Samarqandda otasining mashinasini olib qochgan 2 nafar maktab o‘quvchisi YTHga uchradi

Jamiyat 17:09 / 08.12.2024 4945

Samarqand viloyatida otasining mashinasini olib qochgan ikki nafar maktab o‘quvchisi yo‘l-transport hodisasi sodir etgan. Bu haqda “Ovoza” informatsion dasturida xabar berildi.

Hodisa 2024 yil 28 noyabr kuni soat 00:30 larda sodir bo‘lgan. Samarqand shahrida yashovchi ikki nafar maktab o‘quvchisi otasiga tegishli Onix mashinasini so‘roqsiz minib chiqqan.

Ular shaharning Sadriddin Ayniy ko‘chasida svetoforning qizil chirog‘iga amal qilmasdan o‘tib ketgan va 65 yoshli shaxs boshqaruvidagi Cobalt mashinasi bilan to‘qnashgan.

Oqibatda Cobalt haydovchisi va o‘quvchilar tan jarohatlari olib, shoshilinch tez tibbiy yordam markaziga murojaat qilgan.

Tekshiruvlardan so‘ng jarohati yengil bo‘lgan o‘quvchilarga javob berilgan. 65 yoshli shaxs esa komaga tushgan.

Qayd etilishicha, holat yuzasidan Samarqand shahar IIB tomonidan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Hozirda surishtiruv harakatlari olib borilmoqda.

Ko‘proq yangiliklar: