Isroilga Suriyada kim bo‘lgani ma’qul: «tanish iblis»mi yoki yangi xatarlar?

Jahon 16:11 / 09.12.2024 14804

Jo‘lan tepaliklaridagi xavfsizlik tahdidi kuchaygani bois armiya oliy tayyorgarlik holatiga keltirildi. Bu hudud Suriya bilan chegaradosh bo‘lib, bir paytlar Isroil tomonidan bosib olingan.

Isroil bosh vaziri Binyamin Netanyahu Jo‘lan tepaliklarida turib, Asad rejimi qulashi isroillik harbiylarning Suriya hukumatiga ittifoqchi bo‘lgan Eron va Livandagi «Hizbulloh» bo‘ylab yo‘llagan zarbalari tufayli ro‘y berganini aytdi. «Biz Suriya bilan chegaramizning narigi tomonida turgan barchaga: Isroil bilan tinchlikda yashashni istovchi druzlar, kurdlar, xristianlar va musulmonlarga tinchlik signalini yuboramiz», — degan u.

Buning ortidan Isroil armiyasi o‘z tanklarini Suriya bilan chegaradagi bufer zonaga «va bir qator boshqa joylarga Jo‘lan tepaliklaridagi jamoalar va fuqarolar xavfsizligini ta’minlash uchun» joylashtirdi.

The Jerusalem Post xabariga ko‘ra, isyonchilar egallab olmasligi uchun Isroil aviatsiyasi Suriya janubidagi kimyoviy qurollar ishlab chiqariladigan zavodlarga zarbalar yo‘llagan, shuningdek, Damashq chekkasida, aeroport yaqinidagi o‘q-dorilar saqlanuvchi omborda isroilliklar zarbasi oqibatida portlash va yong‘inlar ro‘y bergan.

2011 yilda Suriyada fuqarolik urushi boshlanganidan so‘ng Isroil bevosita mojaroga aralashgan va 2015 yildan boshlab Eron va «Hizbulloh» bilan bog‘liq deb topilgan obektlarga keng ko‘lamli havo zarbalari berib kelayotgandi.

Avvalroq Isroil Suriya armiyasiga qarshi kurashayotgan muxolifat guruhlarini maxfiy ravishda qo‘llab-quvvatlab kelgan. Isroil rasmiy manbalari keyinroq ma’lum qilishicha, bu qo‘llab-quvvatlash tibbiy yordam, oziq-ovqat va qurol yetkazib berish, shuningdek, harbiy tayyorgarlikka yordam ko‘rsatishni qamrab olgan.

Biroq, hozir «Hay’at Tahrir ash-Shom» boshchiligidagi muxolifat kuchlari Suriyada tezkor yurish boshlab, mamlakatni egallab olishi Isroilni o‘z pozitsiyasini qayta baholashga majbur qildi.

Isroil ikki yo‘l qarshisida qolayotgandi: ular muxolifatning muvaffaqiyatini qo‘llab-quvvatlashi kerakmi? Bu holat Eron va «Hizbulloh»ga qarshi kurashda Isroil manfaatlariga to‘g‘ri keladi. Yoki Asad rejimi afzalroqmidi — u Eron Suriyadan foydalanishiga imkon bergan, biroq yillar davomida Isroilga to‘g‘ridan to‘g‘ri tahdid solmagan.

Isroil uchun yangi xatar

Isroil harbiy razvedkasining 8200-bo‘limi sobiq rahbari Hanan Gefen BBCʼga bergan bayonotida Suriyadagi vaziyat so‘nggi vaqtlarda Isroil uchun «tobora tahlikali» bo‘lib borganini ta’kidlagan.

Suriya ayniqsa so‘nggi oylarda «Hizbulloh» uchun faoliyat maydoniga aylangan. Bu yerdagi zamonaviy qurol-yarog‘, raketalar va dronlar ishlab chiqaradigan zavodlar mazkur shialar guruhi ixtiyoriga berilgandi.

Asad rejimi zaifligi va Eronning uni nazorat qilish uchun richaglarga ega bo‘lishi Suriyadagi siyosiy vaziyatni Isroil uchun muxolifatchilar Damashqni egallab olishidan ham xavfliroq qilardi, deydi Gefen.

Uning fikricha, Isroil xavfsizlik idoralari Asadning nufuzi tushib borayotgani va uning rejimi mintaqaviy hamda xalqaro aralashuvning oldini olishda samarasiz bo‘lib qolayotganidan chuqur tashvishga tushib qolishgandi. Shu bilan birga, Suriyada ekstremistik guruhlar hokimiyatga kelish ehtimoli ham Isroil uchun qo‘rqinchli.

Gefenning so‘zlariga ko‘ra, «Hay’at Tahrir ash-Shom» kabi guruhlar ekstremistik mafkurasi bilan Isroil uchun yangi xavf manbayiga aylanishi mumkin.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» bir qator davlatlarda, jumladan, Rossiya va AQShda terroristik tashkilot sifatida tan olingan. U 2011 yilda «Jabhat an-Nusra» nomi ostida tashkil etilgan bo‘lib, «Al-Qoida»ning to‘g‘ridan to‘g‘ri filiali hisoblangan.

Guruh tashkil etilishida IShIDning sobiq yetakchisi Abu Bakr al-Bag‘dodiy ham ishtirok etgan. «Hay’at Tahrir ash-Shom» Asadga qarshi harakat qilgan eng samarali va shafqatsiz guruhlardan biri sifatida baholanadi.

«Bu kabi guruhlar chegara hududlarimizda mavjudligi kelajakda yanada jiddiy tahdidga aylanishi mumkin», — deydi Gefen.

