Jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudi sudyasi Ulug‘bek Ibragimov YTH bilan bog‘liq bir-biriga o‘xshash ikki ishda turlicha hukm chiqardi. Sudya ikki bolaning o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga axloq tuzatish ishlari, bir kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan haydovchiga esa ozodlikdan mahrum qilish jazo tayinlagan.
Birinchi holat
2024 yil 11 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudida YTH sodir qilgan haydovchiga sud hukmi o‘qildi.
Sud hujjatida keltirilishicha, 1993 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Rustamjon Mirzaxatamov oliy ma’lumotli bo‘lib, “One Cargo” MChJda dispetcher lavozimida ishlagan.
U 2024 yil 21 iyun kuni soat 20:30 larda M-34 “Toshkent-Dushanbe” yo‘lining Yangiyo‘l tumani Jambul mahallasi hududida o‘tgan qismida Cobalt mashinasini boshqarib ketayotib, boshqaruvni yo‘qotgan hamda yo‘lning marza qismida turgan 5 nafar voyaga yetmagan yigit-qizlarni urib yuborgan. YTH oqibatida 18 yoshli O.Z. va 17 yoshli A.Z. Yangiyo‘l shahar markaziy shifoxonasining jonlantirish bo‘limida vafot etgan. Qolganlar esa og‘ir tan jarohati olgan.
Hukmda Rustamjon Mirzaxatamov YTH sodir etishda “Yo‘l-harakati qoidalari”ning 5 ta bandini qo‘pol ravishda buzgani, jumladan, tezlik cheklovlariga amal qilmagani qayd etilgan.
Rustamjon Mirzaxatamov sudda o‘z aybiga iqrorlik bildirgan hamda yo‘l-harakati qoidalariga rioya qilmaganini tan olgan. U jabrlanuvchilarga yetkazilgan moddiy va ma’naviy zararni to‘liq qoplab berganini, bo‘lib o‘tgan holatdan chin ko‘ngildan pushaymondaligini aytib, suddan o‘ziga nisbatan yengillik berishni so‘ragan.
Sudda jabrlanuvchilarning qonuniy vakillari, jumladan, vafot etgan ikki bolaning yaqinlari sudlanuvchi ulardan uzr so‘raganini, yetkazilgan zararni qoplab berganini ma’lum qilgan va unga nisbatan da’volari yo‘qligini aytgan.
Sud hukmi bilan Rustamjon Mirzaxatamov Jinoyat kodeksining 266-moddasi 3-qismi “a” bandida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odamlar o‘limiga sabab bo‘lishi, 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, 3 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilish, har oylik ish haqining 20 foizini davlat daromadiga ushlab qolgan holda 3 yil axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlangan.
Rustamjon Mirzaxatamovga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi bekor qilinib, u darhol sud zalida qamoqdan ozod etilgan.
Ikkinchi holat
2024 yil 18 noyabr kuni jinoyat ishlari bo‘yicha Yangiyo‘l tuman sudida YTH sodir etib, inson o‘limiga sababchi bo‘lgan yana bir haydovchiga hukm o‘qilgan.
Sud hukmiga ko‘ra, 1997 yilda tug‘ilgan sudlanuvchi Islomjon Aliboyev o‘rta-maxsus ma’lumotli, vaqtincha ishsiz bo‘lgan. U 2024 yil 23 iyun kuni soat 21:00 larda M-39 “Toshkent-Termiz” yo‘lining Yangiyo‘l tumani Qoratepa mahallasi hududidan o‘tgan qismida Nexia mashinasini boshqarib ketayotib, YTH sodir qilgan.
Islomjon Aliboyev qarama-qarshi yo‘nalishda kelayotgan mashina chiroqlariga ko‘zi qamashgan bo‘lsa-da, to‘xtash chorasini ko‘rmasdan harakatlanishda davom etgan hamda yo‘lni kesib o‘tayotgan piyoda X.I.ni urib yuborgan. Oqibatda piyoda og‘ir tan jarohati olib, hodisa joyida vafot etgan.
Hukmda Islomjon Aliboyev YTH sodir etishda “Yo‘l-harakati qoidalari”ning 2 ta bandini buzgani keltirilgan.
Sud majlisida so‘roq qilingan Islomjon Aliboyev aybiga to‘liq iqrorlik bildirgan va yo‘l-harakati qoidalariga rioya qilmaganini tan olgan. Shuningdek, u jabrlanuvchining qarindoshlariga qo‘lidan kelganicha yordam berganini, ularga keyinchalik ham qarashib turishini aytib, suddan o‘ziga yengillik berishni so‘ragan.
Sudda jabrlanuvchining qonuniy vakili G.I. ko‘rsatma berib, vafot etgan X.I. uning turmush o‘rtog‘i ekanini, u oiladagi yagona boquvchi bo‘lganini ma’lum qilgan hamda sudlanuvchi mahalladoshi bo‘lgani uchun unga yengillik berishni so‘ragan.
Sud hukmi bilan Islomjon Aliboyev Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismida nazarda tutilgan jinoyatni (transport vositalari harakati yoki ulardan foydalanish xavfsizligi qoidalarini buzish odam o‘limiga sabab bo‘lishi, 7 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilangan) sodir qilganlikda aybli deb topilgan. Unga 2 yil transport vositasini boshqarish huquqidan mahrum qilgan holda 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlangan.
Islomjon Aliboyevga nisbatan qo‘llangan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi aslicha qoldirilgan.
57-modda sudyaning “cho‘ntagi”mi?
Sudlanuvchilarning holati deyarli bir xil: ikkisi ham bo‘ydoq, ikkisi ham muqaddam sudlanmagan. Farqi – sud zalidan qamoqdan ozod qilingan Rustamjon Mirzaxatamov oliy ma’lumotli va ishli. Islomjon Aliboyev esa o‘rta-maxsus ma’lumotli va ishsiz.
Ikki sudlanuvchi ham sudda aybiga to‘liq iqrorlik bildirib, yo‘l-harakati qoidalarini buzganini tan olgan. Qolaversa, ikkisi ham jabrlanuvchilarga yordam berganini, ularga keyinchalik ham qarashib turishini aytgan.
Biroq sudya garchi ikki bolaning o‘limiga sabab bo‘lgan va yo‘l-harakati qoidalarining 5 ta bandini buzgan bo‘lishiga qaramay Rustamjon Mirzaxatamovga Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llagan holda axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlagan. Yo‘l-harakati qoidalarining 2 ta bandini buzgan va bir kishining o‘limiga sababchi bo‘lgan Islomjon Aliboyevga esa Jinoyat kodeksining 57-moddasi qo‘llanmagan va u 2 yil ozodlikdan mahrum qilish jazosiga tortilgan.
Jinoyat kodeksining 57-moddasi yengilroq jazo tayinlashni nazarda tutadi. Unga ko‘ra, sud sodir etilgan jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlarni e’tiborga olib, alohida hollarda jinoyat uchun belgilangan jazoning eng kam qismidan ham kamroq yoki shu moddada nazarda tutilmagan boshqa yengilroq turdagi jazoni tayinlashi mumkin.
Sodir etilgan qilmish xususiyatlarini ifodalovchi holatlar, ya’ni aybdorning shaxsi, aybining shakli va darajasi, jinoyat qilish sharoiti va sabablari, shaxsning jinoyatni sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvori jinoyatning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb topilishi mumkin.
Sud birinchi holatda Rustamjon Mirzaxatamovga nisbatan jazo tayinlashda jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishining sabablarini, uning shaxsini, yoshini, ish bo‘yicha yetkazilgan zarar qoplanganini inobatga olib, uning harakatlarida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlari yo‘q deb, shu bilan birga sudlanuvchining aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganini, oilaviy sharoitini, jabrlanuvchilar va qonuniy vakillarning da’vosi yo‘qligini, yashash joyidan berilgan iltimosnomani, jinoyat sodir qilguncha va undan keyingi xulq-atvorini jazoni yengillashtiruvchi va qilmishning ijtimoiy xavflilik darajasini jiddiy kamaytiruvchi holatlar deb baholagan. So‘ngra unga nisbatan Jinoyat kodeksining 57-moddasini qo‘llab, ayblanayotgan modda sanksiyasida nazarda tutilmagan boshqa yengilroq jazo, ya’ni axloq tuzatish ishlari jazosi tayinlashni lozim topgan.
Sud ikkinchi holatda, ya’ni Islomjon Aliboyevga nisbatan jazo tayinlashda ham jinoyatning xususiyati va ijtimoiy xavflilik darajasini, qilmishining sabablarini, uning shaxsini, yoshini, qonuniy vakilning qisman da’vosi borligini inobatga olib, uning harakatlarida jazoni og‘irlashtiruvchi holatlari yo‘q deb, shu bilan birga sudlanuvchining aybiga to‘liq iqrorligini, qilmishidan pushaymonligini, muqaddam sudlanmaganini, oilaviy sharoitini jazoni yengillashtiruvchi holatlar deb baholagan. So‘ngra unga nisbatan ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlashni, jazoni manzil koloniyalarda o‘tashni belgilashni lozim topgan.
Sudyaning bu shaklda “istasa 57-moddani qo‘llab, istama qo‘llamasligi”, qolaversa, yo‘llarda bolalar qoni to‘kilishi to‘xtamayotgan bugungi kunda ikki norasidaning o‘limiga sabab bo‘lgan haydovchini sud zalidan qamoqdan ozod qilib yuborishi turli shubhalarni uyg‘otadi. Ushbu holatda adolat tarozisining sudlanuvchi tomon pallasi nimaning hisobiga og‘irroq tosh bosgani mavhum. Ammo bu holat yo‘llardagi “uchar”larda “pulim bo‘lsa va zararni qoplasam nechta inson o‘limiga sabab bo‘lsam ham qamalmas ekanman” degan fikrni uyg‘otishi aniq.
Prokuratura hukmni o‘rganmoqchi bo‘lsa, u sud hujjatlari ochiq portalida mavjud.
Ruslan Saburov,
Kun.uz