Bashar Asad «prezidentlik lavozimini tashlab, Suriyani tark etishga» qaror qildi. Bu haqda Rossiya Tashqi ishlar vazirligi bayonotida so‘z boradi.
«Bashar Asad Suriya hududidagi qurolli mojaroning bir qator ishtirokchilari bilan o‘tkazilgan muzokaralar natijasida prezidentlik lavozimini tashlab, mamlakatni tark etishga qaror qildi va hokimiyatni tinch yo‘l bilan topshirish bo‘yicha ko‘rsatma berdi. Rossiya ushbu muzokaralarda ishtirok etmadi», — deyiladi TIV xabarida.
Qayd etilishicha, Moskva «tomonlarning barchasiga murojaat qilib», zo‘ravonlikka chek qo‘yish va barcha masalalarni siyosiy yo‘l bilan hal etishga chaqirgan. Bayonotda ta’kidlanishicha, Rossiya «Suriyadagi muxolifat guruhlarining barchasi bilan aloqada bo‘lib turibdi».
TIV, shuningdek, Suriyadagi Rossiya fuqarolari xavfsizligi uchun «kerakli barcha choralar» ko‘rilayotganini ma’lum qildi.
«Suriya hududidagi Rossiya harbiy bazalari yuqori jangovar shay holatga keltirilgan. Ayni vaqtda ularning xavfsizligi jiddiy tahdid yo‘q», — deya qo‘shimcha qiladi Tashqi ishlar vazirligi.
Avvalroq Suriya prezidenti Bashar Asad aviahalokat qurboniga aylangan bo‘lishi mumkinligi ma’lum qilingandi. Agentlik Flightradar24 servisi ma’lumotlariga asoslanib, Damashq isyonchilar qo‘liga o‘tishidan biroz oldinroq Syrian Air aviakompaniyasining Il-76 rusumli samolyoti mahalliy vaqt bilan 8 dekabrga o‘tar kechasi soat 4:55 da Suriya poytaxti aeroportidan uchib ketganini yozgan. Samolyot bortida kim bo‘lgani oxirigacha aniq emas. Bu prezident Bashar Asad bo‘lgani taxmin qilinmoqda.
Samolyot avvaliga sharqqa, Iroq bilan chegara tomon uchgan, keyin esa birdaniga shimoli-g‘arbga burilib, mamlakatning Asadga moyil bo‘lgan alaviylar nazorati ostidagi Rossiya harbiy bazalari joylashgan hududlari tomon ucha boshlagan, shundan keyin Homs yaqinida radarlardan yo‘qolib qolgan. Bu shaharni shu kunlarda isyonchilar o‘z nazoratiga olgandi.