«Tanish iblis»

Tel-Aviv universiteti vitse-prezidenti, Suriya bo‘yicha ekspert, professor Eyal Zisser BBCʼga bergan izohida Suriya armiyasi mag‘lubiyatini strategik burilish nuqtasi deb atadi.

Zisserning tushuntirishicha, Isroil 2000 yilda Asad hukumatga kelganidan beri uning hukmronligiga ko‘nikkan, chunki rejim Isroil bilan chegaradagi tinchlikni saqlab qolishga intilib kelgan.

«Bu tinchlik Isroil uchun foydali bo‘lgan, biz Suriya hukumati tomonidan Isroil havo hujumlariga qarshi biror intiqom amallarini ko‘rmaganmiz», – dedi u.

Isroildagi ayrim tahlilchilar Asad hukmronligining davom etishi Isroil xavfsizligi uchun eng afzal variant bo‘lganini ta’kidlaydi. Ularning fikricha, Asad «loaqal azaldan tanish iblis» edi.

Ular Asad rejimi hukmronligini mintaqaviy barqarorlik uchun afzal deb hisoblashardi.

Biroq, muxolifatni qo‘llab-quvvatlash tarafdorlari ham bor – avvalo, chunki ular mintaqada Eron va «Hizbulloh» ta’sirini susaytirishga xizmat qiladi, deb o‘ylashadi.

«Suriyaning parchalanishi Asaddan yaxshiroq»

«Men o‘z saqlab qolish muddatini o‘tab bo‘lgan rejim hukmronligi davom etishidan ko‘ra, Suriyaning parchalanishini afzal ko‘rar edim», — deydi Isroilning harbiy razvedka bo‘limi sobiq rahbari Hanan Gefen.

Unga ko‘ra, Isroil Suriyada vaqt o‘tishi bilan yuzaga keladigan har qanday yangi voqelikka moslashishga qodir.

So‘nggi to‘rt yil mobaynida Suriyadagi urush amalda tugaganday ko‘ringandi.

Ushbu davr mobaynida Asad rejimi mamlakatning yirik shaharlarida qarshilikka duch kelmadi, garchi Suriyaning ayrim qismlari uning to‘g‘ridan to‘g‘ri nazoratidan tashqarida qolgan bo‘lsa-da.

Gefenning ta’kidlashicha, Suriyada fuqarolik urushi yangi bosqichga o‘tishi mumkin va bu uzoq davom etishi ehtimoldan yiroq emas. Bu esa Isroilga vaziyatni chuqur tahlil qilish va muqobil strategiyalarni ishlab chiqish uchun vaqt beradi.

Ekspert xulosasiga ko‘ra, Suriyada muxolifat hokimiyatga kelishi Isroil uchun xavfli bo‘lishi mumkin bo‘lsa-da, oxir-oqibat u «Hizbulloh»ga Erondan qurol yetkazib berishning asosiy yo‘nalishiga aylanib ulgurgan rejimga nisbatan manfaatliroq ittifoqchi bo‘lishi mumkin.

«Isyonchilarni qo‘llab-quvvatlash – variant emas»

Ilgari Isroil ayrim muxolifatchi guruhlarni qo‘llab-quvvatlagan bo‘lsa-da, Eyal Zisserning fikricha, «Suriya muxolifatiga hozirgi paytda bevosita yordam ko‘rsatish hayotiy yechim emas», ayniqsa, Suriya shimolida. Bu yerda qurolli guruhlar Isroil bilan tortishuvli munosabatlarga ega yana bir davlat bo‘lmish Turkiya bilan yaqin aloqa o‘rnatgan.

Zisserning ta’kidlashicha, Isroil hozir Suriya rejimiga bevosita yordam ko‘rsatmayotgan bo‘lsa-da, u Eron ta’siriga qarshi kurashishi mumkin. Masalan, Suriyada samolyotlarning qo‘nishini oldini olish yoki Eron qo‘llab-quvvatlagan qurollangan guruhlarning Iroq orqali harakatini to‘xtatish orqali.

Ekspert shuningdek, Asadning muhim ittifoqchisi bo‘lgan Rossiya haqida ham unutmaslik lozimligini ta’kidlaydi.

Zisser IShID qayta quloch yozishi Isroil va Suriya uchun ham tahdid ekanidan ogohlantiradi. Asad radikal guruhlar ustidan g‘alaba qozonish uchun yetarli ta’minotga ega bo‘lmagan va zaif motivatsiyali chaqiruvchilar armiyasiga tayana olmasdi. Bu armiya doimo isyonchilar hujum qilganida o‘z pozitsiyalarini saqlab qolishga qiynalgan.

Asad uchun Rossiya aviatsiyasi va Eron tomonidan qo‘llab-quvvatlangan «Hizbulloh» jangchilari hamda boshqa qurolli guruhlarning harbiy yordami muhim ahamiyatga ega bo‘lib kelgan.

Zisser Isroilning Suriyadagi biror tomonni qo‘llab-quvvatlab keng ko‘lamli urushga kirishini ehtimoldan yiroq deb hisoblaydi, biroq u Eron bilan bog‘liq harbiy nishonlarga qarshi cheklangan operatsiyalarni davom ettirishi kerak.

«Suriyadagi vaziyat o‘zgarib bormoqda va Isroil o‘zining uzoq muddatli strategik manfaatlari va joriy xavfsizlik qarashlari o‘rtasida muvozanat saqlagan holda, bu murakkab dinamikaga moslashishiga to‘g‘ri keladi», deydi u.

Ko‘proq yangiliklar: