Tashrif doirasida O‘zbekistonning boy tarixiy va madaniy merosini xalqaro miqyosda targ‘ib qilish, shuningdek, yangi qo‘shma loyihalarni amalga oshirishga qaratilgan muhim uchrashuvlar o‘tkazildi.
Safarning ilk kunida Islom tadqiqotlari bo‘yicha Oksford markazi va O‘zbekiston Islom sivilizatsiyasi markazi delegatsiyasi ishtirokida davra suhbati o‘tkazildi. Suhbat chog‘ida Yangi O‘zbekiston tashabbuslari, Islom sivilizatsiyasi markazining megaloyihasi hamda qo‘shma loyihalarning istiqbollari muhokama qilindi.
Markaz rahbari va Oksford markazi direktori Farhon Nizomiy o‘rtasida hamkorlik memorandumi imzolandi. Ushbu kelishuvlar doirasida "Islom atlasi" loyihasini ishlab chiqish boshlandi, unda O‘zbekiston Markaziy Osiyoga oid bo‘limni yaratish tashabbusini o‘z zimmasiga oldi. Shuningdek, 2025 yilda Toshkentda Oksford markazining 40 yillik yubileyiga bag‘ishlangan konferensiya o‘tkazish haqida kelishuvga erishildi.
Shuningdek, mamlakat vakillari Bodlian kutubxonasida bo‘ldi. U yerda o‘zbek delegatsiyasi kutubxona jamg‘armasi faoliyati bilan tanishib, kutubxona vakili Nikolas Kontovas bilan uchrashdi. Tashrif davomida Magdalen kolleji faoliyati bilan tanishildi.
O‘zbek talabalari va olimlari uchun ikki oylik malaka oshirish kurslarni tashkil etish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan "At-Termiziy" va "Al-Buxoriy" stipendiyalari muhokama qilindi. Islom sivilizatsiyasi markazi tomonidan Oksford markaziga 10 jildli Qur’on tarjimasi va "Kitob" asarining yangi nashri taqdim qilindi.
Tashrifning ikkinchi kunida delegatsiya a’zolari Londondagi Britaniya kutubxonasi, CNNning Londondagi ofisi, Britaniya muzeyi hamda Viktoriya va Albert muzeyida bo‘lib, tarixiy qo‘lyozmalar, hujjatlar va O‘zbekiston madaniyati hamda tarixiga oid noyob eksponatlar bilan tanishdi. Ular orasida Markaziy Osiyo olimlari Beruniy, Ibn Sino va Al-Farg‘oniy qo‘lyozmalari, Buxoro xattotlik maktabida yaratilgan noyob Qur’on nusxalari, Buyuk Ipak yo‘liga oid tarixiy xaritalar, So‘g‘d tangalari va zeb-ziynatlari, Afrosiyobdan topilgan kulolchilik buyumlari va Rishton keramikasi, Zargarlik bilan ishlangan o‘zbekcha so‘zanalar bor.
Fitsuilliam muzeyiga tashrif davomida, muzey kolleksiyasi bilan tanishildi, muzeyi direktori bilan hamkorlik bo‘yicha muzokaralar olib borildi hamda kitob-albomlarni muzeyga sovg‘a sifatida topshirish tadbiri o‘tkazildi. Delegatsiya vakillarining Parker Library rahbari, Corpus Christi kolleji direktori, Silk Road in King’s College loyihasi ishtirokchilari bilan uchrashuv tashkil etildi.
Buyuk Britaniyaga tashrifning uchinchi kunida Kembrijdagi eng qadimgi kollej – Peterhouse kutubxonasi va Bosh universitet kutubxonasiga tashrif uyushtirildi. Unda Qur’on tafsiri, al-Buxoriy, Hiloliy va boshqa olimlarning qo‘lyozmalari ko‘zdan kechirildi.
Islom sivilizatsiyasi markazi va "Al-Furqon" Islomiy meros jamg‘armasi mutasaddilari o‘rtasidagi uchrashuv ham alohida ahamiyatga ega bo‘ldi. Muloqot chog‘ida Islom sivilizatsiyasi markazining asosiy loyihalari, jumladan, islomiy merosni o‘rganish, saqlash va ommalashtirishga qaratilgan tashabbuslari taqdim qilindi.
"Al-Furqon" jamg‘armasi bilan qo‘shma qo‘lyozmalar chop etish va ularni xorijiy tillarga tarjima qilish loyihalari bo‘yicha yangi memorandumlar imzolandi. Ushbu jamg‘arma bilan hamkorlik VIII Xalqaro Kongress va Madaniy meros haftaligi doirasida, Samarqandda 2024 yil oktyabr oyida boshlangan.
Joriy tashrif davomida jamg‘armaga to‘rtta qo‘lyozma taqdim etildi va ularning faksimile nashrlarini yaratish imkoniyatlari muhokama qilindi.
Safar davomida Londondagi O‘zbekiston elchixonasida "O‘zbekiston va Buyuk Britaniya: Sharq va G‘arb o‘rtasida madaniy ko‘prik" mavzusida media-tadbir bo‘lib o‘tdi. Unda diplomatik korpus, ilmiy doiralar va madaniy tashkilotlar vakillari ishtirok etdi.
Tadbirning asosiy qismida "Dunyo to‘plamlarida O‘zbekiston madaniy merosi" kitob-albomlari turkumining taqdimoti bo‘lib o‘tdi. Shuningdek, Moturidiy, Buxoriy va Termiziyga bag‘ishlangan ilmiy markazlar loyihalari va hujjatli filmlari namoyish etildi.
Mamlakat delegatsiyasi, shuningdek, Christi's va Sotheby's kimoshdi savdo uylari faoliyatini ko‘zdan kechirdi.