Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Suriyada Bashar Asad rejimi ag‘darilishi natijasida katta yutuqda bo‘ladiganlardan biri bo‘lishi mumkin, deb yozadi Financial Times va Politico. Ushbu nashrlar jurnalistlari bu mojaroda yutganlar va yutqazganlarni sanab o‘tgan.
So‘nggi yillar davomida Turkiya Suriya shimoli-g‘arbidagi qurollangan muxolifatchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlab keldi, deb yozadi FT. Politico eslatganidek, Erdo‘g‘an va Asad qachonlardir do‘st edi, ammo 2011 yilda turklar prezidenti Suriyadagi rejim muxoliflarini qo‘llab chiqqan — bu asosan Turkiyaning geosiyosiy raqibi Eron Suriya hukumatining asosiy homiysiga aylangani tufayli ro‘y bergandi. Bundan tashqari, FT qayd etishicha, Erdo‘g‘an Yaqin Sharqdagi qo‘zg‘alonlarni qo‘llab-quvvatlashi o‘zining Adolat va taraqqiyot partiyasi ittifoqchilari safini kengaytirishiga umid qilgan.
AQSh va g‘arbning boshqa mamlakatlari ortga chekinganida ham Turkiya prezident muxolifatni qo‘llashni davom ettirgan, deya yozadi FT. «Qolganlarning barchasi suriyaliklarni tashlab ketganida, boshqa hech bir mamlakat muxolifatni qo‘llamaganida, Turkiya ulardan yuz o‘girmadi», – deydi Atlantic Council tahlil markazi katta ilmiy xodimi Umar O‘zqizilchik. Uning fikricha, aynan Turkiya bu mojaroda suriyaliklardan keyingi o‘rindagi g‘olib bo‘lib chiqdi.
Anqara uch million suriyalik qochqinlarni o‘z hududiga qabul qildi, shuningdek, Asadga muxolifatda bo‘lgan guruhlarga qurol-yarog‘ berdi hamda ushbu guruhlarning jangchilarini o‘qitdi. Jumladan, Turkiya asosan Suriya kurdlariga qarshi kurashuvchi «Suriya milliy armiyasi» guruhiga homiylik qilib keladi.
Shu bilan birga, Turkiya isyonchilarning Damashqni egallashi va Asad rejimi ag‘darilishi bilan yakunlangan yashin tezligidagi yurishini qay darajada qo‘llab-quvvatlagani mavhumligicha qolmoqda. FT ushbu yurishga boshchilik qilgan «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhining Turkiya bilan munosabatlari murakkab ekanini yozgan. Anqara, boshqa ko‘plab davlatlar qatori Hshni terrorchi tashkilot sifatida tan olgan. Ammo guruh Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatini nazorat qilganida va Turkiya uni tashqi dunyoga olib chiqadigan asosiy marshrut bo‘lganida, Anqara «ta’sir vositalariga ega bo‘lgan».
Hamburgdagi GIGA universitetining Yaqin Sharq bo‘yicha eksperti Andre Bank Turkiya «Hay’at Tahrir ash-Shom»ni bilvosita qo‘llab-quvvatlagan deb hisoblaydi. «„Hay’at Tahrir ash-Shom“ yaqinda yangi qurollarga ega bo‘lgan. Ayni vaqtda ular dronlar va raketa tizimlarini qo‘llamoqda. Bularning barchasi Turkiyadan kelgani taxmin qilinmoqda», – deydi Bank. Uning Lankaster universitetidagi hamkasbi Simon Mabon nisbatan ehtiyotkorona yondashgan: «Bu nozik mavzu. Biz Turkiya aslida bu yurishni qay darajada qo‘llab-quvvatlaganini aniq bilmaymiz».
Shu bilan birga, Reuters manbalari xabar berishicha, Bashar Asad hokimiyatini zaiflashtirish imkoniyati yuzaga kelganini payqagach, Suriya muxolifati yarim yilcha oldin Turkiyani yirik yurish haqida ogohlantirgan va «uning sukutini rozilik sifatida qabul qilgan».
Umuman olganda, Asadga muxolif bo‘lgan guruhlar bilan aloqalar ularning hokimiyatga kelishidan foyda ko‘radigan barcha xorijiy davlatlar rahbarlari orasida Erdo‘g‘an uchun eng ko‘p manfaat keltiradi — hatto Suriyadagi vaziyat nihoyatda beqaror va noaniq bo‘lib qolsa ham, deya yozadi FT.
Xususan, Erdo‘g‘anning hisob-kitoblari Asad rejimi qulashi suriyalik qochqinlar o‘z vataniga qaytishiga imkon berishiga asoslangan. Ularning Turkiyada bo‘lib turishi Erdo‘g‘anning tarafdorlari orasida ham norozilik keltirib chiqarayotgandi, deb yozadi FT. Halab isyonchilar qo‘liga o‘tganida esa Turkiya ichki ishlar vaziri Ali Yerliqoya Turkiyadagi 1,3 million suriyalik ushbu shahardan ekani va ularning ko‘pchiligi uyga qaytishdan «hayajonini yashira olmayotgani»ni aytgandi.
Asad rejimi halokatga uchrashi Erdo‘g‘an va Vladimir Putin o‘rtasidagi murakkab munosabatlardagi kuchlar muvozanatini ham o‘zgartirishi va Anqaraning Eron bilan qarama-qarshilikdagi pozitsiyasini mustahkamlashi mumkin. «Turkiya, katta ehtimol bilan, mintaqada yanada ishonchli pozitsiyaga ega bo‘ladi», — deb hisoblaydi Teneo konsalting kompaniyasidan bo‘lgan Volfango Pikkoli. Vashington institutining Turkiya bo‘yicha mutaxassisi Soner Kagaptay esa shunday xulosa bergan: «Damashqda Eron va Rossiya ta’siri o‘rniga Turkiyaning ta’siri ortadi».
Bundan tashqari, Turkiya Suriya bilan 900 kilometrlik chegarasi bo‘ylab biznes va savdo aloqalari tiklanishidan foyda ko‘radi, Erdo‘g‘anga aloqador bo‘lgan qurilish sektori esa vayron bo‘lgan hududlarni tiklashdan yuz milliardlab dollar daromad ko‘rishi mumkin. «Agar tinchlikka erishilsa, bu katta imkoniyat», — deydi Turkiyadagi eng yirik qurilish kompaniyalaridan birining rahbari. Politico ham tiklash ishlari turk biznesi uchun «oltin tub» bo‘lishi haqida yozgan, Bloomberg esa Turkiya shirkatlari, birinchi navbatda sement va po‘lat ishlab chiqaruvchi kompaniyalar aksiyalari, investorlar Suriya hududlarini tiklashda ushbu firmalarning muhim roliga stavka qo‘yishi tufayli keskin ko‘tarilganini qayd etgan.
«Agar vaziyatni ikki hafta oldingi bilan solishtirsak, Turkiya Suriyada g‘olib chiqqanini yaqqol ko‘rish mumkin, - deydi Istanbuldagi Germaniya-Turkiya universitetining Turkiya-Rossiya munosabatlari bo‘yicha eksperti Zaur Gazimov. - Turkiya tiklash jarayonida faol ishtirok etadi hamda urushdan vayron bo‘lgan Suriyaning asosiy investoriga aylanadi».
Ayrim ekspertlar esa, ayniqsa Suriya kelajagi noaniqligi yoki mintaqadagi kurd kuchlarini qo‘llab-quvvatlayotgan AQShning roli tufayli Erdo‘g‘anning g‘alabasi haqida gapirishga hali erta deb hisoblaydi. Ammo, Politico yozganidek, Bashar Asad rejimi qulashi Erdo‘g‘anga o‘zining geosiyosiy kun tartibini ilgari surishda yordam beradi va unga bir qator strategik maqsadlarga erishish, jumladan, kurd ayirmachilarini jilovlash imkoniyatini taqdim etadi.