Tahlilchilar 2024 yilda Rossiyada ishlayotgan mehnat migrantining o‘rtacha statistik portretini tuzdi. U O‘zbekistondan kelgan, Moskva yoki shu nomdagi oblastda yashovchi 28 yoshli, turmush qurgan yigit bo‘lib chiqdi. Bunday ma’lumotlar «Migrant servis» platformasi mutaxassislari tomonidan o‘tkazilgan tadqiqot davomida olingan, deb xabar berdi 24.kg.
Ular 63 mingga yaqin obunachini qamrab olgan so‘rovnoma o‘tkazdi va uning natijalariga ko‘ra hozir Rossiyada ishlayotgan oddiy mehnat migrantining portretini aniqladi.
Migrantlar orasida eng katta guruhni O‘zbekistondan kelganlar (55,4 foiz) tashkil qilgan. Undan keyingi o‘rinda Tojikiston (39,89 foiz) fuqarolari. Armaniston, Qirg‘iziston, Belarus va Qozog‘istondan kelganlar (4,82 foiz) nisbatan ozchilikni tashkil qiladi.
Chet ellik ishchilarning katta qismi turmush qurgan. So‘rov natijalariga ko‘ra, 14 yoshdan oshgan migrantlarning yarmidan ko‘pi (51 foiz) shunday maqomga ega. Uchdan biridan kamrog‘i (28 foiz) hech qachon turmush qurmagan, 5 foizi ajrashgan, yana 3 foizi beva qolgan.
«Migrantlar uchun oila va bolalar eng oliy qadriyat», deydi tahlilchilar. «Asosiy e’tibor uyda qolgan oilasini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan, bu pul o‘tkazmalari chastotasida ko‘rinib turibdi: 67 foizi har chorakda pul jo‘natadi, 41 foizi esa daromadlarining 50 foizdan ortig‘ini uyiga yuboradi».
So‘rovda ishtirok etganlarning aksariyati har oy mehnat patenti uchun haq to‘laydi (83 foiz), 47 foizi patentga ish haqining 10 foizidan kamini, 27 foizi esa 11-20 foizini sarflaydi. Shuningdek, 47 foizi ish haqining 10 foizi yoki undan kamini ijara haqiga sarflashini ta’kidlagan. Shu bilan birga, qariyb 45 foizi hech qachon uyini o‘zgartirmaganini, 38 foizi esa yiliga bir yoki ikki marta shunday qilishini bildirgan.
Oziq-ovqat ham budjetning katta qismi bo‘lib, migrantlarning 44 foizi o‘z daromadining 10 foizi yoki undan kam qismini sarflaydi. 26 foizi oziq-ovqatga 11 foizdan 20 foizgacha pul sarflashini ko‘rsatdi. Qolgan 30 foizi esa daromadining 20 foizdan ortig‘ini oziq-ovqat mahsulotlariga sarflaydi.
«Umuman olganda, Moskva va shu nomdagi mintaqadagi migrantning portreti pulni tejashga intilayotgan odamning suratidir», deyiladi Migratsiya xizmati xulosalarida. «U o‘z daromadining katta qismini uyiga jo‘natib, uy-joy va transport xarajatlarini minimallashtirishga harakat qiladi. Bundan tashqari, u o‘zini tibbiy xizmatlar va o‘yin-kulgilardan cheklab, moliyaviy mablag‘larini tejashni afzal ko‘radi».