Bashar Asad rejimi quladi. Asosiy ma’lumotlar

Jahon 13:05 / 08.12.2024 40330

Suriyada noyabr oyi oxirida Bashar Asad qo‘shinlariga qarshi yurish boshlagan qurollangan guruhlar 8 dekabrga o‘tar kechasi hech qanday qarshilikka uchramasdan poytaxt Damashqqa kirib keldi.

Mahalliy vaqt bilan ertalabki soat 6 atrofida isyonchilar Damashqqa kirgani, shahar chekkasidagi Sayyednaya qamoqxonasi nazoratga olingani va u yerdagi mahbuslar qo‘yib yuborilganini ma’lum qildi. Suriyada fuqarolik urushi boshlangan 2011 yildan buyon bu yerga Bashar Asad rejim muxoliflari qamab kelingan. Huquq faollariga ko‘ra, urushning dastlabki besh yili davomida bu yerda to‘la maxfiylik sharoitida 5 mingdan 13 minggacha kishi qatl etilgan.

Shundan keyin minglab damashqliklar ko‘chalarga chiqishdi va isyonchilarni olqishlashdi.

Faqat o‘nlab kishilar shaharni zudlik bilan tark etishga urindi, ammo Damashq xalqaro aeroporti reyslarni jo‘natish va qabul qilishni to‘xtatgan, aeroport xodimlari evakuatsiya qilingan.

Kunning birinchi yarmida isyonchilar vakillari televideniye orqali chiqish qilib, Bashar Asadning 24 yillik avtoritar boshqaruviga yakun yasalganini e’lon qildi. «Biz Suriya xalqi bilan mahbuslarimiz ozod etilgani va kishanlar parchalangani haqidagi xabarlarni xursandchilik bilan nishonlayapmiz, shuningdek, [Damashq chekkasidagi ] Sayyednai qamoqxonasida adolatsizlik davri poyoniga yetganini ma’lum qilamiz», — deya isyonchilarning bayonotidan iqtibos keltirgan Reuters.

Suriya televideniyesi efirida chiqish qilgan isyonchilar mamlakatning dini va sektasidan qat’i nazar, barcha aholisi uchun hukumat tuzishni va’da qildi

Muxolifat vakillari «Damashqni egallash bo‘yicha operativ shtab» guruhi muxolifat jangchilari va fuqarolarni «Erkin Suriya davlati» davlat institutlarini qo‘riqlashga chaqirgan.

Ular xalqqa murojaatida «mujohidlar [ya’ni jangchilar] va fuqarolarni erkin Suriya davlati mulklarini asrash»ga chaqirgan.

«Salom erkin va g‘ururli Suriya! Sektalaridan qat’i nazar barcha suriyaliklarga», — deyiladi isyonchilar bayonotida.

Suriyada fuqarolik urushi boshlangan 2011 yildan buyon bu yerga Bashar Asad rejim muxoliflari qamab kelingan. Huquq faollariga ko‘ra, urushning dastlabki besh yili davomida bu yerda to‘la maxfiylik sharoitida 5 mingdan 13 minggacha kishi qatl etilgan.

Muxolifat vakili «Damashqni egallash bo‘yicha operativ shtab» guruhi muxolifat jangchilari va fuqarolarni «Erkin Suriya davlati» davlat institutlarini qo‘riqlashga chaqirgan.

Guvohlarning so‘zlariga ko‘ra, minglab kishilar Damashqdagi asosiy maydonga to‘planib, «Ozodlik!» deya hayqira boshlagan.

Mashinada Damashq ko‘chalari bo‘ylab o‘tayotgan suriyaliklar bayram qilmoqda, 8 dekabr
Foto: Louai Beshara/AFP via Getty Images

Suriya armiyasi qo‘mondonligi ofitserlarga Bashar Asad boshqaruvi yakuniga yetganini xabar qilgan. Ofisi Buyuk Britaniyada joylashgan Suriyadagi inson huquqlarini monitoring qilish markazi (SOHR) ma’lum qilishicha, bu xabar ortidan Suriya armiyasi zobitlari xizmatdan bo‘shagan. Armiya va xavfsizlik kuchlarining yuzlab harbiy xizmatchilari ular rejim qulagani tufayli ishdan bo‘shagani ma’lum qilingach, harbiy liboslarini yechishgan.

Shu bilan birga, Suriya armiyasi Hama va Homs shaharlarida, shuningdek, Deraa shahri atrofidagi hududlarda «terrorchi guruhlar»ga qarshi kurashni davom ettirayotgani haqida ma’lum qilgan.

Bu bayonot isyonchilarning mahalliy televideniye orqali Damashq ozod etilgani va prezident Bashar Asad hukumati ag‘darilgani haqida ma’lum qilishidan keyin berilgan. Suriya armiyasi mamlakatdagi hodisalarni katta fitna deb atab, fuqarolarni ogohlikka va Suriya barqarorligi suverenitetini himoya qilishga chaqirgan.

Hokimiyat tinch yo‘l bilan topshiriladi

Ayni vaqtda Damashqda bo‘layotgan ishlar yuzasidan yagona rasmiy izoh Suriya bosh vaziri Muhammad G‘oziy al-Jaloliy tomonidan berilgan. U o‘z uyida ekani va prezident Bashar Asad Damashqdan qochib ketgani tufayli uning o‘rniga keladigan har qanday hukumat bilan hamkorlikka tayyorligini bildirdi.

Keyinroq u poytaxtni egallagan isyonchilar qo‘mondonligi bilan aloqa o‘rnatgani hamda mamlakatda zudlik bilan navbatdan tashqari saylovlar o‘tkazish lozimligini ma’lum qildi.

Isyonchi kuchlar rahbari Abu Muhammad al-Jo‘laniy esa shahardagi davlat muassasalari hokimiyat topshirilguniga qadar Suriya bosh vaziri nazoratida qolishini va’da bergan, jangchilarga bu joylarga yaqinlashmaslik buyurilgan, shuningdek, shaharda qolgan hukumat a’zolari xavfsizligi kafolatlangan.

Suriya armiyasi va xavfsizlik kuchlarining yuzlab harbiy xizmatchilari ular rejim qulagani tufayli ishdan bo‘shagani ma’lum qilingach, harbiy liboslarini yechishgan.

Shu bilan birga, Suriya armiyasining ayrim bo‘linmalari Hama va Homs shaharlarida, shuningdek, Deraa shahri atrofidagi hududlarda qarshilik ko‘rsatishda davom etayotgani haqida xabarlar bor.

Asad qayerda?

Bashar Asad isyonchilar poytaxtga kirishidan biroz oldinroq xususiy samolyotda Damashqdan noma’lum yo‘nalishda uchib ketgan. 
Reuters agentligi respublikadagi ikki manbasiga asoslanib, Suriya prezidenti Bashar Asad aviahalokat qurboniga aylangan bo‘lishi mumkinligi haqida xabar berdi. 

Syrian Air aviakompaniyasining Il-76 rusumli, ichida Bashar Asad bo‘lgani taxmin qilinayotgan samolyoti Suriya poytaxti aeroportidan havoga ko‘tarilgan. Samolyot avvaliga sharqqa, Iroq bilan chegara tomon uchgan, keyin esa birdaniga shimoli-g‘arbga burilib, mamlakatning Asadga moyil bo‘lgan alaviylar nazorati ostidagi hududlari tomon ucha boshlagan, bu hududda Rossiya harbiy bazalari ham joylashgan. Shundan keyin samolyot shu kunlarda isyonchilar qo‘liga o‘tgan Homs yaqinida radarlardan yo‘qolib qolgan.

Shu bilan birga, samolyot ekipaji transpondyorni ataylab o‘chirib qo‘ygan bo‘lishi va shu tufayli bort radarlardan yo‘qolgan bo‘lishi mumkinligini istisno etilmayapti.

FlightRadar ma’lumotiga ko‘ra, radarlardan g‘oyib bo‘lishidan oldin samolyot parvozi balandligi va tezligi asta-sekinlik bilan pasayib borgan.

Asad boshqaruvi yakuniga yetdi

Asadlar oilasi Suriyani 1971 yildan buyon boshqarib kelayotgandi. Bo‘lajak prezident Basharning otasi Hafiz Asad 1960-yillarda qator harbiy davlat to‘ntarishlarida ishtirok etgan, bu jarayon yakunida mamlakatda Arab sotsialistik uyg‘onish partiyasi (BAAS) hokimiyat tepasiga kelgan. Keyin partiya rejimi amalda Asad diktaturasiga aylangan. Hafizning o‘g‘li 2000 yilda vafot etgach, uning o‘g‘li Bashar hokimiyatni meros qilib olgan.

Oila alaviylar sektasiga mansub bo‘lgan. Alaviylikni islom dinining shia mazhabining bir tarmog‘i deb hisoblashadi, lekin u xristianlik elementlarini ham o‘z ichiga olgan. Alaviylar yashovchi sohil hududlari azaldan Asadlar oilasi tayanchi hisoblangan.

Asad, xuddi otasi kabi siyosiy muxoliflarini qattiqqo‘llik bilan ta’qib etishda hamda Suriyada demokratik institutlarni yo‘qotishda ayblangan.

Asadlarning 50 yildan ortiq hukmronlik davrida ularning asosiy muxoliflari sunniy guruhlar bo‘lgan. 1982 yilda Suriya armiyasi diniy guruhlar isyoni o‘chog‘i bo‘lgan Hama shahrini butunlay yakson etgandi. 2011 yilda Suriyada «arab bahori» ortidan demokratiya tarafdorlari namoyishi boshlanadi va u yakunda o‘n yil davom etgan qonli fuqarolik urushiga aylanadi.

Asad rejimi bu urush avvalida Suriyaning kattagina qismi ustidan nazoratni boy beradi, ammo Rossiya armiyasi yordami bilan bu hududlarning aksarini qaytarib oladi, 2015 yildan Rossiya samolyotlari Suriya shaharlarini yoppasiga bombardimon qilishga kirishgandi. Shuningdek, Asadni Eron rahbariyati ham faol qo‘llagan. 2020 yilda Suriyadagi fuqarolik urushi muzlatiladi. «Hay’at Tahrir ash-Shom» va Asadni ag‘darishda ishtirok etgan boshqa guruhlar so‘nggi yillardagi tinchlik davrida aynan o‘sha fuqarolik urushi ishtirokchilaridan shakllanadi.

2024 yilga kelib Rossiya ham, Eron ham Asadga yordamga kelolmadi. Rossiya samolyotlari Asadga qarshi koalitsiya pozitsiyalari bo‘ylab zarbalar yo‘lladi, ammo ularning yurishini to‘xtata olmadi. Eron ta’siridagi livanliklarning «Hizbulloh» guruhi o‘z kuchlarini Suriyaga yuborganini e’lon qilgandi, ammo Isroil bilan urush tufayli bu guruh ham voqealar rivojiga ta’sir qila olmaydigan darajada zaiflashgandi.

Bashar Asadning otasi, Suriyaning sobiq prezidenti Hafiz Asadning Damashqda ag‘darilgan haykali

Isyonchilar yurishi qanday davom etdi?

Asad rejimi ikki haftadan kamroq vaqt ichida quladi.

27 noyabr kuni «Hay’at Tahrir ash-Shom» guruhi boshchiligidagi koalitsiya Suriyaning Bashar Asad hukumati nazorati ostidagi hududlariga yurish boshlagandi.

Ular ikki kun o‘tib Halabga kirishdi va 2012-2015 yillarda Asad qo‘shinlarining ushbu shahardagi yetib bo‘lmas bazasiga aylangan qadimiy qal’a oldida fotosuratlarga tushishdi.

Bir necha kun o‘tib Halab ortidan yana bir yirik shahar bo‘lmish Hama mudofaasi ham quladi.

Suriya armiyasi avvaliga Hama isyonchilar qo‘liga o‘tgani haqidagi xabarlarni asossiz deb atadi. Harbiylar shaharning shimoliy chekkalaridagi mustahkam mudofaa chiziqlarini ushlab turgani aytildi. Ammo ko‘p o‘tmay armiya rahbariyati shahar qo‘ldan ketganini tan oldi.

Shundan keyin isyonchilar Homs tomon yurishni davom ettirdi — bu Damashqni O‘rta yer dengizi bo‘yida, asosan alaviylar yashovchi hududlar bilan bog‘lovchi strategik muhim shahar edi. Bu diniy ozchilik doimo Asad rejimi tayanchi bo‘lib kelgan.

Shu bilan bir vaqtda mamlakat sharqidagi kurd kuchlari mintaqadagi eng yirik shahar bo‘lmish Dayr-Az-Zorga kirganini e’lon qildi. Ushbu shahardagi hukumat qo‘shini mamlakat markaziga harakatlanish uchun shaharni tashlab chiqqan. Shuningdek, kurdlar Iroq bilan chegaradagi nazorat-o‘tish punktlarini ham egallagan.

Bundan tashqari, SOHR mamlakat janubidagi Dar’a shahrida isyonchi guruhlar hukumat qo‘shinlariga qarshi «shiddatli janglar»dan keyin qator harbiy obektlarni qo‘lga kiritgani haqida ma’lum qilldi.

Dar’a shahri ham strategik, ham ramziy ahamiyatga ega edi. U shu nomdagi viloyat markazi bo‘lib, Iordaniya bilan chegaradagi muhim o‘tish yo‘llari yaqinida joylashgan. 2011 yilda aynan shu yerda demokratik o‘zgarishlar tarafdori bo‘lgan kuchlarning namoyishlari boshlanib, bu yakunda shu vaqtga qadar bir yarim milliondan ortiq kishining yostig‘ini quritgan fuqarolik urushi boshlanishiga olib kelgandi.

