Bir hafta oldin ham, isyonchilar Suriya shimoli-g‘arbidagi Idlib viloyatidan rejimga qarshi yurishini boshlaganida Bashar Asadning qulashini tasavvur qilib bo‘lmasdi. BBC sharhlovchilari keyingi kunlar va haftalarda Suriya va umuman mintaqadagi vaziyatdan nimani kutish mumkinligini tahlil qilishdi.
Rossiya va Eron o‘z muammolari tufayli Asadni tashlab qo‘yishdi
Hyugo Bachega, BBC’ning Suriya-Turkiya chegarasidagi muxbiri
Hozirda Suriya uchun burilish pallasi. Asad 2000 yilda, mamlakatni 29 yil davomida temir musht bilan boshqargan otasi Hafizning o‘limidan keyin hokimiyatga kelgandi.
Kichik Asad qattiq nazorat ostidagi va repressiv siyosiy tuzilmani meros qilib oldi, unda muxolifatga o‘rin yo‘q edi.
Garchi dastlab Bashar Asad boshqacha hukmdor — nisbatan ochiq va u qadar shafqatsiz bo‘lmagan bo‘lishi mumkinligiga umid bildirilgandi. Ammo bu umidlar tezda sarob bo‘lib chiqdi.
Asad xotiralarda 2011 yilda o‘z rejimiga qarshi namoyishlarni shafqatsiz botirgan shaxs sifatida qoladi, bu mamlakatda bir yarim milliondan ortiq kishi halok bo‘lishiga va olti million kishi qochqinlarga aylanishiga sabab bo‘lgan fuqarolik urushini boshlab bergandi.
Asad Rossiya va Eron ko‘magida isyonni bostirdi hamda hokimiyatini saqlab qoldi. Moskva kuchli aviatsiyasini ishga soldi, Tehron Suriyaga harbiy maslahatchilarini yubordi, uning ta’siridagi «Hizbulloh» esa yaxshi tayyorgarlikka ega qo‘shini bilan harbiy harakatlarda ishtirok etdi.
Ammo bu safar bunday qo‘llab-quvvatlov bo‘lmadi. Ittifoqchilari o‘z muammolari tufayli Asadni tashlab qo‘yishdi. Ularning yordamisiz Suriya qo‘shini «Hay’at Tahrir ash-Shom» yetakchiligidagi isyonchilarni to‘xtatishni uddalay olmadi, qayerdadir buni shunchaki istamadi.
Noyabr oyi oxirida isyonchilar mamlakatdagi eng yirik ikkinchi shahar Halabni deyarli qarshiliksiz egallashdi. Keyin Hama ham ularning nazoratiga o‘tdi, bir necha kun o‘tib muhim markaz — Homsga isyonchilar qo‘shini kirib keldi. Shu tariqa, Damashq yakkalanib qoldi va bir necha soat o‘tib muxolifatchilar poytaxtni ham egallashdi.
Asadlar oilasining ellik yildan oshiq vaqt davom etgan boshqaruvi davri yakunlanishi mintaqadagi kuchlar muvozanatini ham o‘zgartiradi.
Eronning ta’siriga yana bir kuchli zarba berildi. Chunki Suriya Asad davrida eronliklar va «Hizbulloh» o‘rtasida ushbu guruhga qurol va o‘q-dori yetkazib berishda muhim rol o‘ynagan.
«Hizbulloh»ning o‘zi Isroil bilan urushda holdan toygan va uning kelajagi tuman ichida qolgan.
Eron tomonidan qo‘llanuvchi yana bir guruh — Yamandagi husiychilar — bir necha bor aviazarbalarga duchor bo‘ldi.
Bu guruhlarning bari, shuningdek, Iroqdagi ayirmachilar hamda G‘azodagi Hamas Tehron «qarshilik o‘qi» deb atagan umumiylikni anglatardi, ammo endi unga jiddiy zarar yetdi.
Eron ekzistensial deb qaraladigan Isroildagilar mintaqaning yangi kartinasidan xursand bo‘lishadi.
Ko‘pchilik bu yurish Turkiyaning yordamisiz amalga oshmasdi, deb hisoblamoqda. Turkiya chindan ham Suriyadagi ayrim guruhlarni qo‘llab-quvvatlasada, «Hay’at Tahrir ash-Shom» bilan aloqasi borligini rad etadi.
So‘nggi vaqtlarda Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Asad mojaroga suriyalik qochqinlar uyiga qaytishiga imkon beradigan diplomatik yechim topishga qaratilgan muzokaralarga kirishishini istagandi. Chunki ulardan uch milliondan ortig‘i Turkiya hududida bo‘lib turibdi, bu esa mahalliy aholi uchun juda nozik masala.
Ammo Asad bunday muzokaralardan bosh tortib kelgandi.
Suriyada ko‘pchilik Asad ketganidan xursand.
Ammo buyog‘iga nima bo‘ladi? «Hay’at Tahrir ash-Shom» ildizlari «Al-Qoida»ga borib taqaladi, guruh o‘tmishda ancha shafqatsiz harakatlarni amalga oshirgan.
So‘nggi yillarda bu guruh o‘zini millatchilar tashkiloti sifatida taqdim etishga urinmoqda va ularning so‘nggi bayonotlari diplomatik va murosasoz yangramoqda.
Ammo bu ko‘pchilikni xotirjam qila olmaydi, chunki Hsh rejim ag‘darilganidan keyin nima qilmoqchi ekani aniq emas.
Shu bilan bir vaqtda, keskin o‘zgarishlar Suriyadagi hokimiyatda xavfli bo‘shliq yuzaga keltirishi mumkin, bu oxir-oqibat xaos va yanada ko‘proq zo‘ravonliklarga eltadi.
Asad «arab bahori»ning so‘nggi diktatori edi
BBC’ning xavfsizlik masalalari bo‘yicha muxbiri Frenk Gardner
Liviyada Muammar Qazzofiy, Tunisda Ben Ali, Yamanda Ali Abdulla Solih, Misrda Husni Muborak, endi esa Suriyada Bashar Asad ham.
Yaqin Sharqda 2011 yilda «arab bahori» namoyishlariga chiqqanlar «diktator» deb atagan hukmdorlarning barchasi bugunga kelib o‘tmishda qoldi va «arab bahori»ning emas, AQSh bosqini qurboni bo‘lgan iroqlik Saddam Husayn bilan birgalikda faqat tarix darsliklarida o‘rganiladi.
Namoyishchilar qarshi chiqqanlardan birgina Bahrayn qiroli Hamad omon qoldi, chunki u boshqalari kabi «inqilobiy respublika»da emas, Fors ko‘rfazidagi monarxiyada hukmdorlik qilgan.
Yana shuning uchunki, u yon bergan va xalqaro huquqshunoslar tomonidan taklif etilgan ayrim islohotlarga rozi bo‘lgan. «Men Suriya yo‘lidan borishim mumkin edi, — degandi u 2011 yilda, — ammo buning o‘rniga men ularning talablariga quloq tutdim».
Ammo u bu talablarni faqat qisman bajargan. Bahrayn hali ham ideal demokratiyadan uzoqda, ammo bu Bashar Asadning Suriyasidan ancha baxtliroq joy.
O‘zini IShID deb atagan guruh besh yillik «terror hukmronligi» davrida gazeta sarlavhalarini band etgan, ammo suriyaliklar orasidagi qurbonlarning ko‘proq qismi amaldagi hukumat harakatlari tufayli bo‘lgan.
Bashar Asadning yaxshi tikilgan kostyumlari, afishalar va Suriya «parlamenti»ning qarsak chalayotgan vakillari ortida yerosti qamoqxonalariga singib ketgan qon izlari bor.
Isyonchilar Suriyada barqarorlik o‘rnatishga qodirmi?
Jyeremi Bouen, BBC xalqaro bo‘limi muharriri
Hozir mintaqa seysmik o‘zgarishlar pallasida. Bashar Asadgacha Suriyani uning otasi boshqargan, uning oilasi esa mamlakatga o‘z xususiy biznesidek qaragan. Endi ularga Suriyada o‘rin yo‘q.
Suriya mintaqa markazida strategik muhim o‘rin egallagani tufayli u yerda bo‘layotgan voqealar uning barcha qo‘shnilariga — natijada butun dunyoga ta’sir qiladi.
Endi savol tug‘iladi: suriyalik isyonchilar oqillik ko‘rsata oladimi? Ular barqarorlikni ta’minlashga harakat qila oladimi?
Ular diniy va etnik ozchiliklardan qasos olmaslikni va’da qilishgan, ammo avvaliga bu va’dalar bajarilishini kutish kerak.
Aks holda voqealar rivoji 2011 yil Liviyada Qazzofiy va 2003 yilda Iroqda Saddam Husayn ag‘darilganidan keyin ro‘y bergan ssenariyda davom etishi mumkin: qiynoqlar, qon to‘kilishi va fuqarolik urushlari yillari.
Suriyada bularning barchasi ro‘y berib bo‘lgan. Suriyaliklar endi hayoti yaxshilanishini xohlaydi.
Ko‘p yillar o‘tib diktatura tugadi va endi nima bo‘lishini oldindan aytishning iloji yo‘q: odamlar qasos olishni istashi yoki boshqa guruhlar hokimiyatni egallashni istab qolishi mumkin — chinakamiga beqarorlik davri yaqinlashmoqda.
Isroil Suriyada nima istayotganini aniqlab olishi kerak
Jon Donnison, BBC’ning Quddusdagi muxbiri
Isroil bo‘layotgan voqealardan xavotirda. U allaqachon Suriya bilan chegaradagi okkupatsiya qilingan Jo‘lan tepaliklariga qo‘shimcha kuchlar yubordi.
Bizga ma’lum bo‘lishicha, Isroil qo‘shini Jo‘lan tepaliklarining narigi tomonidagi bufer zonaga qarab harakatlangan va o‘tgan kun davomida mazkur bufer zonaga qarab kelgan ayrim isyonchilarga zarbalar yo‘llagan.
Shu tariqa, isroilliklar ularga chekinishni taklif qilmoqda.
Isroil Suriya bilan chegaradoshligi faktining o‘zi isroilliklarda tashvish uyg‘otadi va Suriyada bor bo‘lgan kimyoviy qurollar ayrimlari «Al-Qoida»ga aloqador bo‘lgan isyonchi guruhlar qo‘liga tushishi xavfi bor.
2011 yilda Suriyada qo‘zg‘alon boshlanganida Isroil barqarorlik bo‘lishini istagandi. U Bashar Asad hokimiyatda qolishi tarafdori bo‘lgandi. Va shunga qaramay, bu vaqtda Asadni «Hizbulloh» ham qo‘lladi, «Hizbulloh» va uning homiysi Eron esa — Isroilning ikki asosiy dushmani.
Endi Isroil Suriyada nimaga erishmoqchi ekanini o‘zi uchun hal qilib olishi kerak bo‘ladi.
Rossiyaning Suriya hududidagi bazalariga nima bo‘ladi?
Ilya Abishev, BBC harbiy sharhlovchisi
Rossiyaning Suriyadagi bo‘linmalari nafaqat Tartusdagi harbiy-dengiz bazasida va Hmeymimdagi aviabazada, balki ko‘plab boshqa joylarda bor — mamlakat shimoli va shimoli-sharqidagi kurdlar nazorati ostidagi hududlarda, Dayr-az-Zorda, Palmirada, Damashq janubida. Ular strategik obektlarga xizmat ko‘rsatadi va nisbatan kam sonli.
Isyonchilar Halabni egallab, Hama, Homs va Damashq tomon yura boshlagach, Rossiya qo‘mondonligi Hmeymim va Tartus yo‘nalishidagi harbiy obektlarni qo‘riqlovchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi kontingentni olib chiqishga kirishdi. Ammo vaziyat tezlik bilan rivojlandi va hozircha barcha rossiyalik harbiylar olib ketilgani — aniq emas.
Qolaversa, Rossiyaning Hmeymim va Tartusdagi harbiy bazalarini ham endi xavfsiz joylar deb bo‘lmaydi. Shanba kuni isyonchilar Rossiya aerodromidan 30 km masofadagi tog‘ tizmasiga yetib kelgandi, bu esa ularning artilleriyasi va dronlari o‘shandayoq aerodromga hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘lganini anglatadi.
Bir necha kun oldin ham isyonchilar kolonnalari bo‘ylab zarbalar yo‘llagan Rossiya aviatsiyasiga nima bo‘ladi?
Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qaraganda, dekabr boshida Rossiya kemalari va katerlari Tartusdagi bazani tark etgan. Ammo xuddi shu vaqtda olingan boshqa kadrlarda Rossiyaning Hmeymimdagi aviabazaga joylashtirilgan samolyotlari hali joyida turganini ko‘rish mumkin.
«Bazani evakuatsiya qilish amalda imkonsiz, — deya yozdi juma kuni rossiyalik harbiy ekspert va bloger, Fighterbomber kanali muallifi. — Eng yaxshi holatda shaxsiy tarkibning katta qismi va hujjatlarni evakuatsiya qilib, soz holatdagi samolyotlarni minib ketish mumkin».
Yakshanba kuni esa Fighterbomber aviabazadagi xodimlar texnikalarni olib ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozdi: «Ixtiyorimizda faqat bitta aerodrom qolgan ekan, taxmin qilish mumkinki, texnikalar Rossiyaga olib ketiladi. Yoki Afrikaga ham bo‘lishi mumkin».
Bloger ayni vaqtda Rossiyaning Tartus va Hmeymimdagi bazalarida vahima yo‘qligini qayd etgan. Uning fikricha, bu Rossiya va Turkiya o‘rtasida kelishuv mavjudligini anglatadi.
Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 3 dekabr kungi telefon muloqotida Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgandi.
Hozirda yuzaga kelgan vaziyatda ko‘p narsa Turkiyaning pozitsiyasiga bog‘liq. Va katta ehtimol bilan, Anqara Rossiya qo‘shini Suriyani to‘sqinlikka uchramay tark etishidan manfaatdor.