni qabul qildi, deb yozdi Mediazona.
Deputatlar tegishli o‘zgartirishlarni 12 dekabr kuni yalpi majlisda ma’qulladi. Nashrning qayd etishicha, davlat siri bilan bog‘liq o‘zgartirishlar boshqa qonun loyihasiga kiritilgan bo‘lib, majlisdagi muhokamada ular umuman tilga olinmagan. Qolaversa, na hukumat, na parlament a’zolari jurnalistlarga bu ma’lumotlarni maxfiylashtirish nega zarurligini tushuntira olmagan.
Qozog‘istonning butun mustaqillik tarixida prezident faqat bir marta o‘zgardi. Sobiq davlat rahbari Nursulton Nazarboyev 2019 yil mart oyida lavozimini tark etgan, biroq ko‘plab imtiyozlarni saqlab qolgan edi. Vaziyat 2022 yil yanvardagi norozilik namoyishlaridan keyin o‘zgardi.
2023 yil boshida Nursulton Nazarboyev «Elboshi» maqomidan mahrum qilindi. 2023 yil iyun oyida Senat Qozog‘istonning sobiq prezidentini Oliy kengash, Intellektual maktablar, Nazarboyev universiteti va Nazarboyev jamg‘armasi rahbari maqomidan mahrum qiluvchi tuzatishlarni qabul qildi.