«Hay’at Tahrir ash-Shom» qanday guruh?

«Hay’at Tahrir ash-Shom» — Suriyada «An-Nusr» fronti bazasida tashkil etilgan muxolifat guruhi. 2014 yilda «An-Nusra» o‘zini xalifalik deb e’lon qilgan IShID bilan aloqalarini uzgan va «Al-Qoida»ning hududdagi bo‘limi sifatida faoliyatini davom ettirgan.

2017 yilda, Suriya armiyasidan uchralgan davomli mag‘lubiyatlardan keyin nomini «Hay’at Tahrir ash-Shom»ga o‘zgartirgan va terrorchilik tashkiloti tamg‘asidan qutulish uchun «Al-Qoida» bilan ham rasman aloqasini uzgan. Ammo AQSh, Rossiya va boshqa mamlakatlar uni hamon «Al-Qoida»ga aloqador deb hisoblaydi. Uning rahbari Abu Muhammad al-Julaniy ham eng xavfli terrorchilar ro‘yxatidan chiqarilmagan.

Rossiyaning Suriya hududidagi bazalariga nima bo‘ladi?
Ilya Abishev, BBC harbiy sharhlovchisi

Rossiyaning Suriyadagi bo‘linmalari nafaqat Tartusdagi harbiy-dengiz bazasida va Hmeymimdagi aviabazada, balki ko‘plab boshqa joylarda bor — mamlakat shimoli va shimoli-sharqidagi kurdlar nazorati ostidagi hududlarda, Dayr-az-Zorda, Palmirada, Damashq janubida. Ular strategik obektlarga xizmat ko‘rsatadi va nisbatan kam sonli.

Isyonchilar Halabni egallab, Hama, Homs va Damashq tomon yura boshlagach, Rossiya qo‘mondonligi Hmeymim va Tartus yo‘nalishidagi harbiy obektlarni qo‘riqlovchi va ularga xizmat ko‘rsatuvchi kontingentni olib chiqishga kirishdi. Ammo vaziyat tezlik bilan rivojlandi va hozircha barcha rossiyalik harbiylar olib ketilgani — aniq emas.

Qolaversa, Rossiyaning Hmeymim va Tartusdagi harbiy bazalarini ham endi xavfsiz joylar deb bo‘lmaydi. Shanba kuni isyonchilar Rossiya aerodromidan 30 km masofadagi tog‘ tizmasiga yetib kelgandi, bu esa ularning artilleriyasi va dronlari o‘shandayoq aerodromga hujum qilish imkoniyatiga ega bo‘lganini anglatadi.

Bir necha kun oldin ham isyonchilar kolonnalari bo‘ylab zarbalar yo‘llagan Rossiya aviatsiyasiga nima bo‘ladi?

Sun’iy yo‘ldosh tasvirlariga qaraganda, dekabr boshida Rossiya kemalari va katerlari Tartusdagi bazani tark etgan. Ammo xuddi shu vaqtda olingan boshqa kadrlarda Rossiyaning Hmeymimdagi aviabazaga joylashtirilgan samolyotlari hali joyida turganini ko‘rish mumkin.

«Bazani evakuatsiya qilish amalda imkonsiz, — deya yozdi juma kuni rossiyalik harbiy ekspert va bloger, Fighterbomber kanali muallifi. — Eng yaxshi holatda shaxsiy tarkibning katta qismi va hujjatlarni evakuatsiya qilib, soz holatdagi samolyotlarni minib ketish mumkin».

Yakshanba kuni esa Fighterbomber aviabazadagi xodimlar texnikalarni olib ketishga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida yozdi: «Ixtiyorimizda faqat bitta aerodrom qolgan ekan, taxmin qilish mumkinki, texnikalar Rossiyaga olib ketiladi. Yoki Afrikaga ham bo‘lishi mumkin».

Bloger ayni vaqtda Rossiyaning Tartus va Hmeymimdagi bazalarida vahima yo‘qligini qayd etgan. Uning fikricha, bu Rossiya va Turkiya o‘rtasida kelishuv mavjudligini anglatadi.

Rossiya va Turkiya prezidentlari Vladimir Putin va Rajab Toyyib Erdo‘g‘an 3 dekabr kungi telefon muloqotida Suriyadagi vaziyatni muhokama qilgandi.

Hozirda yuzaga kelgan vaziyatda ko‘p narsa Turkiyaning pozitsiyasiga bog‘liq. Va katta ehtimol bilan, Anqara Rossiya qo‘shini Suriyani to‘sqinlikka uchramay tark etishidan manfaatdor.

Ko‘proq yangiliklar: