Amerikaning Boeing Co. aviasozlik konserni 787 Dreamliner samolyotlari ishlab chiqariladigan Janubiy Karolinadagi kompleksini kengaytirishga 1 milliard dollar sarmoya kiritadi.
Kompaniya press-relizida ta’kidlanishicha, operatsiyalarning kengayishi Boeing kompaniyasiga bu turdagi samolyotlarni ishlab chiqarish maqsadlariga erishishga yordam beradi. 787 Dreamliner’ni ishlab chiqarish dasturi 2026 yilga borib ishlab chiqarishni oyiga 10 ta samolyotgacha oshirishni nazarda tutadi. Joriy yil oxiriga qadar Boeing oyiga besh dona 787 Dreamliner ishlab chiqarish ko‘rsatkichiga erishmoqchi.
Boeingʼning Janubiy Karolinadagi korxonasi 2009 yildan beri faoliyat yuritadi va hozirgi kunda u yerda 7,8 mingdan ziyod xodim ish bilan ta’minlangan. Operatsiyalarning kengaytirilishi zavodda keyingi besh yilda qo‘shimcha 500 ta ish o‘rni yaratish imkonini beradi.
Kompaniya turli muammolar sabab uzoq vaqtdan beri 787 Dreamliner samolyotlarini ishlab chiqarish sonini oshira olmayotgandi. Ushbu seriyadagi laynerlarni yetkazib berish deyarli ikki yilga to‘xtab qolgan — 2022 yil o‘rtalariga qadar bunga ishlab chiqarishdagi qoidabuzarliklar sabab bo‘lgan bo‘lsa, joriy yilda regulyatorlar aniqlangan boshqa muammolar sabab tekshiruvlarni kuchaytirgan.
Noyabr oxiridagi ma’lumotlarga ko‘ra, Boeing 787 seriyasidagi 758 ta samolyotni yetkazib berish bo‘yicha buyurtmalarni bajarmagan. 2024 yil boshidan beri konsern kapitalizatsiyasi 36 foizga tushib ketgan.
Avvalroq AQSh Harbiy-havo kuchlari Boeing kompaniyasi bilan 15 ta KC-46 Pegasus yonilg‘i quyuvchi samolyotini ishlab chiqarish bo‘yicha 2,4 milliard dollarlik shartnoma imzolagani ma’lum bo‘lgandi.