9 mingdan ortiq ilmiy ish ma’lumotlari tahlil qilingach, tadqiqotchilar katta yoshdagi individlar turni saqlab qolishda hal qiluvchi rol o‘ynashini aniqladi. Tadqiqot natijalari Science jurnalida chop etildi.
Keksa hayvonlar butun populyatsiyaga atrof-muhitdagi o‘zgarishlarga moslashish, oziq-ovqat topish va yirtqichlardan qochishda yordam beradigan bilimlarni to‘playdi. Masalan, katta urg‘ochi fillar kichkinalarga do‘stlarni dushmanlardan farqlashni o‘rgatadi. Qari kosatkalar yosh kosatkalarga qaraganda lososni samaraliroq ovlaydi. Bunday “ustoz”larning qirilishi populyatsiya uchun fojiali oqibatlarga olib kelishi mumkin.
“Okeandagi baliqni tasavvur qiling. Uning ov qilish yoki ko‘payishga mos joyni topish imkoniyati deyarli nolga teng. Shuning uchun ham avloddan avlodga o‘tib kelayotgan samarali usullarga amal qilish nihoyatda muhim”, — dedi Sidneydagi Makkuori universiteti biologi Kulum Braun.
Charlz Darvin universiteti (Avstraliya) ekologi Keller Kopf ham katta yoshdagi individlar o‘z tajribalarini yangi avlodlarga uzatishini ta’kidladi. Ko‘plab hayvonlar kundalik hayotda ajdodlari ishlab chiqqan strategiyalardan foydalanadi. Bu xoh ko‘payish uchun joy tanlash, xoh ozuqa qidirish bo‘lishi mumkin.
Bundan tashqari, aksariyat populyatsiyalarda “buvi” fenomeni bor — ko‘payish davri tugagandan so‘ng, keksa hayvonlar yosh avlodni tarbiyalashda yordam beradi. Biroq aynan qari jonivorlar ko‘pincha ovchilarning o‘ljasiga aylanadi. Ularning halok bo‘lishi esa butun boshli populyatsiyani yashab qolish uchun zarur bo‘lgan tajribadan mahrum qiladi. Kopf va uning hamkasblari keksa hayvonlarni qonunchilik darajasida himoya qilishga chaqirmoqda. Xususan, qari fillarni tishi uchun ovlashni taqiqlash taklif etilmoqda.