Amazon kompaniyasi AQShning yangi saylangan prezidenti Donald Trampning inauguratsiya jamg‘armasiga 1 million dollar xayriya qilishni rejalashtirmoqda, deb xabar beradi The Wall Street Journal.
Nashr manbalarining so‘zlariga ko‘ra, keyingi hafta kompaniya asoschisi Jyeff Bezos Tramp bilan uning Mar-a-Lagodagi (Florida) qarorgohida uchrashadi. Amazon, shuningdek, o‘zining Prime Video striming servisida 2025 yil 20 yanvar kuni bo‘lib o‘tadigan Tramp inauguratsiyasini translatsiya qilish niyatida.
Avvalroq Facebook, Instagram va WhatsAppʼga egalik qiluvchi Meta kompaniyasi Trampning inauguratsiyasiga 1 million dollar xayriya qilgani ma’lum bo‘lgandi.
Donald Tramp o‘zining birinchi prezidentlik muddatida Jyeff Bezor va AQShdagi boshqa yirik texnologik kompaniyalar rahbarlari bilan ochiq ziddiyatga borib kelgan. Xususan, u Bezosga tegishli The Washington Post gazetasini o‘z ma’muriyati siyosatini xolisona yoritmagani uchun qoralagan.
2024 yilgi prezidentlik saylovlari avvalida an’anaviy ravishda AQSh Demokratlar partiyasi tarafida chiqish qilib keladigan The Washington Post yarim asrdan beri birinchi marta davlat rahbarligi lavozimiga nomzodlarning hech birini qo‘llab-quvvatlamasligini va Trampning raqibi Kamala Harris to‘g‘risidagi tayyor maqolani chop etmasligini ma’lum qilgandi. Ushbu qarorga izoh berar ekan Bezos nomzodlarni qo‘llab-quvvatlash «noxolislik hissini» yuzaga keltirishini, siyosiy pozitsiyani oshkor etmaslik esa The Washington Post obro‘sini oshirishini aytgan. Ammo buning o‘rniga gazeta yuz minglab obunachilaridan ayrildi. Saylovlardan keyin Bezos Trampni g‘alabasi bilan tabriklab, uning ikkinchi prezidentlik muddatiga optimizm bilan qarashini ta’kidladi.