Odamlarni yuvintiradigan kir mashina
Texnologiyalar rivojlangan sayin odamlar uchun qulayliklar ham ortib boryapti. Masalan, tinib-tinchimas yaponiyaliklar kiyimlarni emas, balki odamlarni «yuvadigan» g‘ayrioddiy kir yuvish mashinasini namoyish etdi.
Qurilmaning tomi shaffof kabinadan iborat, markazda o‘rindiq joylashtirilgan. Unga odam o‘tirganda, kabina ichidagi bo‘shliq issiq suv bilan to‘ladi.
Mashinaga bir kishi bemalol sig‘adi. Sensorlar va sun’iy idrokka asoslangan tizim suvning haroratini mustaqil boshqaradi.
Bir kishini yuvintirib, quritish uchun taxminan 15 daqiqa ketadi. Mashina 2025 yil bahorida Osaka shahrida o‘tkaziladigan Butunjahon ko‘rgazmasida ommaga namoyish etiladi. Ko‘rgazma davomida ko‘ngillilar uni sinab ko‘rishi mumkin.
Apple josuslik bilan shug‘ullanadimi?
Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilishda yetakchilikka da’vo qiladigan Apple’ga nisbatan Kaliforniyada yangi ish qo‘zg‘atildi. Kompaniya o‘z xodimlarining iCloud qurilmalari va akkauntlari ustidan noqonuniy kuzatish olib borganlikda ayblanyapti.
Da’vo arizasida ta’kidlanishicha, Apple xodimlaridan ishda foydalaniladigan shaxsiy qurilmalariga maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatishni talab qilgan.
Ushbu dasturiy ta’minot kompaniyaga xodimlarning shaxsiy qurilmalaridagi ma’lum ilovalarga kirish imkonini beradi. Kuzatish mumkin bo‘lgan ilovalarga elektron pochta, fotolar, salomatlik haqidagi va shaxsiy ma’lumotlarni saqlaydigan ilovalar kiradi.
Ayblov hali o‘z isbotini topgani yo‘q. Agar kompaniya o‘z xodimlarining shaxsiy ma’lumotlarini noqonuniy kuzatishi tasdiqlansa, bu iste’molchilarning Apple’ga bo‘lgan ishonchini pasaytirishi mumkin.
OIVga qarshi dori
AQShda Lenakapavir nomli orttirilgan immunitet virusiga qarshi dori vositasi klinik tadqiqotlarining uchinchi bosqichi yakunlandi, u 96-99 foizlik favqulodda samaradorlikni ko‘rsatgan.
Yiliga atigi ikki marta qabul qilinishi kerak bo‘lgan bu dori OITSga qarshi kurashda burilish omili bo‘lishi mumkin.
Amerikaning Gilead Sciences kompaniyasi tomonidan ishlab chiqilgan istiqbolli preparat YeIda OIV bilan kasallangan bemorlarni davolash uchun ruxsat etilgan. Biroq dori hali sotuvda yo‘q.
Hozircha Lenakapavir qimmat turadi — bir kishi uchun yiliga 40 ming dollardan ko‘proq.
«Modadan qolayotgan» Google
The Wall Street Journal’ga ko‘ra, Google qidiruv tizimidan foydalanish kamayyapti. Bunga sabablardan biri sifatida yosh avlod axborot yig‘ish uchun boshqa platformalardan, ayniqsa, sun’iy intellektdan foydalanishga o‘tgani keltirilgan.
Masalan, OpenAI korporatsiyasi ChatGPT’ga internet-qidiruv funksiyasini qo‘shgan. Meta Platforms ham o‘zining qidiruv tizimini yaratishni rejalashtirmoqda.
Shuningdek, Amazon «reklama beruvchilardan milliardlab dollar» ishlab topmoqda, chunki foydalanuvchilar tovarlarni tanlashda Google qidiruvni chetlab o‘tib, to‘g‘ridan to‘g‘ri marketpleysga murojaat qilyapti.
Prognozlariga ko‘ra, 2025 yilda Google’ning AQSh qidiruv reklamalari bozoridagi ulushi 50 foizdan pastga tushishi mumkin.
Bukish va cho‘zish mumkin bo‘lgan displey
Janubiy Koreyaning LG kompaniyadi dunyodagi birinchi cho‘ziluvchan displeyni namoyish qildi. 2022 yilda taqdim etilgan avvalgi modelga nisbatan yangi mahsulotning «kengayish koeffitsiyenti» 50 foizga yetgan, ekran o‘lchami ham 12 dan 18 dyuymgacha kattalashgan.
LG o‘z ixtirosini «ilg‘or displey texnologiyasi» deb atayapti. Hozirgi egiluvchan ekranlardan farqli o‘laroq, yangi displey shaklini o‘zgartirishi, buklanishi, cho‘zilishi va turli shaklni olishi mumkin. Kelajakda bunday texnologiya aqlli soatlarda yoki kiyimda ham qo‘llanishi mumkin.
Displeylar o‘zining noyob cho‘ziluvchanligiga qo‘shimcha ravishda yupqa, yengil va 10 ming martagacha cho‘zilishga bardosh bera oladi.