Namanganda litsenziyasiz Umra tadbirini tashkil etgan firma jarimaga tortildi

Jamiyat 19:47 817

Namangan viloyatida litsenziya olmasdan Umra tadbirlarini tashkil etib kelgan MChJ 75 million so‘m jarimaga tortildi. Bu haqda Din ishlari bo‘yicha qo‘mita xabar berdi.

Qayd etilishicha, Namangan shahrida joylashgan «Zaytun turizm» MChJga nisbatan litsenziyasiz Umra tadbirini tashkil etgani uchun moliyaviy jarima qo‘llangan.

Umra tadbirlarini tashkil etish va o‘tkazish bo‘yicha faoliyat uchun litsenziya olish sohasidagi huquqbuzarliklar uchun yuridik shaxslarga solinadigan jarimalar miqdorlari BHMning 200 baravari (75 million so‘m) etib belgilangan.

O‘z navbatida Din ishlari bo‘yicha qo‘mita ziyoratchilarga Umra amallarini munosib va xavfsiz bajarishlari uchun ogoh bo‘lishni va keyinchalik turli ko‘ngilsiz holatlarga tushib qolmaslik maqsadida ishonchli hamda kafolatlangan xizmatlardan foydalanishni tavsiya etadi.

Avvalroq Namanganda ona-bolani Haj ziyoratiga yuborish evaziga 10 ming dollar olgan shaxs ushlangani to‘g‘risida xabar berilgandi. Ushbu shaxs fuqarolarga turizm yo‘nalishida faoliyat yurituvchi MChJ orqali 2025 yilgi Haj mavsumida Saudiya Arabistoniga farz amallarini bajarishga yuborishni va’da qilgan. Holat yuzasidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Ko‘proq yangiliklar: