Suriya prezidenti Bashar Asad va uning oilasiga Rossiyada boshpana taqdim etish qarorini Vladimir Putin qabul qildi. Bu haqda RF prezidentining matbuot kotibi Dmitriy Peskov ma’lum qildi.
Shu orqali u 8 dekabr kuni Suriyada o‘z rejimi qulagan Asad Moskvaga uchib ketganini tasdiqladi. Peskov Bashar Asad hozir qayerda ekani to‘g‘risida jurnalistlarga ma’lumot bera olmasligini va Putinning rasmiy jadvalida u bilan uchrashuv ko‘zda tutilmaganini bildirdi.
Shuningdek, u Kremlning Asadga Rossiyadan boshpana berilgani bo‘yicha rasmiy bayonot bilan chiqishi «mutlaqo keraksiz» ekanini ta’kidladi. «Biz bunga majbur emasmiz», — deydi u.
Suriyadagi vaziyat haqida gapirar ekan Peskov u yerda sodir bo‘lgan voqea «butun dunyoni hayratga solgani» va Kreml ham «mazkur holatda istisno emasligini» aytdi. Putinning matbuot kotibi fikricha, Suriyani «beqarorlik bilan bog‘liq murakkab davr» kutmoqda, ammo Kreml mintaqadagi barcha davlatlar bilan bu masalada dialogni qo‘llab-quvvatlab turadi.
8 dekabr kuni TASS davlat axborot agentligi Kremldagi manbasiga tayanib, Bashar Asad oilasi bilan birga Rossiyaga uchib kelgani to‘g‘risida xabar bergandi. Agentlik suhbatdoshining so‘zlariga ko‘ra, Rossiya hukumati insonparvarlik nuqtai nazaridan Suriya sobiq prezidenti va uning oilasiga boshpana taqdim etgan.