Gurjiston prezidenti Salome Zurabishvili mamlakatda yangi parlament saylovlari belgilanmagunga qadar o‘z vakolatlarini topshirish niyatida emasligini ma’lum qildi. U 14 dekabr kuni bo‘lib o‘tadigan prezidentlik saylovlarini legitim emas deb atadi.
Davlat rahbarining fikricha, bugungi kunda Gurjistonda faqat u legitim hokimiyatga ega. U bo‘lajak saylov jarayonini «prezidentlik saylovlariga parodiya va sharmandalik» deya ta’rifladi. Prezidentning ta’kidlashicha, norozilik aksiyalarida ishtirok etayotgan fuqarolar ham uning pozitsiyasiga qo‘shiladi.
«Men sizlarning chet eldagi, shuningdek, mamlakat ichidagi vakilingizman. Mamlakatga tinchlik, adolat va kelajakni qaytaradigan yangi parlament saylovlari tayinlanmagunga qadar shu yerda bo‘laman», — deydi Zurabishvili brifing davomida.
Gurjiston prezidenti saylovlari saylovchilar kollegiyasi tomonidan o‘tkaziladi. Parlamentning barcha deputatlari, mahalliy ma’muriyat rahbarlari, shuningdek, Ajariya va Abxaziya Oliy kengashlari vakillari uning ichiga kiradi. Davlat rahbarligi uchun yagona nomzod sobiq futbolchi Mixail Kavelashvilidir.
Avvalroq Gurjistonda sobiq prezidentni davlat muhofazasidan mahrum etish to‘g‘risidagi qonun qabul qilingani to‘g‘risida xabar berilgan edi. Qayd etilishicha, mazkur qonunni yoqlab 85 nafar deputat ovoz bergan. Amaldagi qonunchilikka ko‘ra, Gurjiston prezidenti, bosh vaziri, shuningdek, parlament spikeri vakolat muddati tugaganidan keyin yana bir yil davomida davlat muhofazasidan foydalanishi mumkin. Agar yuqoridagi mansabdor shaxslardan biriga biror xavf tahdid solayotgan bo‘lsa, davlat muhofazasi muddati uzaytiriladi.