Fransiyada hukumat ijtimoiy himoya budjetini mustaqil tasdiqlash huquqidan foydalangani ortidan parlament tomonidan iste’foga chiqarildi. Bosh vazir Mishel Barne konstitutsiyaviy tartibda Milliy Assambleyani chetlab o‘tgan holda qabul qilgan budjet kelgusi yilgi ijtimoiy xarajatlarni qisqartirishni nazarda tutadi.
The Economist'ning yozishicha, budjet defitsiti bilan bog‘liq muammolar Yevropaning ko‘plab mamlakatlarida kuzatilmoqda. Nashr defitsit muammosining mintaqa bo‘ylab yoyilib borayotganini xavotirli darajada deb baholagan.
Fransiyada budjet tanqisligi 6 foizdan oshgan bo‘lib, bu Yevropa Ittifoqining 3 foizlik limitidan ancha yuqori. Davlat qarzi 2024 yilda yalpi ichki mahsulotning 115 foizini tashkil etsa, 2029 yilga kelib 124 foizga yetishi mumkin. Shuningdek, davlat qarzining foiz to‘lovlari ikki barobarga ko‘payishi kutilmoqda, bu budjetga bosimni oshiradi.
Shuningdek, Germaniya va Niderlandiya kabi iqtisodiy jihatdan kuchli davlatlar ham keyingi yillarda budjet tanqisligi muammosiga duch kelmoqda.
Davlat xarajatlarining sezilarli ortishi COVID-19 pandemiyasi va Rossiya-Ukraina urushi oqibatlari bilan bog‘liq.
Ta’kidlanishicha, Fransiyaning iqtisodiy qiyinchiliklari butun Yevropaga va boshqa mintaqalarga ta’sir qiladi. Fransiya yevrozonaning muhim a’zosi bo‘lgani uchun uning moliyaviy holati mintaqa iqtisodiyotining umumiy holatiga ta’sir ko‘rsatadi. Agar Fransiya va boshqa davlatlar bu muammolarni hal qilish uchun jiddiy choralar ko‘rmasa, sarmoyachilar ishonchi susayishi va qarz olish xarajatlari oshib ketishi mumkin. Bu esa butun moliyaviy tizimni xatar ostida qoldirishi ehtimoldan xoli emas, deya qayd etgan The Economist.