Moskvaga qochgan Bashar Asad, Suriyada IShID va kurdlarga qarshi zarbalar va anneksiyani kengaytirayotgan Isroil - kun dayjesti

Jahon 16:52 / 09.12.2024 5029

O‘tgan kun davomida jahonda ro‘y bergan eng asosiy voqealar va yangiliklar sharhi bilan kundalik xabarnomamizda tanishtiramiz.

Asad rejimining qulashi

Jahondagi diktaturaga asoslangan hokimiyatlardan biri barham topdi. Suriyada 57 yildan buyon hukmronlik qilib kelgan Asadlar sulolasi hukmronligi turli inqilobiy kuchlarning har tomondan mamlakat poytaxti Damashqni siquvga olganiga dosh bera olmadi.

Yaqindagina xalqning 95 foiz ovozi bilan prezidentlikka qayta saylangani e’lon qilingan Bashar Asad esa Moskvaga qochgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda TASS xabar berdi. Garchi bungacha Bashar Asad Damashqdan qochayotib, Il-76 samolyotida aviahalokatga uchragan, degan asoslanmagan xabarlar tarqalayotgan edi.

Rossiya va Eronning yordami bilan tirik bo‘lib turgan Bashar Asadning zolim rejimi qulashini Suriyaning o‘zida va chet elda yashovchi suriyaliklar katta shod-xurramlik bilan kutib olishdi. Ayniqsa suriyalik qochqinlar soni ko‘p bo‘lgan Turkiya shaharlarida mushakbozlik va katta tantana bilan qarshi olindi.

Damashqda odamlar Bashar Asadning saroyigacha bostirib kirishgan. Butun mamlakat bo‘ylab qamoqxonalardan mahkumlar ozod qilingan.

Suriyada IShID obektlariga zarba

AQSh kuchlari Suriyaning markaziy qismida IShIDga tegishli 75 dan ortiq obektga zarbalar berdi. Markaziy qo‘mondonlik (CENTCOM) operatsiyaning maqsadi IShIDning mamlakatdagi beqaror vaziyatdan foydalanishiga yo‘l qo‘ymaslik ekanini ma’lum qildi. Hujumda B-52 bombardimonchi samolyotlari va F-15 hamda A-10 hujumkor harbiy samolyotlari ishtirok etdi.

CENTCOM qo‘mondoni Maykl Kurilla: «IShID bilan hamkorlik qiluvchi har qanday guruh javobgarlikka tortiladi», — deya ogohlantirdi.

Operatsiya Asad rejimi qulagandan keyingi bo‘shliqdan foydalanishni to‘xtatishga qaratilgan. AQSh prezidenti Jo Bayden Asadning hokimiyatdan ketishini «asosiy adolat akti» deb atadi, ammo bu vaziyatda xavfli omillar borligini ta’kidladi.

Suriyada kurdlarga qarshi janglar

Qurolli guruhlar Suriya shimolida kurdlarga qarshi shiddatli janglar olib bormoqda.

Suriya shimolidagi Manbij shahri uchun Suriya milliy armiyasi (SNA) va kurdlar boshchiligidagi Suriya demokratik kuchlari (SDF) o‘rtasida shiddatli janglar davom etmoqda.

Anqara tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotgan «Ozodlik tongi» operatsiyasi natijasida SNA kuchlari shaharning ayrim qismlarini egalladi, ammo Manbij harbiy kengashi bu ma’lumotlarni inkor etdi.

Suriya Inson huquqlari observatoriyasi (SOHR) ma’lumotlariga ko‘ra, oxirgi to‘qnashuvlarda Harbiy kengashning 17 a’zosi va SNA tomonidan qo‘llab-quvvatlangan turkparast guruhlarning 9 jangchisi halok bo‘lgan. Jangarilar Manbijni to‘liq egallaganini e’lon qilgan bo‘lsa-da, kurdlar buni yolg‘on deb atadi. Hujumlar chog‘ida halok bo‘lganlarning sonini mustaqil ravishda tekshirish imkoni yo‘q.

Anneksiyani kengaytirayotgan Isroil

Isroil G‘arbiy sohilda 2400 gektar yerni anneksiya qilib, yahudiy manzilgohlarini kengaytirishga tayyorgarlik ko‘rmoqda. Bu so‘nggi yillardagi eng yirik yer egallashlardan biri bo‘ldi.

Isroilning millatchi moliya vaziri Betsalel Smotrich ushbu hududlarni «davlat mulki» deb e’lon qildi. 1993 yildagi Oslo kelishuvidan buyon bu Falastin yerlaridagi eng katta anneksiya bo‘lib, umumiy «davlat mulki» deb atalgan hududning yarmini tashkil qiladi. Xalqaro huquqqa ko‘ra, ushbu harakatlar noqonuniy hisoblanadi.

Ayni paytda O‘rdun daryosining G‘arbiy sohilida joylashgan Falastin yerlarida 451 mingdan ortiq yahudiylar istiqomat qiladi. Quddusning sharqiy qismida yana 230 mingga yaqin mustamlakachilar joylashgan.

Falastinliklarga tegishli yerlar muntazam bosib olinayotgani va hujumlarga uchrayotgani ularning yashash sharoitlarini yomonlashtirmoqda.

2023 yil oktyabridan beri G‘arbiy sohil va Sharqiy Quddusda 805 nafar falastinlik, shu jumladan 167 bola, Isroil hujumlari qurboni bo‘lgan.

Amnesty International Isroil harakatlarini genotsid deb baholab, xalqaro hamjamiyatni vaziyatning keskinlashuvini to‘xtatishga chaqirmoqda. Hujjatda falastinliklarga nisbatan bosim va infratuzilmalarning yo‘q qilinishi xalqaro huquqni buzish sifatida baholangan.

Zelenskiy Ukrainaning yo‘qotishlari haqida

Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning ma’lum qilishicha, Rossiyaning keng ko‘lamli urush boshlaganidan beri Ukraina 43 ming harbiy xizmatchisini yo‘qotgan. Shuningdek, 370 ming kishi yaralangan, ularning yarmidan ko‘prog‘i qayta safga qaytgan. Zelenskiy halok bo‘lgan har bir inson mamlakat uchun qadrli ekanini ta’kidladi.

Prezidentga ko‘ra, Rossiya 198 ming askaridan ayrilgan, 550 mingdan ortig‘i yaralangan. Bu raqamlar AQSh prezidenti saylangan Donald Trampning Rossiya va Ukrainaning umumiy yo‘qotishlari mos ravishda 600 va 400 ming kishi deb baholagan ma’lumotlari bilan mos keladi.

Ukraina va Rossiya qurbonlarini mustaqil baholashga qaratilgan tadqiqotlar qurbonlar soni rasmiy ma’lumotlardan yuqori ekanini ko‘rsatmoqda. ualosses.org ma’lumotlariga ko‘ra, Ukraina qurbonlari 60 mingdan ortiq bo‘lishi mumkin. NATO ma’lumotlariga ko‘ra, Rossiya kuniga o‘rtacha 1270 askarini yo‘qotmoqda.

Har ikki tomon uchun qurbonlar soni ortib borayotgani urushning jiddiyligini ko‘rsatmoqda. Zelenskiyning ta’kidlashicha, Ukraina bosqinga qarshi o‘z mustaqilligini himoya qilishda davom etadi. NATO va xalqaro hamjamiyat Rossiya yo‘qotishlari hali ham davom etishini taxmin qilmoqda.

Rossiyada migrantlarga navbatdagi taqiq

LDPR fraksiyasi deputatlari migrantlarning ta’lim muassasalari yaqinida yashashini taqiqlashni nazarda tutuvchi qonun loyihasini tayyorlamoqda. Qonunga muvofiq, mehnat migrantlari maktab va bog‘chalardan kamida 200 metr uzoqlikda yashashi lozim. Shuningdek, ularning ta’lim muassasalarida ro‘yxatdan o‘tishi ham taqiqlanadi.

LDPR yetakchisi Leonid Slutskiyning aytishicha, bu choralar «voyaga yetmaganlarga xavfni kamaytirish» maqsadida taklif qilinmoqda. Amaldagi qonunchilikda mehnat migrantlarining yashash joylari bo‘yicha cheklovlar mavjud emas.

Avval LDPR fraksiyasi Rossiya hukumatiga migrantlarga uy-joyni shartnoma asosida ijaraga berish va uning muddatini bir yil etib belgilashni taklif qilgan edi.

Haitidagi jodugarlik ortidan qirg‘in

Haitidagi Site-Soley tumanida Monel «Mikano» Feliks boshchiligidagi Wharf Jeremie to‘dasi kamida 110 kishini o‘ldirdi. Inson huquqlarini himoya qilish milliy tarmog‘iga ko‘ra, bu qirg‘inga to‘da yetakchisining farzandiga jodugarlik orqali zarar yetkazilganiga bo‘lgan shubhalar sabab bo‘lgan.

Juma kuni 60 kishi, shanba kuni esa yana 50 kishi to‘da a’zolari tomonidan machete va pichoqlar yordamida o‘ldirilgan. Barcha qurbonlar 60 yoshdan oshgan shaxslar bo‘lgan. Feliksning farzandi shanba kuni vafot etgani haqida xabar berildi.

Site-Soley — poytaxt Port-o-Prens porti yaqinida joylashgan, mamlakatning eng qashshoq va xavfli hududlaridan biri.

Haitida qurolli to‘dalarning ta’siri tobora kuchayib borayotgani orol davlatining siyosiy va ijtimoiy muammolarini yanada og‘irlashtirmoqda.

Yaponiya: demografik inqirozga qarshi choralar

Tokio hukumati demografik inqirozga qarshi to‘rt kunlik ish haftasini tajriba sifatida joriy etdi. Bu chora ayollar ish yuklamasini kamaytirish va tug‘ilish darajasini oshirishga qaratilgan.

Yaponiyada tug‘ilish sakkiz yildan buyon kamayib, 2024 yilning birinchi yarmida 350 ming chaqaloq tug‘ilgani qayd etilgan, bu o‘tgan yilga nisbatan 5,7 foizga kam.

Yangi tashabbusga ko‘ra, ishchilar haftasiga to‘rt kun ishlash, bola parvarishi uchun qisman ta’til olish va ish vaqtini qisqartirish imkoniga ega bo‘ladi. Tokio gubernatori Yuriko Koikening aytishicha, «ayollar ish yoki farzand tarbiyalash o‘rtasida tanlov qilmasliklari kerak».

Yaponiya hukumati o‘nlab yillardan buyon tug‘ilishni oshirishga qaratilgan choralarni ko‘rib kelmoqda, ammo mehnat madaniyatining o‘zgarmasligi sababli bu harakatlar minimal natija bermoqda.

Ko‘proq yangiliklar: