Madhiyani yangilayotgan Bishkek, saylov belgilagan Dushanbe va Ostonani tark etayotgan AQSh elchisi - mintaqa hafta ichida

Jahon 13:25 / 08.12.2024 10734

Kun.uz o‘tgan hafta davomida Markaziy Osiyo va uning qo‘shnisi Afg‘onistonda sodir bo‘lgan muhim voqealar tafsiloti bilan haftalik tahlilnomada tanishtiradi.

Qozog‘iston prezidenti Saudiya Arabistoniga bordi

Qozog‘iston prezidenti o‘tgan hafta rossiyalik hamkasbi Putinning davlat tashrifi  hamda Ostonadagi  Kollektiv xavfsizlik shartnomasi tashkiloti sammitini yakunlab olgach, bu hafta ishchi safari bilan Saudiya Arabistoniga bordi. 3 dekabr kuni Ar-Riyodda One Vater Summit – Yagona suv sammiti o‘tkazildi va unda prezident qatnashib, nutq so‘zladi. Dunyo davlatlaridan yig‘ilgan liderlar oldida u suvni ko‘z qorachig‘idek tejash kerakligini gapirdi. Suv xavfsizligi barqaror rivojlanish, iqtisodiy taraqqiyot va atrof-muhitni muhofaza qilish asosi, deydi To‘qayev Ar-Riyoddagi sammitda.

«Dunyo bo‘ylab 2 milliarddan ortiq odamlar hali ham sifatli ichimlik suv bilan ta’minlanmagan. 4 milliarddan ortiq aholi esa jiddiy suv tanqisligiga duch kelgan. Bugungi muammolar barqaror kelajagimiz uchun yagona global javob choralarini talab qiladi. Saudiya Arabistoni qiroliga suvdan azob chekayotgan davlatlarga yordam rejasi uchun rahmat aytaman. Keng hudud va dengizga chiqish imkoni yo‘q Qozog‘iston suvning qadrini yaxshi biladi. Suv cheksiz boylik emas, uni ko‘z qorachig‘idek asrash kerak, barqaror taraqiyot shu bilan» – Qosim-Jo‘mart To‘qayev

Qozog‘istonning 2030 yilgacha barqaror rivojlanish bo‘yicha asosiy prioritetlaridan biri – suv resurslari. Suv tanqisligi bu davlatda ham oziq-ovqat va energetika xavfsizligi, sanoat rivojiga tahdid solmoqda. Suvni tejaydigan qishloq xo‘jaligi texnikalariga o‘tish va qayta tiklanadigan energiya manbalari uchun investitsiya ekologik bosimni biroz bo‘lsa-da kamaytirishi mumkin. Qozog‘iston suv loyihalarini amalga oshirish uchun mablag‘ muhim deb o‘ylaydi, iqlim masalalari bo‘yicha birlamchi davlatlar bilan muloqotni kengaytirishni istaydi. 2026 yilda BMT ko‘magida Butunjahon iqlim konferensiyasi ham Qozog‘istonda o‘tkaziladigan bo‘lgan.

Gurbanguli Berdimuhammedov ham Ar-Riyodda bo‘ldi

Yagona suv sammitida shuningdek, Turkmaniston Xalq maslahati raisi Gurbanguli Berdimuhammedov ham qatnashib, nutq so‘zladi. U o‘z chiqishida suv resurslaridan teng va adolatli foydalanish haqida gapirdi.

«Suv masalalari ko‘p tomonlama muloqotning asosiy mavzusiga aylangan. Biroq ikki asosiy qoidaga so‘zsiz sodiq bo‘lish kerak: suvdan oqilona foydalanish va adolatli foydalanish. Suv resurslari – umumiy mulkdir, undan foydalanishda ham xalqaro standartlar amal qilishi kerak. Qabul qilinadigan qarorlar esa mintaqaning har bir davlati manfaatlariga mos tushishi kerak».

O‘zbekistonda qonunchilar hukumatning ortiqcha xarajatlarini registratsiya qildi

Mintaqaning eng ko‘p aholisiga ega O‘zbekiston hafta oxirida bosh qomusi qabul qilingan kunni nishonlamoqda. 1992 yilda qabul qilingan Konstitutsiyaga bir necha bor o‘zgartirishlar kiritilgan, xususan 2023 yilda referendum bilan davlat bosh hujjati 65 foizga o‘zgargandi. Bu hafta respublikada eng ko‘p muhokamada bo‘lgan mavzulardan yana biri davlat budjeti. O‘zbekistonning chiqimi kirimidan ko‘p, hukumat xarajatlarni kamaytirish tarafdori, lekin shu xarajatlar chegarasiga yana amal qilolmadi. Qonunchilik palatasi esa tashqi qarz limitini ko‘tardi. Yil boshida qonun bilan davlat kafolati ostida 5 mlrd dollardan ortiq mablag‘ jalb qilinmasligi belgilangan bo‘lsa-da, endi bu chegara 7,3 mlrd dollargacha oshirildi. Parlament quyi palatasi 3 dekabr kuni davlat budjeti to‘g‘risidagi qonunning tashqi qarz limitini oshirish qismini birdaniga uch o‘qishdayoq ma’qulladi. Hujjatni Senatga yubordi. Ovoz berishda esa na qarshilar, na betaraflar topilmadi. Deputatlar vazirlik va idoralarning 775,8 mln dollarlik qo‘shimcha sarf-xarajatlarini registratsiya qildi, xalq vakillari hujjatni muhokama ham qilmay, 9 daqiqadayoq jarayonga yakun yasadi, xarajatlar qonuniylashtirib berildi. Xarajatlarni oshirish sabablarini esa asoslaydigan odam topilmadi.

Koreyadagi siyosiy inqiroz paytida Japarov Seulda edi

Qirg‘iziston prezidenti bu hafta Koreyada bo‘ldi. Tashrif bilan Seulga borgan Japarov prezidentligidagi bu safarini unutmasa kerak. Sababi Janubiy Koreyadagi xaos va siyosiy inqiroz boshlangan kunda Japarov rafiqasi hamda delegatsiyasi bilan Seulda edi. Koreya prezidenti televideniye orqali mamlakatda harbiy holat e’lon qildi, bu esa muxolifatning qattiq qarshiligiga uchradi. Parlament a’zolari, 190 deputat roziligi bilan spiker harbiy holatni bekor qildi va prezidentdan ham uni bekor etishni talab qildi. Asosiy nazoratni qo‘liga olishni rejalagan Yun Sok Yol 4 dekabr tongida harbiy holatni bekor qilishga majbur bo‘ldi. O‘sha sanalarda Japarov delegatsiyasi Koreyada edi. 3 dekabr kuni asosiy muzokaralar o‘tgan, ikki tomonlama hujjatlar imzolangan bo‘lsa, ertasi kunigayoq hukumatga ishonchsizlik darajasi ortib, prezident ma’muriyati a’zolari birin-ketin iste’fo bera boshladi. Qirg‘iziston mediasi prezident axborot xizmatiga asoslanib, Japarov va uning delegatsiyasi xavfsiz joyda ekani va ularga nisbatan xavf sezilmaganini yozdi. 4 dekabr kuni delegatsiya safarni yakunlab, ortga qaytgan. Bundan tashqari, Koreyadagi harbiy holat va undan keyin siyosiy inqiroz fonida Qozog‘iston va Koreya mudofaa vazirlarining muzokaralari ham bekor qilingan.

 Tojikistonda parlament saylovi bo‘ladi

Tojikistonda esa prezident Imomali Rahmon navbatdagi parlament saylovlari sanasini belgiladi, bu 2025 yilning 2 mart sanasi. Majlisi Oliyning yangi a’zolarini saylash bo‘yicha saylov kunini belgilash xususida qaror chiqarildi. Parlamentning yuqori palatasi uchun saylov esa 28 mart sanasida o‘tkaziladi. Tojikistonda oxirgi marta parlament saylovlari 2020 yilning 1 martida o‘tkazilgandi. Parlamentdagi 63 o‘rinning 47 tasi o‘shanda Tojikiston XDPga nasib etgan. Yetti siyosiy partiya qatnashgan saylov natijalariga muvofiq Agrar partiya 7 mandat, Iqtisodiy islohotlar partiyasi 5 ta, Kommunistik partiya 2 ta, Demokratik va sotsialistik partiya esa bittadan mandatga ega bo‘lgandi. Sotsial-demokratik partiya esa belgilangan 5 foizlik chegaradan o‘ta olmay, parlamentda joysiz qolgandi.

Dushanbedagilar ham 2025 yil uchun davlat budjetini tasdiqladi

Yakuniga yetayotgan haftada Tojikiston parlamenti quyi palatasi ham 2025 yil uchun davlat budjeti hamda 2026-2027 yillar uchun prognozlarni ko‘rib chiqib, bu to‘g‘risidagi qonunni qabul qildi. Loyihani deputatlarga taqdim etgan Moliya vaziri Fayzullo Qahhorzoda kelgusi yili budjet daromadlari 15 foiz ortishiga ishontirmoqda. Prezident Rahmon 2025 yil uchun davlat budjeti ko‘rsatkichlarini oshkor qilarkan, ichki soliq tushumlaridan 22,7 mlrd somoniy, bojxona tushumlaridan 10 mlrd somoniy ko‘proq foyda olinishini ma’lum qildi. Investitsiya loyihalariga Tojikiston jami 11,2 mlrd somoniy jalb qilmoqchi. Lekin bu davlat pulidan emas, 60 foizi xalqaro grantlar, 40 foizi esa kredit hisobiga.

Turkmaniston paxta mavsumini yakunladi

O‘tgan hafta davlat paxta mavsumiga yakun yasadi. Respublikada mahalliy hokimiyat idoralari davlat sektori xodimlarini sentabr oyidan beri yig‘im-terim ishlariga majburan safarbar qilgandi. Davlatga oppozitsion ruhdagi nashr Turkmen.news xabariga ko‘ra, paxtaga chiqqanlar na turar joy, na oziq-ovqat bilan ta’minlangan. Terimchilar noturar joylarda tunab, oziq-ovqatiga o‘zi bosh-qosh bo‘lgan. Madaniyat muassasalari, ta’lim va hattoki bolalar bog‘chalari tarbiyachilari ham paxtaga chiqqan. Mavsumga respublikaning shimoliy Doshovuz viloyati nuqta qo‘ydi. Bu hududda «Doshovuz neftgazstroy», «Doshovuztransgaz» xodimlari ham paxtaga chiqarilgan. Dalaga borishni istamaganlar o‘z shaxsiy mablag‘lari hisobidan terimchi yollagan. Paxta mavsumida pul yig‘di-yig‘dilar ham ko‘paygan, kasaba uyushmalari o‘qituvchilarning o‘zidan 10-12 marta 50 manatdan jami 500-600 manat undirgan. Bu jami 25-30 dollar degani. Paxtaga majburlab chiqarish Xalqaro mehnat tashkilotining Turkmaniston qabul qilgan majburiy mehnatga qarshi yo‘l xaritasiga ziddir. Chunki hujjatda mulkchilik shaklidan qat’iy nazar korxonalarda ishlayotgan shaxslarni va 18 yoshga to‘lmaganlarni paxtaga majburlab chiqarish taqiqlangan edi. Xalqaro mehnat tashkiloti turkmanlarning paxta mavsumini jiddiy kuzatdi. Rasmiy uchrashuvlarda esa qatnashuvchilar sinchkovlik bilan tanlab olingani aytiladi. Doshovuz hokimi Dovletgeldi Babayev prezident Serdar Berdimuhammedovga axborot berarkan, paxtani so‘nggi yig‘ishtirib olish ishlari o‘z joyida ketgani, terimchilar tergan haqqi pulsiz qolmayotganini aytgan.

 Sadir Japarov 56 yoshni qarshi oldi

6 dekabr – Sadir Japarovning tug‘ilgan kuni. Traktorchilikdan keyin siyosiy faoliyatini 2005 yilda boshlagan Japarov 2021 yildan beri Qirg‘iziston prezidenti. Inqilob ortidan lavozimini tark etgan Sooranbay Jyeenbekovdan keyin u prezidentlikka saylangandi. 2005 yilgi Lola inqilobidan so‘ng Japarov siyosatda faollasha boshlagan. U sobiq prezident Qurmanbek Bakiyevning tarafdorlaridan bo‘lgan. 2012 yil kuzida Qumtor oltin konini milliylashtirish tarafdori bo‘lgan namoyishchilar Bishkekdagi prezident qarorgohini egallashga uringan. Sud esa namoyishchilar yetakchilari sifatida Tashiyev va Japarovni aybdor deb topib qamagan. Biroq 2013 yilda ular oqlandi. 2017 yilda Qirg‘iziston-Qozog‘iston chegarasida ushlangan Japarov 11 yil-u 6 oyga ozodlikdan mahrum qilindi. Biroq partiya tarafdorlari Japarovning qamalishiga qarshi norozilik namoyishlarini o‘tkazgan. 2020 yil oktyabrdagi parlament saylovi natijalari Qirg‘izistonda yana namoyishlar boshlanishiga sabab bo‘ldi. O‘shanda Japarov ozod qilingach, bosh vazir lavozimini talab qildi. Prezident Jyeenbekov Japarov nomzodini rad etdi, parlamentdan qayta ovoz berishni so‘radi. Japarov yana muvaffaqiyatli bosh vazir lavozimiga tasdiqlandi, so‘ngra Jyeenbekov iste’fo berishga majbur bo‘ldi. 2021 yil yanvaridagi saylov bilan Japarov Qirg‘iziston prezidentligiga saylangan. Uni tug‘ilgan kuni bilan hamkasbi O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tabrikladi.

Qozog‘istonda bu yili 4 teraktning oldi olingan

Qozog‘istonda 2024 yilda 4 ta teraktga tayyorgarlikning oldi olindi. Milliy xavfsizlik qo‘mitasi rahbari bu xususida prezident To‘qayevga hisobot berdi. Bundan tashqari, qo‘mita raisi Ermek Sagimbayevning ochiqlashicha, yana 84 nafar shaxs terrorizm va diniy ekstremizmda gumonlanib, sudlangan, 44 nafar shaxs hibsga olingan. Terrorizm va ekstremizmga aloqador bo‘lgan 824 nafar xorijliklarning Qozog‘istonga kirishi oldi olingan. Ma’lum bo‘lishicha, terroristik xarakterdagi aktlarni sodir etganlikda gumonlanib qidiruvda bo‘lgan 6 nafar qozog‘istonlik Suriya va Turkiyadan ekstraditsiya qilingan.

Shuningdek, hafta davomida prezident To‘qayev Yevrosiyo iqtisodiy komissiyasi hay’ati raisi Baxitjon Sagintayevni qabul qilib, Qozog‘istonda o‘tadigan oliy Yevrosiyo iqtisodiy kengashi yig‘ilishiga tayyorgarlikning borishi haqida axborot oldi. Prezidentga 26 dekabr kuni Sankt-Peterburgda bo‘lib o‘tadigan sammit haqida ham hisobot berildi. 5 dekabr kuni To‘qayev AQShning saylangan prezidenti Donald Tramp bilan telefon orqali suhbatlashdi, uni g‘alabasi bilan yana tabrikladi. Akorda xabariga ko‘ra, siyosatchilar savdo, investitsiyalar, yadro qurollarini tarqatmaslik bo‘yicha hamkorlikdan gaplashgan. To‘qayev xalqaro kun tartibidagi masalalar yuzasidan Ostonaning pozitsiyalarini bildirgan. Shunday qilib Qozog‘iston rahbari mintaqa prezidentlari ichidan birinchi bo‘lib saylangan Tramp bilan gaplashdi. Eslatib o‘tish joizki, hozirgacha biror AQSh prezidenti Markaziy Osiyoga kelmagan. Bayden 5 prezident bilan BMT bosh assambleyasi doirasida mintaqaviy dialog S5+1 formatida ko‘rishgan. Shu yil oxirigacha Bayden yo Qozog‘iston yoki O‘zbekistonga tashrif buyurishi mumkinligi aytilgandi, biroq Bayden ham mintaqaga kelmaydigan bo‘ldi.

AQShning avval O‘zbekistondagi, so‘ngra Qozog‘istondagi elchisi bo‘lgan Deniyel Rozenblyum o‘zining 28 yillik diplomatik faoliyatini yakunlashini ma’lum qildi. U Qozog‘istondagi elchi sifatida 2025 yilning 20 yanvarida missiyasini to‘liq yakunlaydi. Diplomat 2022 yilning 28 oktyabridan e’tiboran bu davlatda Vashingtonning vakili bo‘lib kelayotgandi.

Qirg‘izistonda ayol vazir ishdan ketdi

Qirg‘izistonda hukumat tarkibida bo‘lgan sanoqli ayollardan biri – Mehnat, ijtimoiy ta’minot va migratsiya vaziri Jildiz Po‘latova lavozimidan ketdi, sabab sifatida esa uning boshqa ishga o‘tayotgani ko‘rsatildi. Po‘latovaning ishdan olinishidan keyin hukumatda 2 ayol vazir qolmoqda, bular Raqamli taraqqiyot vaziri – Nuriya Kuntayeva hamda maorif vaziri Dogdurkul Kendirbayeva. Qirg‘izistonda ham rahbarlik lavozimida ishlayotgan ayollar kam. O‘tgan yili parlament deputati Dinara Ashimova davlat idoralarida gender balansini saqlash uchun komissiya tuzishni talab qilgandi.

Bundan tashqari, Qirg‘iziston haqida yana bir yangilik shuki – respublika o‘z madhiyasini yangilamoqchi. Bishkekdagilar fikricha, hozirgi madhiya sobiq ittifoqni eslatadi. Parlament spikeri Nurlanbek Shakiyev madhiyani aprelgacha yozib tugatish kerakligini ta’kidladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, madhiyani o‘zgartirish masalasini keng jamoatchilik bilan muhokama qilish kerak bo‘ladi.

«Madhiya matni uchun tanlov tashkil etish kerak. So‘ngra uni xalq orasida keng muhokama qilish zarur. Buning uchun maxsus komissiyalar tuzish talab etiladi».

Parlament matbuot xizmatiga ko‘ra, yig‘ilish ishtirokchilari madhiyani yangilash tashabbusi bo‘yicha bir xil emas, turli fikrlarga ega bo‘lgan.

«Mavjud madhiyaning qo‘shiq qaytarma qismi Qirg‘iz SSR madhiyasiga o‘xshash ekani haqida misollar keltirildi. Shuningdek, jamiyatda madhiyaning uchinchi shaxs nomidan yozilgani borasida tanqidiy fikrlar mavjud», –deyiladi parlament matbuot xizmatida.

Haftaning yana bir xabari shuki, Qirg‘iziston va Tojikiston davlat chegaralari uchastkalarining tavsifini to‘liq yakunladi. Qirg‘iziston tomoni bir necha oydan so‘ng masala butunlay hal bo‘lishini ta’kidlamoqda. Ikki davlat vakillari 4 dekabr kuni Batken shahrida ko‘rishgan. Tashiyev va Yatimov ishchi guruhlarga davlat chegarasini delimitatsiya qilish bo‘yicha yakuniy hujjatlarni rasmiylashtirish jarayonini boshlashni topshirdi. Endi buyog‘iga rasmiylashtirish, parlamentlar orqali ratifikatsiya qilish va prezidentlarning imzolashi qoldi, deydi Qirg‘iziston vakili. Eslatib o‘tamiz, Qirg‘iziston va Tojikiston umumiy chegarasi 972 kilometrdan oshiq. O‘nlab bahsli hududlar tufayli vaqti-vaqti bilan qurolli to‘qnashuvlar bo‘lib turadi. Ikki tomondan ham har gal o‘nlab qurbonlar beriladi.

Turkmaniston prezidenti DXK yig‘ilishini o‘tkazdi

4 dekabr kuni prezident Berdimuhammedov Davlat xavfsizlik kengashining navbatdagi yig‘ilishini o‘tkazdi. Unda Turkmaniston kuchishlatar va huquq-tartibot organlarining 1 yili muhokama qilingan. Davlat mediasi va asosan prezident siyosatini oqlaydigan Oltin asrning xabar qilishicha, majlisda xavfsizlik kengashi kotibi, bundan tashqari davlat mudofaa vaziri so‘zga chiqib, tizimni raqamlashtirishni gapirgan. Turkmanistonda fuqarolarni navbatdagi muddatli harbiy xizmatga chaqiruv ko‘rib chiqilgan. Serdar Berdimuhammedov esa sof mudofaa xarakteridagi Vatan harbiy doktrinasini hayotga joriy qilish bo‘yicha vazifalarni belgilab bergan. E’tiborli jihati shuki, yig‘ilishda Turkmanistonning betaraf ekaniga qayta-qayta to‘xtalishgan. Mustaqil va betaraf vatanimizda qonun va tartibni mustahkamlashga shu tuzilmalar javobgar, degan prezident.

«Tolibon» boshqaruvidan harakat a’zolarining o‘zi ham tashvishda

Afg‘onistonda «Tolibon» hokimiyatga kelganidan 3 yil o‘tib, hattoki harakat a’zolari ham boshqaruvdan tashvishda. Bu haqida afg‘on mediasi, xususan mashhur nashr «Hasht-e subh» yozdi. Unda kelishicha, «Tolibon» oradan 3 yil o‘tsa-da, baribir xalqaro tashkilotlar va turli davlatlarning terrorchilar ro‘yxatida qolmoqda. To‘g‘ri, «Tolibon» birinchi va ikkinchi marta hokimiyatni egallashida siyosat farq qiladi. Birinchi gal hokimiyatga kelgan toliblar o‘ta radikal bo‘lib, insoniyatga qarshi jinoyatlar va ommaviy qirg‘inlarni o‘tkazgan. Biroq 2021 yil avgustda hokimiyatga kelganlar davrida ham sobiq xavfsizlik kuchlarini o‘ldirish, muayyan etnik guruhlarni majburan ko‘chirish, jinsiy zo‘ravonlik, qiynoqlar, davlat va xususiy mulkni talon-toroj qilish, g‘ayriinsoniy cheklovlar, xususan, ayollarni nishonga olish kabi jinoyatlar davom etmoqda. Nashrning yozishicha, 2021 yil Kobulga kirib kelgan «Tolibon»ning tashviqotchilari guruh vahshiylikdan voz kechganini reklama qilgan bo‘lsa-da, bugunga kelib hatto harakat a’zolari ichida ham boshqaruvdan tashvishga tushayotganlar bor. Xususan, 2024 yilning oxirgi choragiga kelib, Kanada, Germaniya, Avstraliya va Gollandiya «Tolibon»ga qarshi inson huquqlari va ayollarga zo‘ravonlik bo‘yicha xalqaro ish ochtirishini ma’lum qilgan. 20 ta davlat buni ma’qulladi, keyinchalik yana 6 davlat Ispaniya, Fransiya, Lyuksemburg Chili, Kosta Rika, Meksika «Tolibon»ni tekshirishga chaqirdi. Oxirgi 3 yilda «Tolibon» qamoqxonalarida saqlanganlarga g‘ayriinsoniy qiynoqlar hamda jinsiy zo‘ravonlik qo‘llangani ham xalqaro tekshiruvlarga sabab bo‘lishi mumkin. O‘tgan hafta O‘zbekistonga kelgan toliblar delegatsiyasi esa asosan hamkorlikni muhokama qilgani aytiladi. Afg‘on mediasi «Tolo news»ga ko‘ra, Afg‘oniston muvaqqat hukumati bosh vaziri o‘rinbosari Abdusalom Hanafiy O‘zbekiston bosh vaziri Aripov bilan muloqot chog‘ida ikki qo‘shni davlat yaxshi munosabatda ekanini aytgan. «Tolibon» Toshkent bilan turli sohalarda hamkorlikni kengaytirish istagi borligini qo‘shimcha qilgan.

«Tolibon» matbuot kotibi o‘rinbosari Hamdulla Fitrat so‘zlariga ko‘ra, ikki tomon Afg‘oniston va boshqa mamlakatlarda savdo, tranzit va foydali qazilmalarni qazib olishni kengaytirishdan manfaatdorligini bildirgan. Transafg‘on loyihasini amalga oshirish alohida ko‘rib chiqilgan. 

O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro vizasiz rejim joriy etdi

O‘zbekiston va Xitoy o‘zaro vizasiz rejimni joriy etdi. 1 dekabr kuni Chendu shahrida ikki davlat tashqi ishlar vazirlari O‘zbekiston va Xitoy hukumati o‘rtasida o‘zaro vizadan ozod qilish to‘g‘risidagi bitimni imzoladi. Bu shartnoma bilan ikki davlat fuqarolari ikki hududga vizasiz tartibda kirib chiqadi. Bitimga muvofiq davlat hududlariga kirib chiqish hamda tranzit o‘tish uchun vizasiz rejim faqat 30 kun uchun amal qiladi. Tashqi ishlar vazirligiga ko‘ra, mazkur shartnoma ikki davlat ichki tartib taomillarini bajarganidan so‘ng kuchga kiradi.

 Shohrux Majidzoda tayyorladi.

Ko‘proq yangiliklar: